Internetga farzandingizning suratini joylash uchun undan ruxsat so‘raysizmi?..
Bolalarimiz hayoti haqida internetda ko‘p ulashamiz, shaxsan har safar o‘zim ham shunday info ulashayotganimda ko‘p ikkilanaman.
APA nashrida shu mavzuga oid qiziq bir tahliliy maqolaga ko‘zim tushdi, ya’ni «sharenting» haqida. Bu so‘z «share» (ulashish) va «parenting» (ota-onalik) so‘zlaridan yasalgan, ya’ni ota-onaning bolasi haqidagi ma’lumotlarni ulashishi.
Mavzu menga yaqin, chunki amaliyotimda ko‘plab ota-onalar bilan ishlayman va bu masala ko‘pchilik uchun tabiiy ko‘rinadi, ammo hech kim uning psixologik oqibatlari haqida o‘ylamaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, ota-onalar bolalari haqida qancha yozish-yozmaslikni hal qilishda eng kuchli omil — oilaning daromadi yoki ta’limi emas, balki oddiygina odat ekan. Qancha tez-tez post qilishga o‘rganib qolgan bo‘lsangiz, shuncha ko‘p yozaverasiz o‘ylab ham o‘tirmaysiz. AQShda o‘tkazilgan so‘rovda o‘n yoshgacha bolali ota-onalarning katta qismi, boladan rozilik so‘rash degan tushunchani umuman o‘ylamay, muntazam ravishda ularning suratlarini joylayverar ekan.
Endi meni psixolog sifatida qiziqtirgan joyi shuki, bola hali gapirishni ham bilmay turib, uning hayoti — ba’zan kasalligi, ba’zan tarbiyadagi qiyinchiliklari keng ommaga oshkor bo‘ladi. U katta bo‘lganda buni ko‘rib o‘zini qanday his qiladi? Axir «raqamli tarixi»ni o‘zi tanlamagan, boshqa birov (hatto eng yaqin odami — onasi yoki otasi) uning o‘rniga hal qilgan bo‘ladi. Bu esa kelajakda o‘zlik hissi (identity) shakillanishiga, o‘ziga va oilasiga nisbatan ishonchga ta’sir qilishi mumkin.
Ayniqsa o‘smirlik davrida, bola internetda «kim bo‘lib ko‘ringan»ini anglay boshlaganda.
Barklays bankining prognoziga ko‘ra bu holatning amaliy xavflari ham bor. 2030-yilga borib sharenting yoshlarga nisbatan sodir bo‘ladigan shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irligining katta qismini tashkil etishi mumkin ekan. Bu ota-onalar o‘ylamaydigan, lekin amaliyotda juda real xavf.
Shu bilan birga, maqolada ta’kidlanganidek, masalani faqat ota-onalar zimmasiga yuklab bo‘lmaydi.
Platformalar va qonun chiqaruvchilar ham bolalarning raqamli kelajagini himoya qilish masalasida mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Bu faqat shaxsiy tanlov emas, tizimli muammo.
Ota-ona sifatida nima qilish mumkin? Tadqiqotchilar «ongli sharenting» (mindful sharenting) tushunchasini taklif etayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda post qilishdan oldin ma’lumot bolaga qanday ta’sir qiladi, u katta bo‘lganda buni ko‘rib qanday hissiyotlarni boshidan o‘tkazadi, degan savolni o‘zingizdan so‘rash. Ayrimlar bolaning yuzini ko‘rsatmaydi, uzoqdan suratga olish, yuzini ko‘rsatmaslik, yoki shaxsiy tafsilotlarni (kasallik, tarbiya qiyinchiliklari) umuman ulashmaslik kabi strategiyalarni tanlaydi, bu ham bir yo‘l. Lekin asosiysi bola hali o‘zi rozilik bera olmaydigan yoshida, uning nomidan qaror qabul qilayotganingizni esdan chiqarmaslik.
Hozir raqamli dunyo juda tez o‘zgarayapti, biz ota-onalar esa bunga psixologik tayyor bo‘lishga ulgurmayapmiz ham. Menimcha, bu farzandga nisbatan hurmatning yangi shakli va buni o‘rganishimiz kerak. Bolani hali o‘zi rozilik bera olmaydigan yoshida, uning nomidan «ommaga ko‘rsatish» huquqidan voz kechib shu hurmat shaklini o‘rganamiz.
Muhabbat bilan farzand haqida ulashiladigan har bir post ham hamisha foydali bo‘lmasligini ota-onalarga tushuntirish kerakdir, ehtimol ularga beradigan eng katta psixologik ma’rifatimiz shu bo‘lar...
Madina Miytan, psixolog
Facebook sahifasidan olindi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter