Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gazlida yangi kon ochildi

Gazlida yangi kon ochildi

Foto: «Uza.uz»

Mamlakat neftegaz sohasida munosib o‘ringa ega «Gazlineftgazqazibchiqarish» mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi foydalanilayotgan konlar yana bittaga ko‘payib, ularning soni 18 taga yetdi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

O‘tgan yili qazilgan va bundan olti oy ilgari jihozlanishi boshlangan «Shimoliy suzma» koni yaqinda foydalanishga topshirildi.

Kattagina yerosti boyligi zaxirasiga ega «Shimoliy suzma»ning oltita qudug‘idan bir kecha-kunduzda 900 ming kubometr gaz qazib chiqariladi. Hademay, jihozlanishi nihoyasiga yetadigan yettinchi quduq ham ishga tushadi. Tabiiyki, gaz qazib olish miqdori yanada oshadi.

«Shimoliy suzma» tabiiy gazi tarkibidan ajratib olinishi shart bo‘lgan komponentlar mavjud. Shuning uchun ham, u 32 kilometr naridagi «Uchqir» oltingugurtdan tozalash qurilmasi, ya’ni boshqa zavodga uzatilmoqda.

«Gazlineftgazqazibchiqarish» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Abror Rajabovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda ishlab chiqilgan 2017 – 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish dasturiga muvofiq, Gazlida oltita investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ulardan ikkitasi «Shimoliy suzma» konini o‘zlashtirish» hamda «Uchqir» oltingugurtdan tozalash qurilmasidan to «Gazli» yerosti gaz omborigacha bo‘lgan masofada gaz quvurini qurish» loyihalari nihoyasiga yetkazildi.

Umumiy uzunligi 46,3 kilometrdan iborat yangi gaz quvuri kelajakda ishga tushiriladigan konlardan qazib olinadigan «zangori olov»ni uzatishga ham xizmat qiladi.

Yuqorida tilga olingan loyihalar amalga oshirilishi natijasida 20 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Navbatda ro‘yobga chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan to‘rtta loyiha yakunida esa yana 97 ish o‘rni yaratiladi.

«Shimoliy suzma» koni tufayli Uchqir zavodidan tortilgan quvur orqali Gazli yerosti omboriga bir kecha-kunduzda yetkazib berilayotgan tabiiy gaz miqdori 1,5 million kubometrga ko‘paydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring