Endi har yili qo‘shimcha dam olish kunlari oldindan belgilanadi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 dekabr kuni «2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, 2018-yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishi, shuningdek, ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha dam olish kunlari quyidagicha belgilandi:
2-yanvar – seshanba;
20-mart – seshanba;
31-avgust – juma.
Shuningdek, 2018-yilda quyidagi dam olish kunlari ko‘chirildi:
6-yanvar – shanba 3-yanvar – chorshanbaga;
17-mart – shanba 19-mart – dushanbaga;
24-mart – shanba 22-mart – payshanbaga;
25-avgust – shanba 23-avgust – payshanbaga;
26-avgust – yakshanba 24-avgust – jumaga;
8-sentabr – shanba 3-sentabr – dushanbaga;
15-sentabr – shanba 4-sentabr – seshanbaga;
29-dekabr – shanba 31-dekabr – dushanbaga.
Farmon bilan budjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi, har yilgi mehnat ta’tili davrida saqlanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta’tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq belgilangan qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shiladi.
Shuningdek, budjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu farmonning 1-bandiga muvofiq qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat ta’tiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi.
Har yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
Bundan tashqari, xodimlarning dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini ta’minlashni inobatga olgan holda kelgusi kalendar yili uchun qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida har yili 15-oktabrdan kechikmasdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi topshirildi.
Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter