Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hokim buva, eshak loydan o‘tdimi?» (feleton)

«Hokim buva, eshak loydan o‘tdimi?» (feleton)

Narpay tumani hokimligi binosi.

Foto: «Narpay.uz»

Tuman hokimining muomalasi birdaniga o‘zgargani o‘chayotgan umid uchqunlarini porlatib yuborayozdi. Hokimning o‘zi achchiq ichakdek cho‘zib kelayotgan masalani birdaniga «hal qilib beraman» deyishga tushishi kutilmagan hol edi-da. Aslida, masala murakkab emasdi.

Ikki yilcha avval Narpay tumanining «Nog‘oraxona» mahalla fuqarolari yig‘inida havasga loyiq futbol maydonchasi barpo etiladi. Bu tuman mutasaddilarining qo‘llab-quvvatlovi va mahalliy tadbirkor Jamshid Suyarov sa’y-harakati bilan qurilayotgan «Sport kompleksi»ning bir bo‘lagi edi. Mehnati keng jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olingach, tadbirkor qishki yopiq sport inshooti qurishga bel bog‘ladi.

Imkoniyati bor, ishtiyoqi qaynab turibdi, kredit deb birovning boshini qotirayotgani yo‘q, faqat ish risoladagidek yakuniga yetishi uchun qurayotgan «Sport kompleksi» biqinidagi to‘rt sotixgina yer xatlab berilsa, bas. Shunda umumiy maydoni 25 sotixdan ko‘proq bo‘lgan ko‘rkam sport majmuasi yuzaga keladiki, mahalla ahli, birinchi navbatda yoshlar bu yerda qishin-yozin sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tuman hokimi Botir Jabborov bu tashabbusga «ha»yam demadi, «yo‘q» ham...

«Yo‘q» deyishning-ku, iloji yo‘q: sababki, so‘ralayotgan yer maydoni birovning «mahri»ga tushmagan, tuman hokimligi zaxirasida turibdi. Ikkinchidan, bunday sport majmuasi mahalla tugul, tumanning o‘zida yo‘q: shu choqqacha qurilmagan, bunga birov harakat ham qilmagan. Qolaversa, ayrim tuman rahbarlari shunaqa majmua qurdirish uchun tadbirkorlarga iltimos qilib yurgan bir paytda Narpayda buning aksini ko‘rish hokimning omadi emasmi? «Nog‘oraxona» MFYda istiqomat qiluvchi 4146 nafar aholining qariyb yarmi yoshlar, barkamol avlod masalasi davlat siyosati darajasi chiqqan hozirgi kunda sport-sog‘lomlashtirish ishlariga to‘g‘anoq bo‘lmoq bugunning talabiga to‘g‘ri kelmaydiki, tuman rahbari buni bilmaydi, deysizmi?!

Shunga qaramay, shugina masala paysalga solinaverdi, solinaverdi...

Bunday harakatsizlikdan hafsalalar pir bo‘lay-bo‘lay deganda... hokimning o‘zi bosib-ezg‘ilab so‘ndirayozgan umidga yana o‘zi «jon baxsh» etishi favqulodda holat emasmi?

Buning uchun hokimning kichik iltimosini ado etish kerak ekan, xolos.

Iltimos oddiy va... jiddiy edi! «Nog‘oraxona» MFY hududida qisqa muddatda o‘ttiz olti xonadondan iborat ikki qavatli arzon uy-joylar qurildi. Ko‘ngli yarim bir bolani qaramog‘iga olgani bois Suyarovlarga shu uylardan bittaginasi tekkandi. Iltimos shuki, o‘sha uyga mahalladagi bir nogiron oilasi bilan vaqtincha joylashtiriladi, «yuqori»ga falon nafar imkoniyati cheklangan fuqaro uy-joy bilan ta’minlandi, deb «raport» berish uchun...

— Keyin-chi? Keyin?..

— Keyin bir gap bo‘lar, hozir nomiga bo‘lsayam nogironlarni «uyli» qilishimiz shart!.. Agar qo‘llasang, so‘rayotgan o‘sha to‘rt sotix yer — seniki!

Kelishdilar.

...«Uy to‘yi» zo‘-o‘r o‘tdi. Hokim tantanali ravishda birovga tegishli uyi kalitini imkoniyati cheklangan shaxsga tutqazdi, bunday saodatli lahzalar telekameralarga muhrlandi, haroratli nutqlar irod etildi, baland ohanglarda hisobotlar berildi...

Xullas, hammasi risoladagidek!

Biroq hokim va’dasida turmadi.

Turmaydiyam-da. Prezidentning xalqparvar siyosatiga nisbatan ko‘zbo‘yamachlik qilib, davlat rahbarini aldayotgan amaldor uchun oddiy fuqaro oldiga poxol solish ish bo‘ptimi?!

...Alqissa, hokim amallab «eshagini loydan o‘tkazdi»: buning uchun nogironning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi, tadbirkorning qulog‘iga lag‘mon ildi, «yuqori»dan «ochko» olgan bo‘lsa, ehtimol. Endi, muhtaram Suyarov, xizmatingizga ehtiyoj qolmadi, bemalol toshingizni terishingiz mumkin.

Yer-chi?

Qanaqa yer? Anuv to‘rt sotixmi? U yer allaqachon «egasini tanib» ketdi! Endi bu joyga savdo do‘koni quradi! Labbay? Mashhur «Mirbozor» bozori mahallaga yaqin-ku, piyoda o‘n daqiqada yetish mumkin, baski, savdo do‘koniga ehtiyoj yo‘q, deysizmi?.. Ehtimol. Ammo siz sport majmuasi qurib, bitta chempion chiqarguningizcha qancha vaqt ketadi? Hokimga esa «rezultat» kerak, shu bugun kerak, to‘g‘ri yo‘l bilanmi, egri yo‘l bilanmi — farqi yo‘q! Aks holda, talab qattiq: hokimning «kovushi to‘g‘rilanishi» mumkin. Ungacha shunaqa «savob» ishlarga ulgurmog‘i shart. Yerning yangi egasi kim? U kishini tanimaysiz — qo‘shni tumandan(!): aytishlaricha, ism-familiyasida «Boy» degan ham, «Murod» degan ham so‘z bor emish. Tag‘in bunda «faqat boylar murodiga yetaverar ekan-da», degan xayolga bormang-a, isbot-dalil deyilganda xijolatda qolishingiz mumkin...

Shavkat Abdulla

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring