Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunayda nega suv oz?

Dunayda nega suv oz?

Foto: «Donau Österreich»

Bu yil yomg‘ir kam yog‘ishi oqibatida Dunay daryosi suvi sathi keskin pasayib ketdi. Bu kuzatuvlar tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir, deya xabar berdi «Yevro Puls».

Masalan, Vengriya poytaxti Budapeshtda Dunay suvi odatdagidan 43-44 santimetrga pasaygan.

Suv kamligidan ilgari daryoda suzib yurgan kemalarning uchdan ikki qismi portlarda suv ko‘payishini kutib turib qolyapti. Qolganlariga ham ilgarigidek ko‘p yuk ortish taqiqlangan, aks holda kema loyqaga botib qoladi. Shuning uchun ham yuklarni endi ko‘proq temiryo‘l va avtomobillarda tashishga to‘g‘ri kelyapti.

Yo‘lovchi kemalari qatnovi ham kamaydi, sayohat kemalariga chiptalar narxi esa 2-7 baravargacha oshib ketdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, bu iqlim o‘zgarishlarining ilk kurtaklaridan biri. Yevropa ittifoqi iqlim strategiyasi doirasida 2030-yilgacha parnik gazlari chiqarilishini 40 foizga (1990-yilga nisbatan) kamaytirmoqchi va elektr energiyasining 27 foizini tiklanuvchi manbalardan olishga o‘tmoqchi.


Ma’lumot uchun

Dunay daryosi Germaniyaning Shvarsvald tog‘laridan boshlanib, Qora dengizga borib quyiladi. O‘nta mamlakat hududidan yoki chegarasi bo‘ylab oqib o‘tadi: Germaniya, Avstriya, Slovakiya, Vengriya, Xorvatiya, Serbiya, Bolgariya, Ruminiya, Ukraina va Moldova. Bu mamlakatlardan tashqari yana to‘qqizta Yevropa mamlakatiga qarashli yerlar Dunay havzasida joylashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring