Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Qani til biluvchi, izlanuvchan jurnalistlar?.. (yoxud o‘quv jarayoni muammolariga bir nazar)

Qani til biluvchi, izlanuvchan jurnalistlar?.. (yoxud o‘quv jarayoni muammolariga bir nazar)

Foto: «Shkola jurnalistika»

Xalq shoiri Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda «oyoqlangan qo‘ziday» dovdirab O‘zbekiston milliy universiteti ostonasiga qadam bosganimizda, bu dargohning salobati ko‘pchiligimizni esankiratib qo‘ygan edi. Auditoriya bizning orzularimiz ro‘yobga chiqadigan sehrli maskanga o‘xshar edi. Keyin esa hammasi jo‘nlashdi.

Hatto maktabda adabiyot kitobini ochib ko‘rishga hafsala qilmagan talabaning ham xalq og‘zaki ijodiga mehr qo‘yishiga erishgan ustozimiz Omonulla Madayev shunday degandi: «Hech qachon ta’lim olgan dargohingni yomonlab gapirma!..». Agar kimdir mashg‘ulotlardan nolib qolsa, shu gapni eslatardik.

Ammo to‘rt yillik ta’lim va undan keyingi jarayonlardan so‘ng menda jurnalistlarni o‘qitish tizimidagi ba’zi kamchiliklarni tahlil etish xohishi tug‘ildi. Bu fikrlarni o‘zim o‘qigan fakultetga tosh otish ma’nosida qabul qilmasligingizni so‘rayman.

Xo‘sh, nega bugun jurnalist kadrlar muammosi yuzaga kelmoqda? Nega prezident bu sohada islohotlar kerakligini, alohida universitet tashkil qilishni va «til biladigan jurnalistlar yo‘qligini» ta’kidladi?

Menimcha, dastlabki illatni qabul bosqichidan izlamoq kerak. Agar jurnalistika fakultetiga kirish ballari statistikasiga e’tibor bersangiz, ko‘p hollarda ijodiy imtihon, o‘zbek tili va adabiyoti, tarix fanlaridan yaxshi natijaga erishgan abituriyentlar talabaga aylanganining guvohi bo‘lasiz. Chet tillaridan «qoqiladigan»lar uchun ayni imkoniyat. Chunki so‘nggi test bloki — chet tili kam ball beradi. Chet tili shu darajada «siqib» qo‘yilgan. Chet tilidan bilimi yaxshi, ammo tilshunoslikning qoidalari, tarixning fakt va raqamlari aro adashganlar «yiqiladi».  Ijodiy imtihondagi korrupsiyani esa bu yerga aralashtirmoqchi emasman.

Barchamiz jurnalistga xorijiy til zarurligini bilamiz. Bu borada u kerak bo‘lsa diplomatdan ham ortda qolmasligi kerak. Ammo e’tibor bering: ingliz tili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalariga har kuni o‘tilsa, jurnalistika fakultetida haftada bir marta (!) o‘tiladi.

Birinchi bosqichda jurnalist-talabalar «ilk ijodiy parvozlar»ni boshlaydi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, ular tunu kun matematika fanidan qay tarzda baho olish haqida bosh qotirishadi, jurnalistikadan uzoq kurs ishlari, referatlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Ikkinchi bosqichda dars jadvalimizning katta qismi jurnalistikaga taalluqli emasligini ham payqagan edik.

Boshqa fakultetlardan keluvchi ustozlar nuqul «jurnalist hamma narsani bilishi kerak!» deya og‘zimizga urishardi. Biz logarifmlar, kvadrat tenglamalar, mexanika, impuls, murakkab iqtisodiy formulalarni o‘rganishga majbur etildik. Lekin jahon jurnalistikasi kabi ulkan fan uchun yarim yilgina vaqt ajratdik, «Matbuot muammolari» kabi muhim fanni to‘rtinchi bosqichdagina o‘qidik. Aslida ular jurnalist uchun har doim o‘qitilsa arziydigan predmetlar emasmi?

Afsuski, talabalarda ham ayb ko‘p: biz progressni emas, «sessiyani eson-omon yopish» va «uydagilar oldida yuzi yorug‘ bo‘lish»ni o‘yladik. To‘rt yil radiostudiyasiz radiojurnalistikani, televideniyega amallab ruxsatnoma olib telejurnalistikani o‘rgandik.  Jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lib turib televideniyega amaliyot ruxsatnomasini oylab kutdik. Har xil qog‘ozbozliklar ila o‘zini ihotalagan bu tashkilotga kirishning o‘ziyoq qiyinligini bildik. Majlislarda bu muammo ko‘tarilar edi. Va’da berilardi, ammo...

Jurnalistika sohasida yangi universitet tashkil etilishini eshitib quvondim, lekin o‘ylanib ham qoldim. Chunki u yerga ham hozirgi qabul jarayoni, dars bilan bog‘liq muammolar, qog‘ozbozlik va e’tiborsizlik «eksport» qilinsa, yutqazishimiz aniq. Format emas, mohiyatni o‘zgartirishga e’tibor qaratish kerak menimcha.

Fakultetni yaqinda tugatgan sobiq talaba sifatida yuqoridagi muammolarga barham berilsa, quvonchli hodisa bo‘lardi. Zero, Shukur Xolmirzayev aytganidek, «yozganlarim ko‘nglimdan o‘tgan bir narsa edi va uning qadr-qimmati men uchun bo‘lakcha».

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring