Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir dona chiroqni kechasi 8 soat o‘chirib qo‘ysak nima bo‘ladi?

Bir dona chiroqni kechasi 8 soat o‘chirib qo‘ysak nima bo‘ladi?

Energiya iste’moli madaniyati pastligicha qolayotgan hozirgi sharoitda tejamkorlik muammosi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Isrofgarchilik shundoq ham elektr energiyasi yetishmayotgan bir sharoitda barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Mutaxassislar tomonidan keltirgan raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi 7,4 million abonent bor bo‘lib, har biri 100 vattlik 1 dona cho‘g‘lanma lampani kechasi atigi 8 soat o‘chirib qo‘ysa, bir yilda 2 milliard 160 million 800 ming kilovatt elektr energiyasini tejam imkoni yuzaga keladi. Bu esa mamlakat aholisi umumiy iste’mol hajmining 13,5 foizi deganidir.

Shuningdek, 1 dona yorug‘lik chiqaruvchi energiya tejamkor LED lampasini kechasi yoqib qo‘yishdan tiyilsa, 306 million kilovatt (umumiy iste’mol hajmining 1,9 foizi) elektr energiyasi tejab qolinadi.

Bir dona cho‘g‘lanma lampani zamonaviy LED lampasiga almashtirish orqali esa oyiga 22,4 kilovatt-soat, yiliga esa 271,5 kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi.

Shuning o‘ziyoq amaldagi 295 so‘mlik tarif bo‘yicha hisoblanganda, oyiga 6608 so‘m (yoki yiliga 79 ming 296 so‘m) miqdorida mablag‘ tejash imkonini beradi. Agar bunday tejamkorlik aholi orasida ommaviy tus olsa, bu muntazam tok o‘chishlarining oldini olish hamda elektr bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.

Aholi vakillari hatto maishiy darajada bo‘la turib, ulkan hajmlardagi energiya tejamkorlikka yordam berishi, birgina xonadonda elektrdan to‘g‘ri foydalanish orqali butun mamlakat miqyosidagi energiya samaradorlikka hissa qo‘shishi mumkin.

Elektr ham ne’mat, uning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, asrash mas’uliyati – barchamiz uchun vijdon ishi, burch bo‘lishi kerak. Bunda aholi sarflayotgan oylik yoki yillik elektr energiya hajmini o‘zi mustaqil nazorat va tahlil qilib borishi, xulosa qilishi, tabiiy ravishda tejamkorlikni ta’minlashi samarali natija beradi.

Masalaning yana bir jihati, energotejamkorlikni doimiy madaniyatga aylantirish uchun moliyaviy motivatsiya ham bo‘lishi kerak. Agar elektr narxi bozor narxidan bir necha barobar arzon bo‘lsa, tejamkorlik haqidagi ma’ruza va nasihatlar ish bermasligi aniq.

Aholini elektr bilan uzluksiz ta’minlashda iste’mol madaniyatini oshirish qanchalik muhim bo‘lsa, energetik infratuzilmani modernizatsiya qilish ham xuddi shunday dolzarb ahamiyatga ega. Buning uchun narx shakllanishi jarayoniga bozor mexanizmlarini joriy etish, shu orqali qo‘shimcha mablag‘ va imkoniyatlarga ega bo‘lib, tizimni yangilash lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring