Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on va Bashar Asad uchrashuvi Samarqandda bo‘lib o‘tishi mumkin – OAV

Erdo‘g‘on va Bashar Asad uchrashuvi Samarqandda bo‘lib o‘tishi mumkin – OAV

Haqqin.az

Ayrim xorij OAVlariga ko‘ra, Turkiya va Suriya o‘rtasidagi o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin uzilgan ikki tomonlama munosabatlarni qayta tiklash uchun faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Turkiya matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Suriya rejimi rahbari Bashar al-Assad bilan uchrashuvi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti doirasida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi mumkinligini yozyapti.

Ma’lumki, Turkiya ShHTga a’zo emas. Biroq yaqinda Sochida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Prezident Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Toshkent sammitiga taklifnoma oldi. Anqaradagi xabardor manbalarga ko‘ra, Erdo‘g‘on uni qabul qilgan.

Haqqin.az nashrining Damashq universiteti professori Mehmet Yuvaga tayanib xabar berishicha, ShHT sammitiga Suriya prezidenti Bashar Asad ham taklif etilgan.

«Shu tariqa, Erdo‘g‘on va Asad o‘rtasidagi shaxsiy uchrashuv ehtimoli juda real ko‘rinadi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda Turkiya ommaviy axborot vositalarida Moskva vositachiligida Erdo‘g‘on va Asad uchrashuvini tashkil etish bilan bog‘liq maxfiy muzokaralar haqida xabarlar paydo bo‘layotgan edi.

Erdo‘g‘onning o‘zi ham Suriya rasmiylari bilan yashirin muzokaralar olib borilganini inkor etmay, Kiyevdan Anqaraga ketayotib, unga hamrohlik qilayotgan jurnalistlarga «mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqot va diplomatiyani butunlay to‘xtatib bo‘lmasligini, bunday muloqot zarur va u doimo mavjud bo‘lishi»ni ta’kidlagan», – deyiladi nashrda. 

Eslatib o‘tamiz, Suriyada 2011-yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi davrida Turkiya Suriya muxolifatini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab, Bashar Asad hukumatini qonuniy deb tan olishdan bosh tortib keladi.

Ma’lumot uchun, ShHTning navbatdagi sammiti joriy yil 15 – 16-sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring