Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘arbga sayohat – «Orol turizmi» doirasida Orolbo‘yi muammolariga bir nazar

G‘arbga sayohat – «Orol turizmi» doirasida Orolbo‘yi muammolariga bir nazar

Shu kunlarda Nukus shahri va Mo‘ynoq tumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan «Orol turizmi» haftaligi o‘tkazilmoqda. Mana shu haftalik avvalida «Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Gapning ochig‘i, o‘zimga qolganda suvni isrof qiladigan har qanday odamni mana shu konferensiyada boshidan oxirigacha o‘tirishga majbur qilgan bo‘lardim. Kuniga ikki mahal tish tozalayotib, suvni sharillatib oqizib qo‘yadigan, bitta erkatoy mashinasini yuvish uchun yuzlab litr suvni isrof qiladigan va har uch kunda basseyniga tonnalab suv quyadigan har bir odam borki mana shu konferensiyada boshidan oxirigacha o‘tirishi kerak edi. Orol fojeasi haqida gapirila boshlanganiga 40 yildan oshdi, ammo eshitadigan odam juda kam.

Mana shunday isrofchilar uchun birozgina faktlar keltirsak:

- Orol dengizining yo‘qolishi o‘tgan asrning 80-yillarida boshlangan bo‘lsa, shundan buyon mintaqadagi isish tezligi ikki baravarga oshib ketdi. Ya’ni, butun dunyoda boshlangan global isish jarayoni Orolbo‘yida ikki baravar tezroq kechmoqda. Qo‘rqinchlimi?

- Quruq issiq davr intensivligining ortishi o‘z navbatida tekislik va tog‘ oldi hududlarida bug‘lanishning kuchayishiga olib keldi. Ya’ni, tog‘lardagi buloqlar bejiz qurimayapti, degani bu...
Yog‘ingarchilikli kunlar soni pasayishi bilan birga yog‘ingarchilikning yuqori o‘zgaruvchanligi ro‘y bermoqda. Agar qishda qor yog‘masdan, yoz o‘rtasida birdan jala quyib yuborayotgan bo‘lsa, u ham global iqlim o‘zgarishi natijasidir, do‘stim...

- Ekstremal hodisalarning ko‘payishi natijasida qurg‘oqchilik va suv sathining pasayishi ro‘y bermoqda.Artezian quduqlarni tobora chuqurroq kavlayotganimizning sababi ham shunda...


- Global isish natijasida O‘rta Osiyo hududi bo‘ylab atmosfera namligini o‘tkazish strukturasi ham o‘zgaryapti. Natijada Pomir va Tyan-Shandagi tog‘ muzliklari hajmining qisqarishi ro‘y beryapti (yiliga 0,2% - 1%). Tog‘li daryolar havzalarida qor zaxiralarining qisqarish tendensiyasi kuzatilmoqda, bu esa qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash sharoitining yomonlashishiga olib keladi.


Ilmiy tadqiqot xulosalari shuni ko‘rsatadiki, 2050 yilga borib Amudaryo havzasida daryo oqimi hajmi 10-15 foizga, Sirdaryoda esa 2-5 foizga kamayadi. Mintaqada qurg‘oqchilik yillari ko‘payadi, yog‘ingarchilik kamayishi fonida suvga bo‘lgan talab keskin oshadi. Natijada sug‘orish me’yorlarini 2030 yilgacha 5 foizga, 2050 yilgacha 7-10 foizga va 2080 yilgacha 12-16 foizga oshirish talab etiladi.

Suvga bo‘lgan ehtiyojni qondirmaslik hosilning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin, bu esa aholining o‘sishini hisobga olgan holda oziq-ovqat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi va barqaror rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.

Unutmang, suvni tejash deganda shunchaki jo‘mrakni yopib yurish tushunilmaydi, balki ekologiyani asrash uchun total kirishish lozim bo‘ladi. Masalan, qo‘lingizda yeb turganingiz bittagina olmani yetishtirish uchun 70 litr suv sarf bo‘lgan. Tasavvur qilyapsizmi? Uni bir tishlab, otvoradigan bo‘lsangiz kamida shuncha suvni isrof qilgan bo‘lasiz.

Atrofga bir qarang, bu yashillik g‘animat bo‘lishi mumkin! Ekologlar aytmoqchi, bizning zaxiramizda boshqa sayyora yo‘q, mana shu Yerni asrashga hammamiz mas’ulmiz.

Zafar Qosimov
Nukus – Mo‘ynoq

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring