O‘zbekiston sellyuloza va paxta mahsulotlari eksportiga vaqtincha cheklov joriy qildi
O‘zbekiston hukumati sellyuloza va boshqa paxta mahsulotlari eksportiga vaqtincha taqiq joriy qildi. Bu qaror mahalliy kompaniyalar Rossiyaga mahsulot yetkazib berishi orqali xalqaro sanksiyalar xavfi ostida qolishi mumkinligi bilan izohlanmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Toshkent viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
«Spot» nashrining Xo‘jayevdan iqtibos keltirishicha, hozirda eksport shartnomalari tekshirilmoqda. Tekshiruv yakunlangach, hukumat ruxsatnoma berish tartibini tasdiqlaydi va ishlab chiqaruvchilar yana xorijga mahsulot yetkazib berish imkoniga ega bo‘ladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga tegishli qonun loyihalarini tezlashtirish va tez orada Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilgan.
Masala maishiy va sanitariya-gigiyena maqsadidagi qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Bumfa Group Asia korxonasi rahbari Shakirjon Dodojonovning murojaatidan so‘ng ko‘tarilgan. Uning ta’kidlashicha, 7 yanvardan boshlab Bojxona qo‘mitasi izohsiz ravishda eksport amaliyotlarini to‘xtatgan. Natijada korxonaning 100 nafar xodimi majburiy ta’tilga chiqarilgan, kompaniya zarari esa 2 milliard so‘mdan (taxminan 164,5 ming dollar) oshgan.
Rasmiylar esa sellyuloza va unga o‘xshash paxta mahsulotlari xalqaro tashkilotlar nazoratida ekanini ta’kidladi. Agar bu mahsulotlarga sanksiya joriy etilsa, eksportdan tushgan mablag‘lar muzlatib qo‘yilishi mumkin. Bu esa ishlab chiqaruvchilarni og‘ir moliyaviy ahvolga solib qo‘yadi.
Markaziy bank vakillari ham eksport shartnomalari regulyator tomonidan tekshirilayotganini bildirdi. Chunki O‘zbekistondan Rossiyaga yuborilayotgan sellyuloza harbiy-sanoat majmuasi ehtiyojlari uchun ishlatilishi ehtimoli bor. Shu sababli shartnomalarda AQShning SDN sanksiya ro‘yxatidagi kompaniyalar yoki sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinayotgan vositachilar bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda. Biroq bunday holatlarda banklarga to‘lovlarni butunlay to‘xtatish emas, balki ogohlantirish yuborilayotgani aytildi.
Gigroskopik paxta ishlab chiqaruvchi boshqa bir korxona vakili ham eksporti to‘xtatilganidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, kompaniya mahsulotni faqat Rossiyaga emas, balki Yevropa davlatlariga ham yetkazib beradi.
Jamshid Xo‘jayev har qanday paxta mahsuloti sanksiya xavfi ostida qolishi mumkinligini ta’kidlab, bitimlar sinchkovlik bilan o‘rganilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu cheklov uzoq davom etmaydi.
«Bir marta ruxsat olganingizdan so‘ng, keyinchalik eksportni bemalol amalga oshirishingiz mumkin», – dedi u tadbirkorlarga.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter