Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat qarzi taraqqiyotga xizmat qiladi

Davlat qarzi taraqqiyotga xizmat qiladi

O‘zbekistonda davlat qarzi va tashqi qarz bilan bog‘liq holatni muntazam nazorat qilish, uning xavfsiz chegarasini belgilash hamda bu boradagi xavf-xatarlarning oldini olish kabi masalalar doimiy e’tiborda. Xususan, Prezidentimiz yaqinda Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlariga tashrifi doirasida faollar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu masalaga ahamiyat qaratib, tashqi qarz xalqimizning farovonligiga xizmat qilayotganligi, uning miqdori boshqa davlatlar bilan solishtirganda ancha past ekanligini xalqimizga oddiy va sodda qilib tushuntirib berdi. Davlatimiz rahbari tashqi qarz hammaga ham berilavermasligini, buning uchun mamlakatning tashqi dunyodagi nufuzi va unga nisbatan ishonch bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Bir qarashda oddiygina ifodalangan bu so‘zlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, davlat qarzi va davlat tashqi qarziga oid tushuncha hamda fikrlarimizni ancha teranlashtirishimizni talab etadi.

Darhaqiqat, har qanday mamlakatda iqtisodiy holatga qarab qarz olishga bo‘lgan ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy. Unga ­talab nafaqat iqtisodiy inqiroz yoki tur­g‘unlik holati, balki ayrim strategik ahamiyatga ega loyihalar yoki dasturlarni amalga oshirish uchun ham bo‘ladi. Masalan, mamlakat infrastrukturasini ravnaq toptirish, kambag‘allikni qisqartirish, kichik va o‘rta biznesni rivoj­lantirish, mudofaa qobiliyatini ku­chaytirish va hokazo. Davlat budjeti bunday yukni ko‘tara olsa yaxshi, aks holda ko‘zda tutilgan muhim vazifalardan voz kechish kerak bo‘ladi yoki Davlat budjetining yuzaga kelgan taqchilligini qarz hisobiga yopish zarurati tug‘iladi. Taqchillikni yopishning ham ikkita manbasi bor: birinchisi — soliqlarni oshirish, ikkinchisi — qarz jalb qilish.

Dunyoda birorta mamlakat yo‘qki, davlat qarzi muammosiga duch kelmagan bo‘lsa. Ichki va tashqi manbalar hisobiga jalb qilingan qarz mablag‘lari, agar u samarali boshqarilmasa, har qanday mamlakatning moliyaviy barqarorligi va investitsiyaviy muhiti uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi ta­yin. Bu haqda ko‘p yozilgan bo‘lsa ham aytish joizki, 2008-2009-yillarda dunyo iqtisodiyotida yuzaga kelgan iqtisodiy bo‘hronning asosiy sabablaridan biri sifatida qarz bilan bog‘liq tahlika hamda tahdidlarni hisobga olmaslik va davlat qarzini boshqarishda ushbu tahdidlarni tez ilg‘ab, unga qarshi choralar ko‘ra oladigan tizimning yo‘qligi tan olingan.

Chetdan olingan qarz bir qancha xatarlarni keltirib chiqaradi. Chet el valyutasida katta miqdorda olingan qarz valyuta kursining keskin o‘zgarishiga hamda moliyaviy bosim ortishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bu muammo, ayniqsa, rivojla­nayotgan va iqtisodiyoti o‘tish davrida bo‘lgan mamlakatlarni xavotirga soladi. Lekin, shunga qaramasdan, dunyo iqtisodiyotida qarzga bo‘lgan talab borgan sari oshib bormoqda. Va ­bunday holat bir qancha savollarni keltirib chiqarishi tabiiy.

Quyida ularni muhokama qilish ­orqali davlat qarzi borasida O‘zbekistondagi holat bo‘yicha ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan savollar, shubha va xavotirlarga javob topishga ­harakat qilamiz.

Boy davlatlar nega ko‘p qarz oladi?

Yevropa Ittifoqi davlatlarining 1992 yildagi Maastrixt kelishuviga ko‘ra davlat qarzining yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbati 60 foizdan oshmasligi mezon sifatida qabul qilingan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchli davlatlarga nisbatan, jumladan, O‘zbekiston uchun ham nominal qiymatda davlat tashqi qarzini ­YaIMga nisbatan 55 foiz, davlat yalpi qarzini esa YaIMga nisbatan 75 foizdan oshirmaslikni tavsiya qilgan. Lekin Yevropa ­Ittifoqining ko‘pgina davlatlari, AQSh, Yaponiya kabi mamlakatlar ushbu chegaradan allaqachon o‘tib bo‘lgan. Masalan, ­Yaponiyaning davlat qarzi YaIMga nisbatan 250 foizdan ortib ketgan.

Shu kunlarda AQShning davlat qarzi ­rekord darajaga yetganligi va tarixda ­birinchi marta 30 trillion dollardan ­oshganligi haqida AQSh G‘aznachiligi ­ma’lumotlari tarqaldi.

Ekspertlar fikricha, qarz miqdorining o‘sib borishi federal hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, ishsizlik nafaqalari, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar bilan bog‘liq. Iqtisodchilar esa pandemiyaga qaramay, AQSh iqtisodiyoti rivojlanib borayotganligi holatida tashvishlanishga o‘rin yo‘qligini aytmoqda.

Agar AQSh aholisi Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda ikki barobar ko‘paygan bo‘lsa, mamlakatning tashqi qarzi 120 martaga ortganligini ko‘rishimiz mumkin. Boshqacha aytganda, AQShning qarzi sekundiga 14-15 ming dollarga oshib boryapti.

Yuqoridagilardan ikkita savol tug‘iladi: nega AQShdek boy davlatlar chetdan qarz olishga muhtoj? Millatning qarzi kelgusi avlod uchun og‘ir meros bo‘lmaydimi?

AQSh iqtisodiyotining o‘ziga xos jihati shundaki, mamlakatning iqtisodiy o‘sish sur’atlari ichki iste’molga bog‘liq va davlat doimiy talabni rag‘batlantirish choralarini ko‘rib boradi. Umuman olganda, har bir amerikalik uy-joy, mashina, ta’lim olish, maishiy texnika buyumlari va boshqa ehtiyojlari uchun kredit oladi va kreditga yashash ularning hayot tarziga aylangan. Bundan xulosa shuki, AQShda talabni ­(iste’molni) rag‘batlantirmasdan iqtisodiy yuksalishni ta’minlash qiyin. Buning uchun mablag‘ni AQSh Moliya vazirligi ­tashqi va ichki qarzlarni g‘aznachilik veksellari, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni sotish orqali jalb qiladi.

AQShning davlat qarzi mamlakat YaIMning 139 foizini tashkil etishiga qaramasdan, qarz bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan defolt holatini bemalol hazm qilib yubora oladigan jahonning yirik iqtisodiy va moliya markazi hisoblanadi. Dollar dunyoning zaxira valyutasi hisoblanganligi tufayli xalqaro kreditorlar ham AQSh iqtisodiyotining “shilqillab” qolishidan xavotirlanishi tabiiy. Shuning uchun ham iqtisodchi-tahlilchilar AQShda qarz bo‘hroni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni jiddiy kuzatib boradi va prognoz qilishadi.

Ayni paytda Rossiyaning davlat qarzi YaIMga nisbatan 19 foizni, davlat tashqi qarzi esa 5,7 foizni tashkil qilmoqda. Rossiya Federatsiyasining umumiy tashqi qarzi 2014 yilgacha tez sur’atlarda o‘sib borib, 700 mlrd. AQSh dollariga yetgan edi va xuddi shunday sur’atlarda so‘ndirila boshlandi hamda ayni paytda 478 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilmoqda. Ekspertlar fikricha, ushbu jarayon iqtisodiy o‘sishga erishishdagi muammolar va rubl kursining pasayishi bilan birga kechdi. Bir qator iqtisodchi-ekspertlar tashqi qarz bilan bog‘liq ushbu jarayondagi bunday keskin burilishni Rossiya milliy kompaniyalarining mamlakatga qo‘yilgan iqtisodiy sanksiyalar tufayli o‘arbning arzon kredit manbalaridan mahrum etilganligi bilan bog‘lashadi. Agar bunday keskin cheklovlar o‘rnatilmaganda edi Rossiya banklari va firmalarining korporativ qarzlari oshishda davom etgan bo‘lardi. Bu esa katta ehtimol bilan iqtisodiy o‘sish sur’atlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lar edi, deb taxmin qilishimiz mumkin.

Qozog‘istonning davlat qarzi YaIMga ­nisbatan 26,3 foizni, tashqi qarzi esa 9,1 foizni tashkil etayotganligi mamlakat iqtisodiyotining bu borada barqaror holatda ekanligini anglatadi. Lekin keyingi besh yilda davlat qarzi ikki barobar ortganligini hisobga olib va bu jarayon tez sur’atlarda davom etishi mumkinligiga oid taxminlar ham yo‘q emas.

Rossiyadagi singari Qozog‘istonda ham xavotirlar ko‘proq umumiy tashqi qarz ­bilan bog‘liq. Uning hajmi ayni paytda 167 mlrd. AQSh dollari miqdorida yoki mamlakat YaIM hajmiga deyarli tenglashib qolgan. Bu ­qarzlarning katta qismi korporativ va xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi va davlat bu qarzlar uchun majburiyat olmagan. Biroq bu qarzlar tarkibida mamlakatning shartli majburiyatlari ham bo‘lishi mumkin.

Umuman aytganda, Rossiya va Qozog‘istonning davlat qarzi va davlat tashqi qarzi bilan bog‘liq hozirgi holatini YaIMga nisbatan baholaganda yetarli darajada bar­qaror deyishga asos bor. Lekin masalaga boshqa tomondan qaraganda ayrim tahlikali holatlar ham yuzaga chiqishi mumkin. Masala Rossiya va Qozog‘istondagi umumiy ­tashqi qarzning 90 foizdan ortig‘i iqtisodiyotning korporativ va xususiy sektorlariga to‘g‘ri kelishida. Agar makroiqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan dunyo iqtisodiyotidagi holat yomonlashsa, bu albatta, Rossiya va Qozog‘iston iqtisodiyotini ham chetlab o‘tmasligi aniq. Bunday holatda korporativ sektor va banklar uchun olingan qarzlarga xizmat ko‘rsatishni qiyinlashtiradi. Bunday holat milliy iqtisodiyotning barqarorligi nuqtai nazaridan xavf-xatarlar keltirib chiqarishi mumkin.

O‘zbekistonda holat qanday?

Yuqorida keltirilgan tahlillardan ko‘rinib turibdiki, davlat qarzi, ayniqsa, ­tashqi qarz xavf-xatarlar bilan bog‘liq bo‘lishiga qaramasdan rivojlangan va rivojla­nayotgan mamlakatlar ushbu mablag‘lardan iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim manba sifatida foydalanib kelmoqda. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Mamlakatimizda keyingi besh yil ichida davlat qarzi, shu jumladan, tashqi qarz sezilarli darajada oshganligini ko‘ramiz. 2021-yilning 9 oy yakunlariga ko‘ra, davlat qarzining qoldig‘i 25 mlrd. AQSh dollari miqdorini, yoki YaIMga nisbatan 38,4 foizni tashkil qilmoqda. Uning 90 foizga yaqini tashqi qarzlardir.

Ayni chog‘da ijtimoiy tarmoqlarda “Qarz oshib ketyapti, bunga ehtiyoj bormidi, hukumat bizni va kelajak avlodlarimizni ­qarzga botirmoqchimi?” kabi savollar oqimi to‘xtamayapti. Bu savollarga iqtisodchilarimiz, ekspertlar va siyosatchilar ham javob berishga harakat qilishdi, lekin ayrim “tanqidchilar” qoniqish hosil qilmasdan, odamlar orasida islohotlarga bo‘lgan ishonchsizlik kayfiyatini ­uyg‘otishga urinishmoqda.

Ushbu masalaga xolisona oydinlik kiritish maqsadida quyidagi savollarga javob qidiramiz.

Demak, bizga (O‘zbekistonga) chetdan qarz nimaga kerak? O‘zbekiston 2017 — 2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida mamlakatda o‘sha paytda yuzaga kelgan bir qancha ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yechishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Ushbu maqsadga eltuvchi vazifalar qo‘shimcha mablag‘ talab etardi. Ichki mablag‘larni davlat boshlab bergan islohotlarni amalga oshirishga jalb qilish imkoniyatlari keskin cheklangan (deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi) sharoitda birdan-bir umid chetdan qarz ko‘tarish edi. Bizda ham Yaponiya singari qarzga ichki manbalarni jalb qilish imkoniyati bo‘lganda edi, eng avvalo, undan foydalanilardi. Lekin afsuski, yaponlardek tejamkor emasmiz — katta-katta to‘ylar qilishni, qavat-qavat uylar qurishni, qo‘sha-qo‘sha mashinalar minishni xush ko‘ramiz. Qisqacha aytganda, orzu-havaslarimizning cheki-chegarasi yo‘q. Aksiga olib, bozor munosabatlariga o‘ta boshlaganimizning dastlabki chorak asri davomida qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishni ham paysalga solib kelganmiz. Bunday sharoitda chetga ochilib, xalqaro moliya tashkilotlari va hamkorlarimiz ishonchini qozonib, chetdan jalb etilgan mablag‘larni iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va dolzarb ijtimoiy muammolarni yechishga yo‘naltirish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lganligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Shu o‘rinda aytish joizki, chetdan qarz o‘z-o‘zicha oqib kelgani yo‘q. Buning uchun O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini tiklash, qarz beruvchilar ishonchini qozonishning o‘zi bo‘lmagan. Agar bunday imkoniyat avvallari ham bo‘lganda chetdan qarz, albatta, olingan bo‘lar edi. O‘shanda 7-8 foizlik iqtisodiy o‘sish sur’atlarimiz faqat qog‘ozlarda emas, balki amalda ham kuzatilgan bo‘lardi. Bu endi alohida mavzu.

Mavridi keldi, “Davlat qarzlarni to‘g‘ri kelgan “tuynuklarga” yo‘naltiryapti”, degan ayblovlarga javob izlaylik. Demak, Moliya vazirligining 2021-yil 1-oktyabr holatiga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning 9 oyida O‘zbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida umumiy qiymati 2 740,9 mln. dollar miqdoridagi 19 ta tashqi qarz bitimi imzolangan. Shundan, 1,2 mlrd. dollar budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 1 349,3 mln. dollar sog‘liqni saqlash, aholini toza ichimlik suvi hamda kanalizatsiya bilan ta’minlash, chorvachilik, kimyo sanoatini rivojlantirish va boshqa muhim ijtimoiy hamda strategik ahamiyat kasb etuvchi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari —191,6 mln. dollarni tashkil qilgan.

Shunday qilib, 2021-yilning III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 24,5 foizi yoki 5,6 mlrd. dollar Davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 13,6 foizi yoki 3,1 mlrd. dollar elektr energetikasi sohasiga, 12,3 foizi yoki 2,8 mlrd. dollar energetika yo‘nalishiga, 11,3 foizi yoki 2,6 mlrd. dollar transport va transport infratuzilmasiga, 8,9 foizi yoki 2,0 mlrd. dollar uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimiga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelganligini ko‘rishimiz mumkin.

Maqolamizning boshida bejiz AQSh, Rossiya va Qozog‘iston misolida tashqi qarzning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini qisqacha bo‘lsa-da, baholi qudrat tahlil qilmadik. Xulosa shuki, AQShdek boy davlat, asosan, joriy xarajatlarni ko‘zlab qarz ko‘tarayotgan, Rossiya esa o‘zining cheksiz resurslarini yuzaga chiqarish maqsadida joriy ­xarajatlar, texnologiya va investitsiyalarga chetdan qarz mablag‘larini jalb qilishda cheklovlarga uchrayotgan bir paytda O‘zbekiston ham bugungi kunning talabi uchun, ham kelajak loyihalarini amalga oshirish maqsadida qarz mablag‘laridan foydalanyapti, desak, o‘rinli bo‘ladi.

Aholini toza ichimlik suvi, barqaror elektr energiyasi va arzon uy-joy bilan ta’minlash borasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan loyihalar xalqimizning asosiy ehtiyojlarini qondirish va birlamchi yashash sharoitini yaratish bilan birgalikda iqtisodiy o‘sish sur’atlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu borada 2021-yil yakunlari bo‘yicha erishilgan natija islohotlar samarasini, shu jumladan, davlat qarzini boshqarish borasida to‘g‘ri yo‘l tanlanganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda pandemiyaga qaramasdan YaIMning o‘sish sur’ati 7,4 foizni tashkil qilgan. Sanoatda o‘sish — 8,7, xizmatlar sohasida —19,2, qishloq xo‘jaligida — 4, qurilishda 6,8 foizga yetgan. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 5,2 foiz oshgan, inflyasiya darajasi esa 10 foizdan past bo‘lgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ­ishlab chiqilgan, keng xalq muhokamasidan o‘tgan va qabul qilingan Taraqqiyot strategiyasida qo‘yilgan maqsad va vazifalar qamrovi jihatidan Harakatlar strategiyasidan ancha keng va amalga oshirishning aniq mexanizmlariga ega. Strategiya doirasida birgina sanoatni rivojlantirish va u bilan bog‘liq ishlab chiqarish infrastrukturasini ravnaq toptirish borasida katta-katta loyihalar ustida ish olib boriladi. Masalan, birgina, strategiyada belgilangan 22 maqsadda sanoatning yetakchi tarmoqlarini kengaytirish, energiya resurslari va tabiiy gazga bo‘lgan talabni qondirish, mis sanoati klasterini tashkil etish, kimyo va gaz kimyosi sohalarini rivojlantirish kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi ishlab chiqarishini yagona sanoat klasteri usulida yo‘lga qo‘yish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va to‘qimachilik sanoati mahsulotlari hajmini 2 baravar ko‘paytirish, charm-poyabzal sohasi va farmatsevtika sanoatidagi o‘sishni 3 baravar ko‘tarish, elektrotexnika sanoatida yuqori qiymatli anjomlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravar va eksportini 3 baravar oshirish ko‘zda tutilgan. Bulardan tashqari, mamlakatimizda mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,8 baravar ko‘paytirish, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturi kabi yaratuvchilik ishlarini bajarish ­belgilangan.

Umuman olganda, iqtisodiy o‘sishni yaqin besh yil ichida 1,6 marta, sanoat ishlab chiqarishni esa 1,4 marta oshirish, jon boshiga yalpi ichki mahsulotni (aholining real daromadlarini) qariyb 1,5 marta ko‘paytirish vazifalari maqsad qilingan. Bunday yuksak marralarga erishish uchun davlat tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq infrastrukturani shakllantirish talab etiladi. Buning uchun, albatta, ichki va tashqi qarz mablag‘laridan ham foydalaniladi.

Agar tashqi va ichki qarz belgilangan mezon ko‘rsatkichlaridan ortib ketmagan holda mamlakatning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasa hamda rivojlantirish davlat dasturlari doirasida eng dolzarb va natijador loyihalarga yo‘naltirilsa, bunday xarajatlar iqtisodiy xavfsizlik nuqtai nazaridan muammo keltirib chiqarmaydi. Buning uchun davlat qarzini samarali boshqarishning huquqiy asoslari va mexanizmlari takomilga yetkazilgan bo‘lishi kerak.

Xavfsiz chegara qayerda?

Mamlakatimizda davlat qarzini xavfsiz chegarada ushlab turish uchun uning cheklangan miqdorlarini qonun bilan belgilash amaliyoti joriy etildi. “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunda 2020 yilda davlat tashqi qarzi shartnomalariga limit 5,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida qat’iy belgilab qo‘yildi. Buning mantiqiy davomi sifatida “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunda davlat qarzining xavfsiz darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz hamda davlat qarziga yillik ­limitlarning sof hajmi 5,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida qayd etildi. Shundan davlat qimmatli qog‘ozlari — 5 trln. so‘mga yetdi. 2022-yil uchun qonun ko‘rinishida qabul qilingan Davlat budjeti parametrlarida esa davlat qarziga yillik limitlar 4,5 mlrd. AQSh dollari, sof davlat ­qimmatli qog‘ozlari miqdori esa 6 trln. so‘m darajasida belgilandi.

Mazkur choralar tufayli davlat tashqi qarzi joriy yilda 2019-yildagiga nisbatan qariyb 2 baravar kamroq jalb etilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mamlakat uchun, xalqimiz uchun zarur investitsiyalar endi xususiy sektordan davlat-xususiy sheriklik tamoyillari, ichki moliya bozorini rivojlantirish hamda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish orqali yo‘naltirishga o‘tilmoqda.

Bundan tashqari, 2021-yildan boshlab qarz mablag‘lari uchun ichki davlat kafolati berilishi to‘xtatildi va ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarning (ijtimoiy soha ob’yektlari va infratuzilma loyihalari bundan mustasno) investitsiya loyihalari davlat kafolatisiz bozor shartlarida moliyalashtirishga o‘tkazilmoqda. Bu esa korporativ va xu­susiy sektorning qarz mablag‘lariga mas’uliyatini yanada oshiradi.

Davlat qarzini diversifikatsiyalash hamda ichki qarz bozorini jonlantirish maqsadida 2018 — 2021-yillar davomida davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirishning yillik hajmi qariyb 19 barobar (600 mlrd. so‘mdan 5 trln. so‘mgacha) ko‘tarildi va muddati 10 yilgacha bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarila boshlandi. Shu bilan birga, 2021 yildan kapital bozori ishtirokchilarida ko‘nikma hosil qilish maqsadida davlat qimmatli qog‘ozlari auksionlarini jadval asosida oldindan e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2021-2022-yillarda kapital bozorini rivojlantirish ­dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l ­xaritasi”da davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini ravnaq toptirish choralari belgilandi va ijrosi yuritilmoqda. Shuningdek, davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi loyihasi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari hamkorligida ishlab chiqildi.

Qonun bilan muvofiqlashtiriladi

O‘zbekistonga ichki va tashqi manbalardan qarz mablag‘larini jalb qilish va davlat kafolatini berish borasidagi holat ushbu jarayonni qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solish ehtiyojini yuzaga chiqarmoqda. Chunki tez sur’atlarda o‘sib borayotgan davlat qarzi samarali boshqaruvni talab etadi. Vaholanki, davlat qarzi bo‘yicha zarur mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lash hamda kelgusida davlat qarzi va shartli majburiyatlar hajmining makroiqtisodiy barqarorlikka nisbatan tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish borgan sari dolzarb vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda hukumat tashabbusi bilan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi va deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi. Ayni paytda ushbu loyiha Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan ishchi guruh bilan birgalikda ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi — qonun darajasida davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligini ta’minlash, davlat qarzining cheklangan hajmlari hamda davlat hokimiyati va ­boshqaruvi organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarini belgilash imkonini beradi. Shuningdek, davlat ­qarzini boshqarishda parlament va ­jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali va yaxlit tizimning qonuniy asoslari yaratiladi.

Qonunda davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari va davlat qarzini ­boshqarish maqsadlarining aniqlanishi, uni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlarining qonuniy belgilanishi hamda davlat qarzini boshqarish bo‘yicha vakolatli organning qonun darajasida “mixlab” qo‘yilishi bu boradagi boshqaruv holatlari fragmentatsiyalashuvining oldini oladi. Shuningdek, davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni boshqarishga, majburiyatlar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlashga, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan qonuniy mexanizmlarning amal qilishiga erishiladi.

Qonunda, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari turlari sifatida davlat g‘aznachilik obligatsiyalari va O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro obligatsiyalar chiqarish va so‘ndirish, davlat kafolatini berishning qonuniy asoslarini takomillashtiruvchi normalar aks ettirilgan.

Boshqarish strategiya asosida amalga oshiriladi va parlament nazorati kuchaytiriladi

Qonunga ko‘ra, davlat qarzini samarali boshqarish uchun davlat qarzi bo‘yicha strategiya ishlab chiqiladi. Unda qarzning joriy holati, davlat qarzi portfelining xarajat va xatar ko‘rsatkichlari hamda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish holati aks ettiriladi.

Strategiyada, shuningdek, qarz barqarorligi ko‘rsatkichlari, uning cheklangan hajmlari va davlat tomonidan beriladigan kafolatlar bo‘yicha yillik limitlar belgilanadi.

Davlat qarzini strategik boshqarish orqali davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj va uni o‘z vaqtida eng maqbul xarajat va xatar darajasi evaziga ta’minlash rejasi amalga oshiriladi va nazorat qilinadi. Bu esa, o‘z navbatida, bu bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish imkonini beradi.

Davlat qarzini boshqarish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga fiskal strategiya bilan birgalikda tasdiqlanishi hamda ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga davlat qarzining cheklangan hajmlari va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida xu­susiy sherikka beriladigan kafolatlar bo‘yicha yillik limitlarni belgilash hamda davlat qarzini boshqarish strategiyasining ijrosi bo‘yicha hisobotlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini berish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qonunda davlat qarzining holati va o‘zgarishi, davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘ning maqsadli ishlatilishi va samaradorligi, jumladan, bu borada amalga oshiriladigan loyihalarning va ­boshqa investitsiya loyihalarining ijrosi jarayoni va natijadorligi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish hamda muhokama qilish par­lament vakolatlariga kiritilmoqda.

Xavf-xatarlarning oldini olishda qo‘shimcha choralar

Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2020 va 2021-yillardagi O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlangan Qarz barqarorligi hisobotida (IV modda) O‘zbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat ko‘r­satish (institutsional) salohiyati “kuchli” deya qayd etilgan. Shunga qaramasdan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ayrim holatlarni hisobga olgan holda hamda prudensial yondashuvdan kelib chiqib, qonunda davlat qarzining maksimal hajmini nominal qiymatda YaIMga nisbatan 60 foiz etib belgilash ko‘zda tutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati “o‘rtacha” bo‘lgan davlatlar uchun Xalqaro ­valyuta jamg‘armasi tomonidan belgilangan mezonga mos keladi.

Davlat qarzi summasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizga yetganda O‘zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bu me’yordan o‘tib ketmaslikni ta’minlovchi choralarni o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi. Bunday mezonni belgilashdan maqsad iqtisodiy inqiroz (shok)lar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda davlat qarzi hajmining yalpi ichki mahsulotga nisbati keskin oshib ketishi ehtimolini hisobga oladi. Shu sababdan ham qonunda hukumat davlat qarzi hajmining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligiga qaratilgan choralar ko‘rishi lozim.

Xulosa o‘rnida aytganda, bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining bir-biriga bog‘liqligi ortib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotining ochiqligini ta’minlash, xohlaymizmi, yo‘qmi, baribir davlat qarzi masalasini keltirib chiqaradi. Chunki milliy iqtisodiyotimizni tez sur’atlarda o‘stirish evaziga aholi jon boshiga YaIMni 2026-yil yakuni bilan 2,8 ming AQSh dollariga, 2030-yilga borib esa 4 ming AQSh dollari miqdoriga yetkazish juda katta, mas’uliyatli va og‘ir vazifa hisoblanadi. Buning uchun iqtisodiyotimiz ichki va tashqi qarz manbalariga muhtoj. Chunki ijtimoiy rivojlantirish, infrastrukturani zamon talablari darajasida shakllantirish hamda atrof-muhitni saqlash, ekologik vaziyat bilan bog‘liq muammolarni hal etish zamonaviy loyihalarni amalga oshirishni, texnologiyalar, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishni talab etadi.

Mana shunday sharoitda O‘zbekiston uchun tashqi qarz manbalari bilan birgalikda ichki manbalarni ko‘proq yo‘naltirishning zamonaviy mexanizmlarini ko‘zda tutuvchi ichki qarz bozorini rivojlantirish, bizga qarz beruvchi mamlakatlar bo‘yicha qarz tarkibini milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda diversifikatsiyalashtirish, davlat qarzini boshqarish bo‘yicha ishlab chiqiladigan strategiyaning asosiy masalalari sifatida qaralishi lozim. Chunki davlat qarzi, ayniqsa, tashqi qarz xavf-xatarlar bilan bog‘liqligi bu, bor haqiqat.

Shuning uchun ham iqtisodiy xavfsizligimiz nuqtai nazaridan Prezidentimiz tomonidan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar va ularga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar qarz mablag‘larini, eng avvalo, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ijtimoiy, infrastruktura va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga undaydi. Bu esa O‘zbekistonda davlat qarzi muammolar emas, taraqqiyot eshigini keng ochishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Sharofiddin NAZAROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring