Balzakning mashhur maktubi
Onore de Balzakning «XIX asr fransuz yozuvchilariga maktubi»ni shu choqqacha o‘n-o‘n besh marta o‘qib chiqqanman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Har gal undan yangi-yangi ma’nolar uqaman.
Maktub nima haqida? Balzak o‘z vaqtida adabiyot respublikasi deb e’tirof etilgan, fuqarolarning boshqa mamlakatlarda tan olinmagan ko‘p huquqlarini tan olishga astoydil bel bog‘lagan fransuz inqilobidan keyin mamlakatda adabiyotga, yozuvchilarga, badiiy tafakkurga e’tibor g‘oyat susayib borayotgani, ijodkorlik ishi inqilob bois qabul qilingan «vahshiyona qonun asoratiga berib qo‘yilgani», yozuvchilarning asarlari jamoat mulki deb e’lon qilingani xususida bong uradi. «Shunday qilib, janoblar − siz shoirlar, siz mashshoqlar, siz dramaturglar, siz nosirlar, sizlarkim, ya’ni mamlakatning shon-sharafi uchun mehnat qilmoqdaman degan fikr bilan yashovchilar... hamma-hammangiz bundan buyon o‘z-o‘zingizga merosxo‘r bo‘la olmaysiz. Qonun savdogarning molini, zahmatli mehnat, ba’zan oshkora razillik evaziga topilgan pullarni hurmat qiladi, yerni himoyalaydi, ammo ilhomiy fikri, ijodiy tafakkuri bilan kun kechiradigan shoir mehnatining samarasini musodara qiladi».
Balzakning fikricha, shoir-yozuvchilar − mamlakatning shon-sharafi, g‘ururi, demakki, tafakkur boyligi. Ular o‘z asarlarida asr ruhini, davrning ma’naviy-axloqiy manzarasini aks ettiradilar, demakki, mamlakat, millat tarixini yaratadilar. Qo‘liga qalam tutgan ijodkor umr bo‘yi davom etadigan izlanishi hisobiga «qashshoqlik» qa’ridan yuksakka parvoz qiladi, ammo bunday parvoz hamma ijodkorlarga ham nasib etmaydi, ko‘plari xayoliy orzular qanoti ostida qolib ketadilar, bundaylarga boylik, shuhrat yoki boshqa bir homiy emas, ularning iroda va e’tiqodlari suyanchiq bo‘ladi. Balzak o‘z kasbdoshlarini bunday holatga befarq bo‘lmaslikka undaydi, ijodkorning muqaddas mulki talon-taroj qilinayotganidan tashvishda: «Shunday qilib, janoblar, bundan keyin bizning jamiyatimiz qashshoqlikda so‘nib borayotgan mutafakkir, shoir, dramaturglarning xonadonidan ularning kitoblari, she’rlari, komediyalari, dramalarini bir qo‘li bilan o‘g‘irlab, ikkinchi qo‘li bilan boshqalarga beradi. Kimga deysizmi? Buni eshitib, hatto yovvoyi odamlar ham kulib yuborardi. Aytayinmi? Ha, aytaman, bu narsa yashirin qolib ketishi mumkin emas. Bilib qo‘yinglar, qonun ularni noshirlarga oshirib yuboradi».
Balzak muammoni juda keskin qo‘yadi, «Birov xotiningizni tortib olsa, bundan xafa bo‘lmang, chunki u bu ishni uning roziligi bilan qilgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘n besh yil ishlab, azob chekib, tunlarni tonglarga ulab, muhtojlik mashaqqatlarini yengib yaratgan asaringizni tortib olishsa, bunga aslo toqat qilib bo‘lmaydi» deydi va bu muammo yuzasidan o‘zining so‘nggi so‘zini aytadi: «Xulosa o‘rnida bir gapni ta’kidlamoqchimiz: bizning yuqorida aytganlarimiz g‘alayonga chaqiruvchi xitob emas, ehtiroslarni junbishga keltirishga da’vat qilayotganimiz ham yo‘q: bu − qashshoqlik faryodi, xolos. Bu − qonundan tashqariga chiqarib qo‘yilgan, adolat izlab topolmagan odamlarning hayqirig‘i.
Qo‘ying, mayli, bu hayqiriq aks-sado bersin, hamdardlik uyg‘otsin, so‘nib borayotgan vatanparvarlik tuyg‘ulariga qaytadan jon ato qilsin. Biz ovozimizni ko‘tarib hayqirgan bo‘lsak, buni uyg‘oqlar, iztirob chekayotganlar, til xazinasini boyitishga imkon qadar o‘z ulushini qo‘shishga intilayotganlar uchun qilamiz...
Qonun chiqaruvchi janoblar, Italiya Angliyadan keladigan tillaning uchdan ikki qismini sarflab, o‘zining ajoyib daholariga ega bo‘ldi. San’at bilan tilni ehtiyot qilib asranglar, negaki, moddiy manfaatlaringizni bartaraf qilganingizdan so‘ng sizlar bizning asarlarimizda hayot kechirishda davom etasizlar. Bizning asarlarimiz esa hech qachon o‘lmaydi va hatto mamlakatimiz (tarix sahnasidan) g‘oyib bo‘lib ketganda ham ular «Bu yerda bir vaqtlar Fransiya bo‘lgan edi!» deya olamga jar solib turadilar».
Bu maktubni yana ko‘p bor o‘qiyman va undan har gal yangi-yangi ma’nolar topaman. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
Ahmadjon Meliboyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter