Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «Hudud» axborot tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda «Hudud» axborot tizimi joriy etiladi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «Hudud» axborot tizimini tadbiq etilmoqda. Ushbu tizim hududlarga biriktirilgan sektor rahbarlari ish faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bugun, 22-yanvardan boshlab mazkur axborot tizimini joylarda joriy etish yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlarda hududlarga biriktirilgan sektor rahbarlari uchun o‘quv seminarlari boshlandi.

Seminarlarda hududlarga biriktirilgan sektor (hokimiyat, prokuratura, IIB, soliq)  rahbarlari va tizimga ma’lumotlarni kiritib borishga mas’ul xodimlar ishtirok etishmoqda. Unda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish hamda «UZINFOCOM» markazlari mas’ul xodimlari tizimdan foydalanish hamda ma’lumotlarni kiritish tartiblari bo‘yicha tushunchalar berishyapti.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Respublika hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha biriktirilgan sektorlar rahbarlariga yuklatilgan vazifalar bajarilishini yengillashtirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida har bir sektor rahbarlari planshet qurilmalari bilan ta’minlangan.

Mazkur planshet qurilmalari hamda «Hudud» axborot tizimi yordamida joylardagi turli ob’yektlar pasportlari (maktablar, bozorlar, tibbiyot muassasalari, kommunal xo‘jaligi, ularning holati va hokazolar), hodisalar (huquqbuzarliklar, murojaatlar soni va boshqalar) to‘g‘risidagi hamda aholining dolzarb muammolarini yechish yuzasidan ma’lumotlarni kiritib borish imkoni yaratilgan.

Seminar joriy yilning 1-fevraliga qadar butun respublika bo‘ylab barcha viloyatlarda tashkil etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring