Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonlik deputatlar mansabdorlar hisobotidan qoniqmadi

Andijonlik deputatlar mansabdorlar hisobotidan qoniqmadi

Hozirgi kunda Andijon shahrida 8 ta oilaviy poliklinika faoliyat yuritmoqda. Me’yoriy hujjatlar bo‘yicha oilaviy poliklinikalar tashkil etilishi normativida 1 ta oilaviy poliklinika 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

Biroq Andijon shahridagi poliklinikalar o‘rtacha 53 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa tabiiyki, aholiga bir qator qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Aholi duch kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun esa Andijon shahrida yana 2 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi lozim.

Ayni masalani hal etish Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashidagi O‘zLiDeP guruhi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Ammo shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i deputatlik yig‘ilishiga kelmadi. Uning o‘rniga o‘rinbosari Nilufar Tojiboyeva ishtirok etdi va hisobot berdi.

N.Tojiboyeva deputatlarning savollariga batafsil javob bera olmadi. Shuningdek, ular tomonidan tibbiyot sohasi bo‘yicha shahar tibbiyot birlashmasiga yuborilgan deputatlik so‘rovlar javobsiz qolayotgani, shahar tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi oilaviy poliklinikalardagi e’tiborsizlik va mas’uliyatsizliklar oqibatida chaqaloqlar o‘limi ortib borayotgani xususida achchiq, ammo o‘rinli e’tirozlar bildirildi.

Yig‘ilishda tibbiyot birlashmasi boshlig‘idan tashqari shahar hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining hisoboti ham tinglanishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq hokim o‘rinbosari ham yig‘ilishga kelmadi. Yig‘ilishda kun tartibidagi qolgan masalalar yuzasidan ham mansabdor shaxslarning o‘rniga kelgan mutaxassislarga so‘z berildi. Ammo rahbarlik vakolati bo‘lmagan mas’ullarning axborotlari deputatlarni qoniqtirmadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring