Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bir ko‘ngli o‘ksikning boshin silamoq...»

«Bir ko‘ngli o‘ksikning boshin silamoq...»

Foto: «Xabar.uz»

Bir g‘ambodaning ko‘nglini obod aylashni Ka’bani ta’mirlagandan ham afzal deyishadi. Bugun bir mazluma ayolning, ichki ishlar xodimi sha’nini toptagan ayolning ko‘nglini so‘ragani O‘zbekiston xotin-qizlar qumitasi raisi Tanzila Norboyeva Kattaqo‘rg‘onga keldi.

Tanzila Norboyeva jabrdiyda ayolni bag‘riga bosib so‘rashdi. Uning o‘g‘lini, qizini quchoqlab, nechanchi sinfda o‘qiyotgani, baholari qanaqa ekanini so‘radi. Yig‘ilgan mahalla vakillari bilan so‘rashdi. Ayolning uyini ta’mirlayotgan, saxovatpesha insonlarning ijtimoiy tarmoqlarda uyushtirgan xayriya aksiyasida ishtirok etib, yig‘ib bergan pullariga olib kelingan darvozani o‘rnatayotgan ustalar bilan «horma, bor bo‘l» qildi.

Shunday so‘ng Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani, mahalla faollari  hamrohligida ayolning uyiga kirgan Tanzila Norboyeva avvalo tahqirlangan ayolning ko‘nglini, kayfiyatini, nima ishlar qilayotganini so‘radi. Tergov jarayoni qanday kechayotganini, huquq-tartibot idoralari xodimlari qanday muomala qilayotgani bilan qiziqdi. «Biror tazyiq, qo‘rqitishlar bo‘lmayaptimi?», — deb so‘radi.

Shundan so‘ng Tanzila Norboyeva voqeaga munosabati, shaxsan o‘zi adolat qaror topishi uchun ko‘rayotgan choralar haqida so‘zlab berdi.

− Inson xatolardan xoli emas, hammamiz ham xato qilamiz, ammo xato qilgan insonni toptab tashlash emas, kechirish kerak, − dedi Tanzila Norboyeva. – Prezident Shavkat Mirziyoyev hatto jinoyat qilib qo‘ygan ayollarimizni ham kechirishni, qamoqxonalardan ozod qilishni so‘rayapti. Adashib jinoyat yo‘liga, har xil oqimlarga kirib qolgan yurtdoshlarimizni ham afv qildi. Ramazon bayrami arafasida ham juda ko‘p ayollarimiz afv etildi, afv qilinibgina qolmay, ularning ishga joylashishi, yashash sharoiti yaxshilanishiga, iqtisodiy, ijtimoiy yordamlar berilishiga, bolalarining bog‘cha va maktablarga joylashishiga e’tibor qaratildi.

Huquq-tartibot tizimida ham juda katta islohotlar, tozalash ishlari borayapti. Ammo islohotlarga hali ko‘p bo‘lmadi, biz istagandek tizim paydo bo‘lishi uchun yana ozgina vaqt talab qilinadi.

− Tanzila Kamolovna, sizga rahmat, Kattaqo‘rg‘ondagi ayolning tahqirlanishi aks etgan lavha ijtimoiy tarmoqda tarqalishi bilan rahbarlar orasida birinchilardan bo‘lib munosabat bildirdingiz. Bu holatni qoralab,  bayonot bilan chiqdingiz. Ammo aynan San’at Umarov sodir etgan bu qilmishning ichki ishlar idoralari tizimiga mutloqo aloqasi yo‘q deganingiz va ichki ishlar vazirligi bilan bu masalada muzokara olib boramiz deganingiz ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Buni qanday izohlaysiz?

− Avvalo shuni aytishim kerakki, men Xorazmda safarda yurib, bu mudhish holatdan xabar topdim va, yashirmay aytaman, qattiq iztirobga tushdim. Kechasi bilan uxlay olmadim. Ertalab siz aytgan bayonotni berdim. Bu mening bir ona, ayol sifatida yuragimdan chiqqan so‘zlarim edi. Endi savollaringizga izoh bersam. San’at Umarovning qilmishining ichki ishlar idoralariga aloqasi yo‘q deyishimga sabab shuki, ismi jismiga umuman mos kelmagan bu yigit, menimcha, ichki ishlar tizimiga tasodifan kirib qolgan odam. Uni yaxshilab tekshirish kerak, mening nazarimda, u sog‘ ham emas.

Aslida men ichki ishlar idoralarining bu hodisada aybi yo‘q demoqchi emas edim. Tizimda, yashirmayman, hali kamchilik ko‘p, hamma xodimlar pok vijdonli ham deya olmayman, ammo tozalash ishlari ketayapti. Men e’tiborni ta’lim-tarbiya ishiga qaratmoqchi bo‘lgandim. O‘sha xodimning ayollarga nisbatan vahshiylarcha munosabatda bo‘lishining sabablari meni qiziqtirdi. Uning o‘zini bunday tutishida oilaviy muhit ham rol o‘ynagan bo‘lishi kerak. Uni ham ona tuqqan, ayol tarbiyalagan, ayoli, qizlari bordir.

Ayolga nisbatan bunchalar ayovsiz bo‘lmasligi kerak edi. Menimcha, bu uning miyasi bilan bog‘liq. Uning ongida bir nuqson bordir. Uning oiladami, atrof muhitdami, ich-ichidan bir alami, nafrati bo‘lsa kerak. Mana shunaqa pastkashliklar bilan o‘zicha alamini olayotgan bo‘lishi mumkin. Yillar davomida ichida yig‘ilgan bir isyonidir balki. Tarbiyasida va miyasida nuqsoni bo‘lmagan odam bunchalik shafqatsiz bo‘lmasligi kerak edi.

Ichki ishlar vazirligi bilan muzokara olib borishimni esa shunday izohlayman: bundan keyin har bir ayol biror jinoyatda gumon qilinganda uni ushlash jarayonida ham, so‘roq, tergov ishlarida ham albatta ichki ishlar idoralarining ayol xodimlari ishtirok etishini ta’minlashimiz zarur. Buning uchun ayol-qizlarni shu sohaga o‘qitish va ishga olish kerak. Hozircha ayol xodimlar yetishmasa, bizning vakillarimizning ishtirokini shart qilib qo‘yishimiz lozim.

Bundan tashqari, barcha so‘roq va tergov bo‘limlari videokameralar bilan to‘liq jihozlanishiga erishishimiz kerak. Ana shu masalalarda muzokara qilishimni nazarda tutgandim. Qolaversa, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida bir ayolning himoyasi uchun tik turib, San’at Umarov qilmishiga yarasha jazolanishini hali sudlardan ham talab qilaman. Sudda bizning malakali vakillarimiz, qoralovchilarimiz albatta ishtirok etishadi.

− Men shu ishni shaxsan nazoratga olishingizni barcha yurtdoshlarimiz nomidan so‘rayman. G‘amboda singlimiz uni qo‘rqitganlari tufayli jurnalistlarga «O‘sha ichki ishlar xodimiga nisbatan da’vom yo‘q, ikkita bolamdan boshqa hech kimim yo‘q, shularga bir zarar yetkazishlaridan qo‘rqaman» dedi. Ammo bugun ko‘ngliga kelgan fashistlikni qiladigan bir ichki ishlar xodimiga adolatli jazo berilishi millionlab xalqimizning ko‘nglida sizga ham, sudga ham, davlat rahbarlariga ham, qolaversa, vatanimizning ertangi kuniga ham ishonchni orttirsa, mabodo San’at Umarov jarima yoki bitta hayfsan bilan qutulib ketsa, butun xalqimizning hech kimga va hech narsaga ishonchi qolmaydi.

− Yo‘q, aslo unday bo‘lmaydi, biz qo‘limizdan kelguncha San’at Umarov bitta hayfsan yo jarima bilan qutulib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Unga qonun ko‘zda tutgan eng qattiq jazo berilishiga erishamiz. Bundan tashqari, uning qaytib bu sohaga yaqin kelmasligini ham ta’minlaymiz. Inson sha’nini yerga urish, or-nomusini toptashga hech kimga, hech bir tizimga, hech qanday amaldorga huquq berilmagan.

San’at Umarov qachondir kimgadir ana shunday tazyiqlar o‘tkazgan bo‘lsa, sha’nini yerga uradigan harakatlar qilgan bo‘lsa prokuraturaga murojaat qilib ma’lum qilishlarini ayting. Bu uning asl basharasini ochishga, barcha qilmishlari uchun jazo olishiga sabab bo‘ladi. Singlimizga esa aytar so‘zim shu: endi siz mening singlimsiz! Endi men sizning himoyachingizman! Sizning ortingizda ko‘p millionli o‘zbek ayol-qizlari, oriyatli o‘zbek xalqi turibdi! Hech kimdan va hech narsadan qo‘rqmang! Men har kuni uyingizga kelolmasligim mumkin, ammo bizning vakillarimiz, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi vakili, mahalla faollari, sizga tayin qilingan psixolog sizdan muntazam xabar olib turadi.

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash joiz. Kecha borganimizda juda sinib qolgan o‘sha ayoldan ikki og‘iz gap ololmay qiynalgan edik. Uning ko‘zlari to‘la qo‘rquv, hadik edi. U bilan yaxshigina ishlagan psixolog suhbatidan keyin ayol anchagina o‘zini bosib olgani, endi odamlarning suhbatlariga ham aralashayotgani ko‘rindi.

− Hammalaringizga rahmat! – dedi ayol. – Toshkentday joydan meni yo‘qlab kelganingizdan ko‘nglim tog‘dek o‘sdi. Kecha, bugun qancha obro‘li insonlar meni yo‘qlab kelayotgani, meni tanimagan, bilmagan yurtdoshlarimizning, hatto chet ellardagi vatandoshlarimizning meni qo‘llab-quvvatlashayotganini ko‘rib, eshitib, ochig‘i, o‘zimda kuch topdim, ertangi kunga dilimda umid, ishonch uyg‘ondi. Saxovatli insonlar bolalarim ko‘z oldimda bo‘lishini istashimni inobatga olib, ular o‘qiydigan maktab yonidan menga do‘kon ochib berishdi. Do‘konning ichini ham mahsulotlar bilan to‘ldirib berishmoqchi. Mana, yaxshilarning sharofati bilan ish joyiga ham ega bo‘ladigan bo‘ldim. Tuman rahbariyatiga ham rahmat, quruvchilarni yuborishdi, ular uyimni chiroyli qilib ta’mirlashayapti. Qo‘ni-qo‘shnilarim, mahalladoshlarimga rahmat, barcha ishda bosh-qosh bo‘lib, hasharlashib turishibdi. Farzandlarim ulg‘ayib, yaxshi kunlaringizda xizmat qilib mehribonchiliklaringizni qaytarishsin!

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva hamma bilan xayrlashib ketar ekan, kamsitilgan ayolni yana bir marta bag‘riga bosib, qadrdon kishisidek xayrlashdi:

− Menga xat yozib, o‘zingiz, ishingiz, bolalaringizning ahvoli, o‘qishidan xabardor qilib turing. Biror muammongiz bo‘lsa, menga yozing. Sizni qo‘llab-quvvatlayman. Unutmang, ortingizda men borman, sizni o‘ylaydigan Prezident bor, davlatimiz bor. Sizni himoya qiluvchi qonun bor. Eng muhimi, sizni tashlab qo‘ymaydigan hamiyatli xalqimiz bor! Yaxshi qoling! O‘zingizni, farzandlaringizni ehtiyot qiling! Qaddingizni tik tuting, siz shunga munosibsiz!

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz» muxbiri
Kattaqo‘rg‘on 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring