Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YChL. Ronalduning fantastik goli, Haynkesning rekordi. Kechagi o‘yinlar sharhi (video)

YChL. Ronalduning fantastik goli, Haynkesning rekordi. Kechagi o‘yinlar sharhi (video)

Foto: «realmadrid»

Seshanba oqshomida Yevropa chempionlar ligasining chorak finali doirasida «Real» — «Yuventus» hamda «Sevilya» — «Bavariya» o‘rtasidagi to‘qnashuvda o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.

«Yuventus» har doim pley-off bahslarida «Real»ga muammolar tug‘dirib kelgan. Shu sababli bu safar ham keskin qarshilik yuzaga kelishi kutilgan edi. Ammo madridliklar dastlabki o‘yindayoq yarim final bosqichi taqdirini deyarli hal qilib qo‘ydi.

Bahsning 3-daqiqasida Krishtianu Ronaldu hisobni ochib, maydon egalarini qiyin ahvolga tushirdi. Chap qanotda Marselo raqibini osongina dog‘da qoldirib, Iskoni oldinga boshladi va ispaniyalik futbolchi jarima maydonchasiga to‘pni uzatdi. Joy tanlashni hammadan ko‘ra yaxshiroq uddalaydigan Ronaldu kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘ldi va to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.

Shundan so‘ng o‘yin biroz tenglashgandek edi. Ammo turinlik futbolchilarda asabiylashish sezilgan bo‘lsa, Zidan shogirdlari vaziyatni xotirjam boshqardilar.

Ikkinchi bo‘limda «Yuventus» yana hujumga zo‘r berdi. «Real» esa ishonchli himoyalanishda davom etib, raqibga qulay imkoniyat hosil qilishiga yo‘l bermadi. Maydon egalarining hujumlaridan samara chiqavermagach, jamoa yana asabiylashishni boshladi va bu ketma-ket xatolarni yuzaga keltirdi. Dastlab, himoyachi Kellini qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, Ronalduning to‘pga egalik qilishiga sababchi bo‘ldi. Ronaldu to‘pni Vaskesga uzatdi, uning kuchli zarbani Buffon qaytardi, ammo qaytgan to‘p to‘g‘ri Karvaxalga borib tushdi. Qanot himoyachisining jarima maydoni markaziga uzatgan pasidan keyin Krishtianu akrobatik tarzda zarba berib, fantastik gol muallifi bo‘ldi. Bu gol ushbu mavsumning haqiqiy bezagiga aylandi. Hatto turinlik muxlislar ham bu gol uchun Ronalduni olqishlashdi. Futbolda kamdan-kam yuz beradigan manzara.

Bu ham yetmaganidek, oradan 2 daqiqa o‘tib Dibala ikkinchi sariq kartochka «ishlab» oldi va maydondan chetlatildi.

Uchrashuvning 72-daqiqasida Zidan shogirdlari  chiroyli kombinatsiyasi bilan «Yuventus» himoyasini «chilparchin» qildi. Marselo bu hujumga va umuman o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Yuventus (Italiya) – Real Madrid (Ispaniya) 0:3 (0:1)

Gollar: 0:1 – 3 Ronaldu, 0:2 – 64 Ronaldu, 0:3 – 72 Marselo.

Yuventus – Buffon, Bardzali, Aleks Sandro, De Shilo, Kellini, Duglas Kosta (Matyuidi, 69), Bentankur, Xedira (Kuadrado, 75), Asamoa (Mandjukich, 69), Dibala, Iguain.

Real Madrid – Navas, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich (Kovachich, 82), Kazemiro, Isko (Asensio, 75), Kroos, Benzema (Vaskes, 59), Ronaldu.

Ogohlantirishlar: Bentankur (26), Dibala (45), Ramos (55), Kovachich (88).

Chetlatish: Dibala (66).


Yevropa chempionlar ligasining chorak finalidagi ikkinchi to‘qnashuvda ham juftlik taqdiri deyarli hal bo‘ldi. Bu bahsda «Sevilya» nemis grandiga munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, keyingi bosqichga chiqish masalasi juda og‘irlashdi. Maydon egalari bahsni yaxshi boshladi va hisobni birinchi bo‘lib ochishga ham erishdi.

Uchrashuvning 32-daqiqasida Eskudero chap qanotdan oshirgan uzatmasini himoyachilardan qochib ketgan Sarabiya golga aylantirdi. Biroq «Bavariya» tezda vaziyatni tenglashtirdi. Riberining yo‘llagan zarbasi Xesus Navasning oyog‘iga tegib, yo‘nalishni o‘zgartirdi va darvoza to‘riga borib tushdi.

Ikkinchi bo‘lim ham deyarli teng kurashdlar ostida o‘tdi. Biroq yaratilgan imkoniyatlardan gol urishni faqat «Bavariya» uddaladi. Alkantara gol muallifiga aylandi.

Myunxenliklarning safardagi g‘alabasi ularning imkoniyatlarini oshirib yubordi. Endi Javob 12 aprel kuni «Alyans Arena»da bo‘lib o‘tadigan bahsda «Sevilya»ga oson bo‘lmasligi aniq.

Darvoqe, ushbu g‘alabadan so‘ng myunxenliklar bosh murabbiyi Yupp Haynkes chempionlar ligasi tarixida qatorasiga 12 ta g‘alabaga erishgan birinchi murabbiy bo‘ldi.

Sevilya (Ispaniya) – Bavariya (Germaniya) 1:2 (1:1)

Gollar: 1:0 – 32 Sarabiya, 1:1 – 37, avtogol Navas, 1:2 – 68 Alkantara.

Sevilya – Soriya, Langle, Ker, Eskudero, Navas, Pisarro, Nzonzi, Vaskes, Sarabiya, Korrea (Sandro Ramires, 78), Ben-Yedder (Muriel, 80).

Bavariya – Ulrayx, Boateng, Xummels, Bernat (Rafinya, 46), Martines, Vidal (Xames, 36), Kimmix, Alkantara, Riberi (Robben, 79), Myuller, Levandovski.

Ogohlantirishlar: Riberi (13), Korrea (15), Bernat (34), Myuller (85), Pisarro (90).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring