Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash mexanizmi soddalashtirildi

Ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash mexanizmi soddalashtirildi

Illyustrativ surat.

Foto: «Mamochka.org»

Budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash mexanizmi soddalashtirildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga vazirlikning mas’ul xodimi xabar berdi.

Manbaning ma’lum qilishicha, Moliya vazirligi tomonidan budjet tashkilotlarining xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan budjet mablag‘laridan foydalanish jarayonining qulayligi va soddaligi yuzasidan tanqidiy tahlillar olib borilmoqda. Ushbu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishda homiladorlik va tug‘ish nafaqasining o‘z vaqtida to‘lanishi va to‘lov jarayonini soddalashtirish masalasi qattiq tanqid qilindi.

Respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tumanlardagi bo‘linmalari tomonidan nafaqalarning to‘lab berilishi bo‘yicha ancha yillar avval joriy etilgan, lekin oxirigacha o‘ylanmagan murakkab jarayon jiddiy muhokama qilindi. Ushbu tashkilotlar nafaqalarni to‘lash uchun kerakli hujjatlarni viloyat boshqarmalari orqali Toshkentga jo‘natishlari zarur edi va «ma’lum bir» tahlillardan so‘nggina Moliya vazirligining tegishli boshqarmalari tomonidan tasdiqlab berilar edi. Natijada budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash ba’zan 2 oygacha kechiktirilar edi.

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra vazirlik rahbariyati tomonidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lashda axborot texnologiyalarini hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz aloqa shakllarini joriy etish, shuningdek talab etilayotgan hujjatlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish va to‘lov jarayonini soddalashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Natijada joriy yilning 1-martidan boshlab xarajatlar smetasi bo‘yicha bo‘sh turgan (iqtisod qilingan) mablag‘lar hisobidan nafaqalarni to‘laydigan budjet tashkilotlari budjet mablag‘larining bosh taqsimlovchilari va moliya organlari bilan kelishmagan holda, «UzASBO» (O‘zbekiston budjet tashkilotlarining avtomatlashtirilgan tizimi) dasturiy majmuasiga mustaqil ravishda o‘zgartirish kiritish orqali homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bunda nafaqani biryo‘la to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan (xarajatlar smetasi bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘i mavjud bo‘lmagan) budjet tashkilotlari uchun qo‘shimcha mablag‘ga talabnoma berish jarayoni «UzASBO» dasturiy majmuasi orqali avtomatlashtiriladi hamda qog‘ozsiz va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz shaklga o‘tkaziladi.

Shuningdek, qo‘shimcha hujjatlarni (yashash joyidan ma’lumotnoma, nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma, mehnat daftarchasi va pasportning nusxalarini) taqdim etish bo‘yicha talab bekor qilinib, o‘rnatilgan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida to‘lovlar amalga oshiriladi.

Elektron tarzda talabnomalarni taqdim etish jarayonini joriy etish budjet tashkilotlarining (qog‘oz va pochta) xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi hamda ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlaydi.

Mazkur mexanizm 2018-yil 1-apreldan boshlab to‘liq ishga tushiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring