Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

O‘zbekistonda xorijiy tillarni biladigan jurnalistlar yo‘qmi?

O‘zbekistonda xorijiy tillarni biladigan jurnalistlar yo‘qmi?

Foto: «Foglers.com»

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnoma taqdim etdi. Davlat rahbari mamlakatdagi mavjud muammolarni sanab o‘tar ekan, ular qatorida jurnalistika sohasida malakali kadrlarni tayyorlash borasidagi kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Prezident o‘z nutqida mamlakatda biror xorijiy tilni chuqur biladigan jurnalist yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi. Aslida ham shundaymi?

Men Prezident so‘zlariga e’tiroz bildirmoqchi emasman. To‘g‘ri, O‘zbekistonda Prezident taniydigan darajada taniqli xalqaro jurnalist yetishib chiqmagandir, ammo mamlakatda xorijiy tillarni biladigan jurnalist yo‘q degani emas.

Men O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 2004—2008-yillarda men bilan birgalikda 200 ga yaqin yigit-qiz jurnalistika sirlari bilan bir qatorda ingliz, fransuz, nemis, polyak, ispan, arab, fors, yapon, koreys, xitoy tillarini ham o‘zlashtirishdi. Shu bilan bir qatorda, tili o‘rganilayotgan davlat jurnalistikasi, uning tarixi va bugungi kundagi taraqqiyoti, o‘ziga xosliklari ham nazardan chetda qolmadi.

Ko‘pgina kursdoshlarim Polsha, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Hindistonda malaka oshirib qaytishdi. Ammo oliygohni tamomlaganimizdan so‘ng birov bizdan qaysi tillarni bilasan, qaysi davlatlarda malaka oshirgansan, qaysi axborot manbalari bilan ishlay olasak, qo‘lingdan nimalar keladi, milliy jurnalistikaning rivoji uchun nimalar qilib bera olasan, deb so‘ragani yo‘q, shaxsiy tashabbuslar bilan chiqqanlar esa xafsalasi pir qilingan holda ortga qaytarildi.

Shunday qilib, to‘rt, hatto olti yil davomida biror xorijiy tilni o‘zlashtirgan xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari ikki-uchta tanlov qarshisida qolishdi: jurnalist bo‘lsinmi, tarjimonmi yoki pedagog (oliygohda tahsilni davom ettirib, hozirda pedagoglik qilib yurganlar ham yetarlicha topiladi). Agarda o‘sha vaqtda hayotga katta umid va maqsadlar bilan qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilib, qo‘llab-quvvatlanganda, ularning bilim va imkoniyatlari, qobiliyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanilganda Prezident tomonidan tanqid qilinmas edik.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, O‘zbekistonda bir emas, to‘rt-beshtalab xorijiy tillarni suv qilib ichib yuborgan jurnalistlar ham topiladi. Qat’iy talab va tanlov asosida xorijiy mamlakatlardagi muxbirlik punktlariga yuboriladi, deb e’lon berilsa ular yuzaga chiqib, o‘zlarini namoyon etishadi. Men bunga aminman, ishonaman. Hozirda men bilgan ana shunday ko‘plab iqtidor egalarining bilim va imkoniyatlardan asosan chet el kompaniyalari tarjimon yoki ish yurutuvchi sifatida foydalanmoqda, ba’zilari xorijiy mamlakatlarda boshqa sohalarda uloqishib yuribdi. Ulardan foydalanish, ularni yuzaga chiqarish vaqti keldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring