Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hitlerning Ikkinchi jahon urushidagi nomi chiqmagan ittifoqchilari

Hitlerning Ikkinchi jahon urushidagi nomi chiqmagan ittifoqchilari

Tailand delegatsiya Yaponiya bosh vaziri Xideki Todzio bilan. Tokio, 1942 yil.

Foto: «Commons.wikimedia.org»

Ko‘pchilik Ikkinchi jahon urushini bir tarafdan Sovet ittifoqi, AQSh, Buyukbritaniya va ikkinchi tarafdan Germaniya, Italiya, Yaponiya o‘rtasidagi muhoraba deb o‘ylaydi. Tarixga qiziquvchilargina yana bir nechta davlat u yoki bu tarafda turib urushganini eslay oladi.

Aslida esa insoniyat tarixidagi eng keng ko‘lamli muhorabada o‘sha paytda mavjud bo‘lgan 73 ta davlatning 62 tasi qatnashgan, ularda yer shari aholisining 80 foizidan ko‘prog‘i istiqomat qilar edi.

Gitler Germaniyasi ittifoqdoshlari xaritada ko‘k rangda ko‘rsatilgan.
Foto: «Commons.wikimedia.org»

Quyida hitlerchilar tarafida turib urushgan ayrim davlatlar haqida hikoya qilamiz.

Tayland

Taylandga borgan sayyohlarning ko‘pchiligi Ikkinchi jahon urushida taylar antihitler koalitsiyasiga qarshi davlatlar safida jang qilganini bilmasa kerak.

1940-yildayoq Tayland armiyasi Fransiya Hindixitoyiga hujum qilib, chegaraga tutash bir qancha hududlarni bosib olgan edi. Bu vaqtda Yevropada vermaxt tomonidan yanchib tashlangan fransuzlar o‘z mustamlakalarini yetarlicha himoya qilishga qodir emas edi.

Mamlakat bosh vaziri Luang Plek Pibunsongram Buyukbritaniya bilan ham, Yaponiya bilan ham muzokara olib bordi. 1941-yilning dekabrida yapon qo‘shini dengiz orqali Tayland zaminiga kelib tushdi va qisqa muddatli to‘qnashuvlardan so‘ng Pibunsongram Yaponiya bilan vaqtinchalik sulh tuzdi. Ushbu bitim natijasida Yaponiya Malayyaga hujum qilish uchun Tayland hududidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Tayland hukumati 1942-yil 25-yanvar kuni AQSh va Buyukbritaniyaga urush e’lon qildi. 1942-yilning may oyida tay qo‘shini yapon armiyasi bilan birgalikda Birmaning shimoli-sharqiy hududlarini bosib oldi, 1943-yil 20-avgustda esa Yaponiya to‘rtta shimoliy malay va ikkita tan knyazligini Taylandga berdi.

Mamlakatda yapon-tay ittifoqining muxoliflari ko‘p edi, 1944-yilning iyul oyida parlament Pibunsongramga ishonchsizlik bildirdi va u bosh vazir lavozimidan ketishga majbur bo‘ldi.

Taylandning yangi hukumati jangovar harakatlarda ishtirokini to‘xtatib, antihitler koalitsiyasi bilan muzokaraga kirishdi. 1946-yil 1-yanvarda tinchlik shartnomasi tuzildi: unga ko‘ra Tayland 1941 — 1943-yillarda bosib olgan hududlaridan voz kechdi va Buyukbritaniyaga kontributsiya to‘ladi.

Slovakiya

1938-yilgi «Myunxen kelishuvi» nafaqat Sudet viloyatining Uchinchi reyxga berilishiga, balki 1939-yil 14-mart kuni mustaqil slovak davlati tuzilishiga ham olib keldi. Ushbu harakatning boshida Adolf Hitler rejimini o‘z ittifoqchisi deb bilgan Glinka slovak xalq partiyasi turdi. Germaniyaning talabiga binoan Slovakiyaga mustaqillik berilgan edi.

1939-yilning sentyabrida Slovakiya armiyasi Germaniya bilan birgalikda Polshaga hujum qildi. SSSR bilan urush boshlangach Slovakiya ekspeditsion korpusi Sharqiy frontga jo‘natildi.

Biroq slovak askar va ofitserlari Hitlerning sodiq ittifoqchilari bo‘lgan deb bo‘lmaydi. Ularning bir qismi Qizil armiya yoki partizanlar tarafiga o‘tib ketdi.

1944-yili mamlakatda hitlerchilarga qarshi milliy qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Biroq vermaxt qo‘zg‘olonni bostirdi, uning ishtirokchilarining aksariyati halok bo‘ldi, bir qismi front chizig‘ini kesib o‘tib halokatdan qutulib qoldi.

Qo‘zg‘olonchilar avtokolonnasi. 1944-yilning yozi.
Foto: «Commons.wikimedia.org»

1945-yilning bahorida sovet qo‘shinlari Slovakiya hududini ozod qildi. 1945-yil 8-may kuni Slovakiya  bosh vaziri Shtefan Tiso Kremsmyunster abbatligida Slovakiya respublikasining Ikkinchi jahon urushida taslim bo‘lganligi haqidagi hujjatni imzoladi.

Natsistlar bilan hamkorlik qilgani uchun Tiso 30 yilga kesilib, turmada vafot etdi. Slovakiya Chexoslovakiya tarkibiga qaytdi va 1993-yil 1-yanvardan yana mustaqil davlatga aylandi.

Liviya

Ikkinchi jahon urushining jangu-jadallari Yevropa, Osiyo, Okeaniyada bo‘lib o‘tdi, Afrika ham bundan chetda qolgani yo‘q.

1911-yildayoq Italiya qo‘shini hozirgi Liviyaning shimoliy hududini bosib olgan edi. 1927-yili Kirenaika va Tripolitaniya koloniyalari tuzildi, 1934 yili esa ular (shuningdek Fetssan hududi) Liviyaga qo‘shildi.

Mahalliy aholi mustamlakachilarga qarshi kurashganiga qaramay Italiya Liviya ustidan hukmronlikni saqlab qolibgina qolmay, bu yerga italyanlarni ko‘chirib keltirish siyosatini ham yurgizdi. Natijada 1940-yillarning boshiga kelib ular mamlakat aholisining 12 foizini tashkil qilar edi.

Ittifoqchilar tomonidan vayron qilingan Liviyadagi italyan aerodromi. 1942-yilning dekabri.
Foto: «RIA Novosti»

1940-yilda Shimoliy Afrikada jangovar harakatlar boshlandi. Italiya Liviyada har biri yengil qurollangan 7000 kishidan iborat ikkita diviziya tuzdi. Bu qo‘shin urushning birinchi yiliyoq yanchib tashlandi, ammo diviziyalarning ayrim bo‘linmalari Afrika kampaniyasi tugugunga qadar Liviyaning janubiy sarhadlarini qo‘riqlashda davom etdi.

Shimoliy Afrika va Liviya hududidagi jangovar harakatlar 1943-yilgacha davom etdi va Italiya qo‘shinlarining butkul mag‘lubiyati bilan tugadi. Liviyani Buyukbritaniya va Fransiya nazorat qila boshladi, 1951-yilga kelibgina BMT qarori bilan unga mustaqillik berildi.

Andrey Sidorchik
Manba: «Aif.ru»
Hasan Karvonli tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring