Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aks-sado: kattaqo‘rg‘onlik bog‘cha mudiri nega ishdan olindi?

Aks-sado: kattaqo‘rg‘onlik bog‘cha mudiri nega ishdan olindi?

Foto: «Uz24.Uz»

Avvalroq «Xabar.uz»da jurnalist Karimberdi To‘ramurodning «Taqdiri to‘rt kunda hal etilgan ayol adolat istaydi» nomli maqolasi e’lon qilingan edi. Ushbu maqolaga Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Farida Hamdamova raddiya bildirdi.

Quyida raddiya matnini e’tiboringizga havola etamiz.

Maqolaga asos bo‘lgan shikoyat muallifi Tamara Erimmatovaning yozgan ko‘plab shikoyat arizalari tuman, viloyat boshqarma va tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida bir necha bor o‘rganib chiqilib, uning arizasi asossiz ekanligi isbot etilgan.

Fuqaro Tamara Erimmatova qonuniy ravishda egallab turgan vazifasidan ozod etilgan bo‘lishiga qaramasdan Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi buyrug‘idan norozi bo‘lib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat etadi. Sud o‘z navbatida joriy yilning 26 fevral kuni da’vogarning arizasi bo‘yicha sud jarayoniga raislik qilgan T.Rustamov tomonidan ko‘rib chiqilib, da’vogarning ishga tiklash haqidagi arizasi qanoatlantirilmaydi. Birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘lgan fuqaro T.Erimmatova fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasiga murojaat etadi. Viloyat sudi ishni 2018 yil 24 aprel kuni atroflicha o‘rganib, sud qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

Savol tug‘ilishi tabiiy: Tamara Erimmatova nima uchun ishdan olindi?

Gap shundaki, Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi 2017 yil 26 dekabrda o‘tkazgan tekshiruvda sobiq mudir 18 million 812 ming 755 so‘m kamomadga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi kiritgan taqdimnoma orqali unga ma’muriy jazo berilgan.

Viloyat moliya boshqarmasi 2017 yil 1 dekabr kuni kiritgan taqdimnomada esa moliyaviy kamomadlarga yo‘l qo‘yilgani aytilgan. Ammo Tamara Erimmatova bndan xulosa chiqarmadi.

Sobiq mudir tomonidan shikoyat arizasida ko‘rsatilgan vajlardan biri tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri F.Hamdamova mansabini suiiste’mol qilib, undan 100 AQSh dollari olganligidir. Bu borada O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentining Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan 2018 yil 12 fevral kuni kiritilgan taqdimnomada mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida F.Hamdamovaning harakatida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

«Xabar.uz» internet sayti rahbariyati quyidagi faktlarga ham alohida e’tibor qaratishini juda-juda istaymiz. Vazirlar Mahkamasining 528-qarorida maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalar 3 yoshdan qabul qilinishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, nima uchun sobiq mudir T.Erimmatova yuqorida ko‘rsatilgan qarorga zid ravishda 1 yoshga to‘lmagan va endi bir yoshdan oshgan bolalarni bog‘chaga qabul qildi? Qaysi asosga ko‘ra qabul qilgan? Ularning orasida qo‘shni Ishtixon tumanidan bolalar ham bor. Bog‘cha to‘laqonli izdan chiqib ketgan va tashlandiq holatga kelib qolgan bo‘lsa, bunday rahbarning bugungi kunda rahbar bo‘lib ishlashga haqqi bormi?

Shulardan kelib chiqib, Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi ma’muriyati mavjud qonunlarimizga asosan ushbu raddiyani tez kunlar ichida chop etishingizni so‘raydi.

Farida Hamdamova,
Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring