Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Blogerlar chempionatining ikkinchi bosqichi yakunlandi

Blogerlar chempionatining ikkinchi bosqichi yakunlandi

Shu yilning 12-aprelida O‘zbekiston blogerlari chempionatiga start berilgan edi. Chempionatning 22–31-may kunlari bo‘lib o‘tgan 2-bosqichiga 64 ta ijodiy ish (matnli, foto, videobloglar) kelib tushdi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 11 nafar bloger bu bosqichdan qatnashmadi.

Natijalar bugun e’lon qilinishi kerak edi. Biroq ikkinchi bosqichiga ko‘pchilik ijodiy ishlarini so‘nggi daqiqalarda yuborishdi. Tabiiyki, bunday kichik fursat ichida o‘nlab postlarni to‘liq ko‘rib chiqib, munosib baholash uchun ajratilgan muddat kamlik qiladi. Chunki gap finalga chiqadigan ishtirokchilarni aniqlash haqida bormoqda. Shu sababli chempionat tashkilotchilari tomonidan hakamlarga baholash uchun yana bir kun ajratildi, ikkinchi bosqich natijalari ertaga, 2-iyun kuni e’lon qilinadigan bo‘ldi.

Yana bir yangilik. O‘tgan bosqichlardagi tajribadan kelib chiqqan holda, ya’ni dedlaynga taqab post yuborishini inobatga olib, finalchilarning ijodiy ishlarini baholashda ham yuqoridagi kabi holatlar yuz berishining oldini olish maqsadida hakamlarga blogpostlarni baholash uchun ajratilgan vaqtbir kundan uch kunga uzaytirildi. Endi Blogerlar chempionatining final bosqichiga ijodiy ishlar 10-iyun kuni soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Hakamlar kelib tushgan ishlarni 3 kun davomida baholashadi. Natijalar, g‘olib va sovrindorlar nomi 13-iyun kuni e’lon qilinadi.

Final bosqichida blogerlar xuddi ikkinchi bosqichda bo‘lgani kabi yangi, hali hech qayerda e’lon qilinmagan blogpost taqdim etishi lozim. Avval boshqa joyda e’lon qilingan blogpostlar kelib tushsa, ishtirokchi shu zahoti chempionatdan chetlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Blogerlar chempionatining g‘oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanishadi:

1-o‘rin (1 ta): 15 million so‘m.
2-o‘rin (2 ta): har biriga 8 million so‘mdan.
3-o‘rin (3 ta): har biriga 5 million so‘mdan.

Bundan tashqari, o‘ndan ziyod nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi. Nominatsiyalar g‘oliblari homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Blogerlar chempionatining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi 14-iyun — Xalqaro blogerlar kuni bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring