Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerikadagi o‘zbek: Toshkentda filial ocha olsam, yurtdoshlarimga 10 million so‘mdan oylik to‘layman!

Amerikadagi o‘zbek: Toshkentda filial ocha olsam, yurtdoshlarimga 10 million so‘mdan oylik to‘layman!

Umid Mahkambek.

Foto: «Xabar.uz»

Qisqacha ma’lumot:

Umid Baxtiyorovich Mahkamov 1985-yil 17-iyulda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. Tuman markazidagi 17-o‘rta maktab va Iqtidorli o‘g‘il bolalar litseyida o‘qigan. 2001—2005-yillarda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. Oilali, 2 nafar farzandi bor.

Suhbatdoshim Umid Mahkambek. U ayni paytda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Florida shtati Orlando shahrida istiqomat qiladi. «Orlando Express» kompaniyasi egasi, «My Turkish Cafe» restoranlar tarmog‘i asoschisi. Multimillioner.

Umid Mahkambek hayotda juda kamtarin, kamsuqum inson. Uni intervyuga ko‘ndirish ham oson kechmadi. Uzoq munozaralardan so‘ng u «Xabar.uz» uchun eksklyuziv intervyu berishga rozi bo‘ldi.

Vatanda oxirgi bir-ikki yilda bo‘layotgan o‘zgarishlar bizga, shaxsan menga ijodiy umid baxsh etyapti. Yaqin kelajakda bu orzuimni ro‘yobga chiqarishni rejalashtiryapman.

— Suhbatni bolalik orzuingizdan boshlasak. Qishloq ko‘chalarini changitib yurganingizda qaysi kasb egasi bo‘lishni orzu qilgansiz-u, hozir nimani orzu qilasiz?

— Bolalikdagi orzuim futbolchi bo‘lish edi. Futbolni hozir ham juda yaxshi ko‘raman. Hayotdagi eng katta armonim desam unchalik to‘g‘ri emasdir-u, lekin oxiriga yetkaza olmaganim uchun ba’zi paytda afsuslanaman.

Yil o‘tgan sari orzular ham o‘zgarib boradi. Biznesga bosh suqqaningizdan keyin barcha orzular ham shu sohaga taalluqli bo‘lib boraverarkan. Hozir eng katta orzularimdan biri — O‘zbekistonda sifatli va arzon, aholi o‘rtasida ehtiyoj katta bo‘lgan dorilarni ishlab chiqarish.

Vatanda oxirgi bir-ikki yilda bo‘layotgan o‘zgarishlar bizga, shaxsan menga ijodiy umid baxsh etyapti. Yaqin kelajakda bu orzuimni ro‘yobga chiqarishni rejalashtiryapman.

— Amerikada yashashni ko‘pchilik orzu qilsa-da, hamma ham bu yerga moslashib, yo‘lini topib keta olmaydi. Siz AQShga ilk qadam qo‘yganingizda nimalarni o‘ylagansiz? Sir bo‘lmasa, qanday ishlar bilan shug‘ullangansiz?

— To‘g‘risi, bu yerga birinchi kelganimda Amerikaning qanchalik ulkan ekani haqida o‘ylaganman. Xayolimdan o‘tgan ilk fikr shu edi. Shunday yirik mamlakatda ish topishim, topganda ham juda qisqa muddatda topish ilk rejam edi.

Birinchi ishim Bekli shahridagi «Dunkin Donuts» qahva do‘konida sotuvchilikdan boshlangan, qo‘shimcha ish sifatida esa mahalliy gazeta ichiga reklama flayerlarini solish bilan shug‘ullanganman. Kechasi bilan yangi chiqqan gazeta orasiga flayer qo‘yib chiqardim. Bir yil ichida har xil ishlar bo‘lgan — ofitsiantlikdan tortib to do‘kon tozalashgacha. Qanaqa ish to‘g‘ri kelsa, o‘shani bajarishga majbur edim. Qayerda ishlagan bo‘lsam, kim bilan ishlagan bo‘lsam, hozirgacha yaqin munosabatdaman, aloqa uzilib ketmagan. 

Men Amerikaga kelganimdan hayotimni «nol»dan emas, hatto «minus»dan boshlaganman. Lekin ichimda ishonch bo‘lgan.

— Kechayu kunduz tirikchilik uchun harakat qilayotganingizda bugungi natijaga erishishingizga ishonganmisiz?

— Bugungiday natijaga erishishimga ishonganmanmi? Ha, ishonganman. Odamda ishonch bo‘lmasa, hech narsani eplay olmaydi. Bir dono inson aytgan gap doim yodimda turadi: «Inson tasavvuri yetgan joygacha bora oladi». Ya’ni odamzod o‘zi miyasiga sig‘dira olgan marragacha bora oladi, xolos.

Men Amerikaga kelganimdan hayotimni «nol»dan emas, hatto «minus»dan boshlaganman. Lekin ichimda ishonch bo‘lgan. Hozir hamma orzu-umidlarimga yetdim deya olmayman, lekin Yaratganga shukrki, barchasi reja bo‘yicha ketyapti.

Foto: «Xabar.uz»

— Bugun multimillionersiz! Hattoki o‘sha amerikaliklar ham sizga havas qiladi, sizning kompaniyangizda ishlaydi. Aynan qanday biznes bilan shug‘ullanasiz? Shu haqida ma’lumot bersangiz?

— Mening biznesim to‘rtta yo‘nalishdan iborat. Ulardan eng asosiysi — Shimoliy Amerika bo‘ylab yuk tashish bilan shug‘ullanamiz (Business Logistics). Hozir avtoparkimizda 75 ta yuk mashinamiz bor. Ikkinchi yo‘nalish — yuk tashish xizmatiga endi kirib kelayotgan yangi kompaniyalarga servis ko‘rsatish. Ya’ni ularning hujjatlar bilan bog‘liq ishlariga yordam beramiz, yuk olishni o‘rgatamiz, mijoz topib beramiz. O‘z o‘rnida aytishim kerakki, yuk tashish qonun-qoidalari qog‘ozbozlikda faqat havo yo‘llaridan keyin turadi. Ya’ni juda ko‘p qoidalar, me’yorlar bor. Shu sababli bu bozorga yangi kirgan odam tajribali mutaxassislar tavsiyasiga muhtoj bo‘ladi. Uchinchi yo‘nalishimiz hali yangi, endigina bir oy bo‘ldi. Sug‘urta agentligi ochdik. Avtotransportlarni turidan qat’i nazar sug‘urtalaymiz. To‘rtinchisi esa «My Turkish Cafe» restoranlar tarmog‘i. Hozircha 3 tasi ochildi, yigirmataga yetkazish niyatidamiz.

2010-yilda biznes ochgan paytimda uydan chiqmasdan kompaniyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazganman. Hammasi onlayn orqali. Shahar ma’muriyati, soliq xizmati yoki boshqa biron davlat organi yoki inspeksiyasiga bormaganman. Mana, oradan 8 yil o‘tdi, haligacha biron tekshiruv bo‘lgani yo‘q.

— Amerikada mustaqil biznes ochib, muvaffaqiyatga erisha olgan odam sifatida bir savolga javob bersangiz. AQShda biznes ochib yuritish bilan O‘zbekistondagisi qanday farq qiladi?

— Men AQShda birinchi kompaniyamni ro‘yxatdan o‘tkazganimda 2010-yil edi. Shu sababli O‘zbekistonda o‘sha payt qanday bo‘lgan, hozir qandayligini bilmayman. Lekin o‘quvchilar taqqoslab olishlari uchun Amerikadagi tartibni tushuntirib beraman. 

2010 yilda biznes ochgan paytimda uydan chiqmasdan kompaniyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazganman. Hammasi onlayn orqali. Shahar ma’muriyati, soliq xizmati yoki boshqa biron davlat organi yoki inspeksiyasiga bormaganman. Mana, oradan 8 yil o‘tdi, haligacha biron tekshiruv bo‘lgani yo‘q. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lasangiz va qonun doirasida ishlasangiz hech kim sizni bezovta qilmaydi.

Men yangi biznesga kirib kelgan paytlarim O‘zbekistondagi holat bilan qiziqqanman albatta. U paytlar qaysi tashkilotga tekshiruv kelsa, 99 foiz holatda hisob-raqamlar «muzlatilgan». Deyarli barcha holatlarda tadbirkorlar aybli topilib, kamida o‘sha «muzlatilgan» pullaridan ayrilgan.  Bu tadbirkorlarni doimiy xavfda ushlab turgan birinchi sabab edi. Ikkinchi sabab esa O‘zbekistonda biznesga bank tizimining judayam katta ta’siri bor edi. Tadbirkor o‘z puliga o‘zi xo‘jayin bo‘lmay, erkin faoliyat yurita olmasdi. Oddiy operatsiyalar ham maksimal darajada qiyinlashtirilgan edi. Oxirgi ikki yildagi o‘zgarishlar, menimcha, bu sabablarga asta-sekin barham bermoqda.

— Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston bilan bog‘liq juda ko‘plab o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Prezidentimiz AQShga borib, vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.  Parlamentga murojaatnoma bilan chiqish qildi. Juda o‘tkir gaplar bo‘ldi. Siz bu voqealarni kuzatdingizmi? Taassurotingiz qanday? Prezident aytgan kamchiliklarni amalda to‘g‘rilash mumkinmi?

— Albatta, oxirgi vaqtda O‘zbekistonda bo‘layotgan har bir yangilikni nafaqat men, balki butun dunyo bo‘ylab yashayotgan vatandoshlarimiz diqqat bilan kuzatishmoqda. Telefon orqali kim bilan gaplashmaylik, gap borib yurtimizdagi o‘zgarishlarga taqalaveradi. Prezidentimizning parlamentga murojaatnomasini Facebook orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri, kechasi bilan kuzatdim. Tadbirkorlarni qiynagan barcha masalalar ochiq-oydin aytildi. Ishonamanki, juda tez fursatlardan O‘zbekistonda biznes muhiti tubdan o‘zgaradi.

Menga eng ma’qul bo‘lgan jihat, prezidentimiz xalq bilan hukumat o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldiryapti. Tan olish kerakki, oxirgi yillarda judayam katta bo‘shliq yuzaga kelgan edi. Xalqimizda mana endi hukumatga, o‘ziga ishonch paydo bo‘lmoqda. 2017-yilning kuzida O‘zbekistonda ikki yarim oy bo‘ldim. Odamlarning ruhiyati juda baland. Bu birinchi e’tibor qaratgan jihatim. Ikkinchisi, yoshlarga judayam katta e’tibor berilayotgani. Yoshlarning vazirlarga o‘rinbosar qilib tayinlanishi, shunday mas’uliyatli lavozimning ishonib topshirilishi bu katta o‘zgarish. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari jadallik bilan rivojlanayotgan bir paytda hukumatga yosh kadrlar judayam kerak bo‘ladi. O‘zgaruvchan dunyoga moslashuvchi, o‘z vaqtida buni anglab, hayotga talpinuvchi yoshlar zarur.

Yoki elchixonalarimiz faoliyatini olaylik. Oldin ularning faoliyati juda qoniqarsiz edi. Buni xorijda yurgan istalgan vatandoshimizdan so‘rang, hech ikkilanmay tasdiqlashadi. Hozir mutlaqo ijobiy tomonga o‘zgargan. Qo‘ng‘iroq qilsangiz darrov javob berishadi, muammoni tezlik bilan hal qilishyapti. Pasportimni o‘zgartirishim kerak bo‘ldi, juda tezlik bilan hal bo‘lgani meni hayron qoldirdi. Balki bu ommaviy axborot vositasi orqali gapiriladigan gap emasdir, deyishingiz mumkin, biroq aynan pasport, xorijga chiqish stikeri deb O‘zbekistonda 2-3 yillab qolib ketgan, oilasi bilan ajrashishga majbur bo‘lgan yurtdoshlarimizni shaxsan taniyman. Ayol O‘zbekistonga ota-onasi ko‘rishga borgan va qayta olmagan. Yoki eri vatanga borgan, ayoli farzandlari bilan AQShda qolib ketgan. Bu kabi muammoga duch kelgan odamlar uchun hozirgi jarayon judayam ijobiy ko‘rinadi.

Kamchiliklarni bir kishi bartaraf eta olmaydi, hammamiz bahamjihat harakat qilishimiz kerak. Prezident buni qayta-qayta takrorlayapti, O‘zbekiston ichida bo‘ladimi yo tashqaridami, hamma fuqarolar bir yoqadan bosh chiqarib to‘g‘rilashimiz kerak. Barcha rivojlangan davlatlarda ham o‘tish davri bo‘lgan, bizda ham shu holat.

O‘zbekistonning oxirgi ikki yili 10 yilga tatigulik o‘zgarishlarni taqdim eta oldi. 

Bir taklif: yurtimizda ko‘zga ko‘ringan va O‘zbekistonda yashamaydigan o‘zbek biznesmenlaridan iborat guruh tuzib, prezidentimiz qoshida yoki parlament qoshida Biznesmenlar kengashini ochish.

Foto: «Xabar.uz»

— O‘zbekistonda ham Amerikadagiday biznes sharoit qilish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Tekshir-tekshir, qog‘ozbozlik, nosog‘lom raqobat muhiti... Yana nimalar?

— O‘zbekistonda Amerikadagidek biznes sharoiti yaratish uchun, birinchi o‘rinda, kadrlarga etibor berish kerak, ikkinchi o‘rinda, shu yo‘lni bosib o‘tgan mamlakatlardan andoza olish kerak, chunki hamma narsani o‘zimiz «nol»dan qilamiz desak, yanayam orqada qolib ketamiz.

Bir taklif: yurtimizda ko‘zga ko‘ringan va O‘zbekistonda yashamaydigan o‘zbek biznesmenlaridan iborat guruh tuzib, prezidentimiz qoshida yoki parlament qoshida Biznesmenlar kengashini ochish. Masalan, bizning iqtisod sohasi bo‘yicha olimlarimizda nazariya bo‘lsa, tadbirkorlarda amaliyot bor. Birgalashib, besh yillik, o‘n yillik rejalarni taklif qilsa bo‘ladi. O‘zbekistondagi biznes muhitni yaxshilash bo‘yicha biznesga taalluqli amaliy takliflarni parlamentdagilar bilan birga hamkorlikda ko‘rib chiqish zarur. Bu narsaga vaqtini, kerak bo‘lsa sarmoyasini ayamaydigan biznesmenlarimiz ichkaridayam, tashqaridayam juda ko‘p.

Masalan, o‘zim Amerikadagi ko‘p o‘zbek biznesmenlarini bilaman. Aksariyati yosh, 35 yoshgacha. Ular orasida katta biznes qiladigan, kerak bo‘lsa, dunyo miqyosida ish olib boradigan yigitlar bor. Ko‘pchilik o‘z biznesini O‘zbekistonda ham ochishni, investitsiya kiritishni xohlaydi.

O‘zimdan misol keltiray: bizda dispetcher bo‘limi bor, ya’ni telefon orqali Amerikadagi mashinalarni boshqarish bilan shug‘ullanadigan. Bo‘limni Toshkentga ko‘chirish harakatidamiz. Bu orqali 20 ga yaqin yurtdoshimizni ishli qilish rejalashtirilgan. Agar kompaniyamning bo‘limini Toshkentda ocha olsam, har bir xodimga kamida 10 million so‘m oylik maosh to‘layman.

— Har bir muvaffaqiyat zamirida tinch oila yotadi. Yaqinlari qo‘llab-quvvatlagan insonning hayotda omadi chopishi tayin. Oilangiz haqida aytib o‘tsangiz.

— To‘g‘ri aytdingiz, ahil oilaning yutuqlardagi o‘rni beqiyos. Oilaliman, bir o‘g‘il, bir qizim bor. Dadam xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Onam uy bekasi. Ikki singlim, bir ukam bor. Katta singlim turmushga chiqqan. Kichik singlim Toshkentda mehmonxona xodimi bo‘lib ishlaydi. Ukam Moskvadagi Xalqlar do‘stligi universitetining 4-bosqich talabasi.

Foto: «Xabar.uz»

— O‘zbekistonni sog‘inasizmi? Vatan haqida o‘ylaganda ko‘z oldingizga birinchi bo‘lib nima keladi?

— O‘zbekistonni ko‘p sog‘inaman. Har bir olgan nafasimda sog‘inaman desam xato bo‘lmaydi. Bu sog‘inch hech qachon o‘lmasa kerak. O‘zbekiston deganda ko‘z oldimga issiq tandirdan chiqqan non bilan yangi qaymoqli nonushta keladi. Keyin tug‘ilib o‘sgan qishlog‘im...

Foto: «Xabar.uz»

Hozir davlatlar o‘rtasidagi masofa borgan sari qisqarib bormoqda. O‘zbek yoshlari butun dunyoni zabt etishlarini xohlardim.

— O‘zbekistonlik yoshlar sizga havas bilan qarashadi. Ayniqsa, bu intervyuni o‘qishganidan keyin ular yaxshi motivatsiya oladi. Siz ularga qarata nima degan bo‘lardingiz?

— O‘zbekiston yoshlariga qarata aytardimki, ular qaysi kasbni, qaysi o‘qishni tanlashmasin, yuragini bermasa befoyda. Quruq orzular bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Mas’uliyat, tinimsiz mehnat va rejali orzu ularni muvaffaqiyatga olib keladi. O‘zbekiston bilan chegaralanib qolish kerakmas. Hozir davlatlar o‘rtasidagi masofa borgan sari qisqarib bormoqda. O‘zbek yoshlari butun dunyoni zabt etishlarini xohlardim.

— Bugungi kunda IT sohasi juda jadallik bilan rivojlanyapti. Savdo-sotiq deysizmi, xizmat ko‘rsatishmi, ishlab chiqarishmi, xullas, hamma joyda bor. Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan inson sifatida siz O‘zbekiston uchun qanday yangiliklarni ravo ko‘rardingiz. Aynan IT sohasi bo‘yicha.

— O‘zbekistonda IT sohasi tez rivojlanib boryapti, elektron hukumat bo‘yicha ishlar jadal olib borilyapti, mobil aloqa va internet sifati oshib boryapti. Lekin AKT sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘p, o‘zi aslida bu oxiri yo‘q soha, har kuni yangi texnologiya dunyo yuzini ko‘radi va hamma shunga moslashadi.  Butun dunyo miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, hali boshlang‘ich bosqichdamiz. AKT rivojlanishi uchun hukumat juda katta investitsiyalarni kiritish kerak. AKT bizning ertamiz, bunga jiddiy qarash zarur. Bu xavfsizligimizni ta’minlash degani hamdir. Agar o‘zimizning dasturiy ta’minotimiz mukammal bo‘lmas ekan, yoshlar boshqa davlatning dasturlaridan foydalanishga majbur bo‘lishadi.

Foto: «Xabar.uz»

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat! Omad hamisha yor bo‘lishini tilaymiz! So‘nggi savol, bu yutuqlaringiz uchun kimga tashakkur bildirgan bo‘lardingiz?

— Tashakkur. Yutuqlarim uchun avvalo meni tarbiya qilib, oq yuvib oq tarbiyalagan ota-onamga hamda menga hamisha suyanch bo‘ladigan oilamga mingdan-ming rahmat aytmoqchiman. Yaxshi kunlarda ko‘rishish nasib qilsin. Fursatdan foydalanib, 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan barcha mard, jasur yigitlarimizni tabriklab qolaman!

Qobuljon Ahmedov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring