Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Internetga filtr qo‘yish kerakmi?

Internetga filtr qo‘yish kerakmi?

Foto: «woman.rambler.ru»

Bugun global tarmoqdan kutilgan va kutilmagan, istalgan va istalmagan barcha narsani topasiz. Ba’zan keraklisidan keraksizi ko‘pday tuyuladi. Internet makoni foydalanuvchini pornografiya, so‘kish, haqorat, qonunlarni buzishga, suitsidga da’vat etuvchi guruhlar va boshqa ko‘plab salbiy kontent bilan ro‘baro‘ qo‘yadi. Tabiiyki, bunday axborotlardan bolalarni muhofaza qilish faqatgina ota-onalarning vazifasi emas. Bu sayt yaratuvchilari, internet provayderlarining ham muammosi.

Ushbu mavzuda bahslar hali hamon qizg‘in davom etayapti. Kimdir internetga filtr qo‘yish kerakligini aytmoqda. To‘g‘ri, shunda bolalarning faqat belgilangan kontentga kirish imkoni bo‘ladi. Biroq filtrni hamma joyga ham qo‘yish ilojsiz. Qolaversa, taqiqlangan meva shirin bo‘ladi degan gap bor. Demak, bitta yo‘li qoladi: ma’rifiy yo‘l! Yana ham aniqrog‘i — axborotni qabul qilish va uning «hazmi» jarayonida to‘g‘ri qaror qila olish ko‘nikmasini shakllantirish va rivojlantirish. Bu esa bir-birini to‘ldirib borgani holda, oilada, mahallada, ta’lim muassasasida shakllanadi. Shunda farzandlarimizning ichki filtri ishlay boshlaydi. U kompyuter savodxonligi, tarqatilayotgan axborotga nisbatan tanqidiy va mulohazali yondashuv singari jihatlarga asoslangan tabiiy filtrdir. Nafaqat internet orqali, balki boshqa tomondan keladigan salbiy axborotlar ham undan o‘tib ketolmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, bola internetdan foydalanish qoidalarini bilishi kerak. O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tomonidan o‘zbek va rus tillarida «Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo‘yicha qo‘llanma» ishlab chiqilgan.

Mazkur qo‘llanma voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda bolalarni internet tarmog‘idagi xavf-xatarlardan asrash va ularning axborot xavfsizligi me’yorlariga rioya qilishlari bo‘yicha tavsiyalar mavjud. Jumladan, qo‘llanmada voyaga yetmaganlar 3 toifaga (7 yoshdan 10 yoshgacha, 10 yoshdan 13 yoshgacha, 13 yoshdan 16 yoshgacha) bo‘lingan holda, ularga va ota-onalarga alohida taklif va tavsiyalar berilgan.

Kelgusida ushbu qo‘llanma tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida o‘quv faniga qo‘shimcha yoki fakultativ mashg‘ulot sifatida ta’lim dasturiga kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ta’kidlash joizki, kiberhujumlar jarayonida anchayin zaif hisoblanuvchi qatlam 13-15 yoshdagi bolalardir. Ushbu davrda ularning internet olamida o‘zini tutishi ancha faol, fe’l-atvori esa murakkablashib boradi. Bir paytning o‘zida ota-onalar tomonidan nazorat susayishini ham inkor etolmaymiz.

Masalan, «Kasperskiy laborotoriyasi» o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi mazkur mulohazalarga hamohangdir. Tahlil ustalarining fikriga ko‘ra, bir necha omillar ana shunday xulosaga kelishga sabab bo‘ladi. Birinchidan, 13-15 yoshda ko‘proq bo‘sh vaqtini internetda o‘tkazadigan bolalar soni keskin ortib ketadi. Aynan shu yoshda ota-onalar aksar hollarda o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida sergak torttiradigan jarayonlarga duch keladilar. Aynan 13-15 yoshlilarning do‘stlari yoki sinfdoshlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shiddatkor kontentlarni chop etadilar. Ular boshqalardan ko‘ra ko‘proq ko‘pchilik bo‘lib tarmoq orqali o‘ynaladigan o‘yinlarga berilishadi. Shuningdek, kiberbullingga ham boshqalardan ko‘proq duch keladilar. Ayni paytda turli yoshdagi maktab o‘quvchilari internetdagi tahdidlardan to‘laqonli himoyalanmagan bo‘ladi.

Darvoqe... «Kiberbulling», «bulling» degan atamalarni eshitgansiz, albatta. «Bulling» inglizcha so‘z bo‘lib, urishqoq, zo‘ravon kabi ma’nolarni anglatadi. Ijtimoiy mohiyati boshqalarni qo‘rqitish, kamsitish, jismoniy va ruhiy terror qilish yo‘li bilan o‘ziga bo‘ysundirib olish demakdir. «Kiberbulling» esa internetdagi turli servislar orqali yoshlarni ijtimoiy boykot qilishga, agressiyaga, boshqalarni haqorat qilishga da’vat etuvchi axborotlardir.

Psixologlar 1970-yillarda bulling bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan. Ma’lum bo‘lishicha, bunday xulq-atvor o‘smirlar muhitida qo‘llab-quvvatlangan. Demak, aynan shu davrda, qiziqqon yoshlarda moyillik kuchli bo‘lgan. Axborot asrida yoshlardagi mana shu nozik jihatni hisobga olgan holda bulling uchun axborot texnologiyalari keng qo‘llanmoqda.

«Kasperskiy laboratoriyasi»ning tadqiqotlari natijalariga ko‘ra Rossiyada atigi 36 foiz ota-onalar ota-ona nazorati dasturidan foydalanadi. Asosan ushbu funksiya kompyuter va noutbuklarga o‘rnatilgan. Bolalar vaqtining katta qismini o‘tkazishga o‘rganib qolgan mobil qurilmalar esa aksariyat holatlarda himoyalanmagan vaziyatdadir. E’tiboringiz uchun so‘rovda ishtirok etgan bolalarning 69 foizi smartfonlarsiz hayotini tasavvur qila olmasligini bildirgan.

Bolalarning onlayn hayoti dam-badam ularning ota-onalari bilan munosabatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Kattalarning qariyb uchdan biri (29 foizi) oilasida ushbu holat bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar sodir bo‘lishini tan olgan. Asosiy sabab, anglayotganingizdek, bolaning internetga qancha vaqt sarf etayotganidir (83 foizi).

Endi biroz shaxsiy mulohaza. Mavjud holat kishini xavotirga soladi. Bolalar kibertahdidlardan zaif himoyalangan va ushbu tahdidlar kun sayin ortib borayotir. Ayni paytda ularning internetdagi xavfsizligiga ota-onalar tomonidan yetarli e’tibor qaratilmoqda degan qat’iy ishonch yo‘q. Ta’kidlash kerakki, bu bilan gap internetni cheklash haqida emas, balki bolalar va ota-onalar o‘rtasida ishonchli munosabatlar o‘rnatilishi haqida bormoqda.

Chunonchi, «Kiberbullingga duch kelgan bolalar soni va bundan xabari bo‘lgan ota-onalar soni muqoyasa qilinganda, bola va ota-ona o‘rtasidagi ishonch haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Agar oilada o‘zaro tushunish bo‘lsa, ota-ona nazorati va ijtimoiy tarmoqlardagi sozlamalarni boshqarish bolalarda salbiy emotsiyalar keltirib chiqarmaydi. Ushbu holatda bolalar buni shaxsiy hayotiga ortiqcha aralashish emas, ota-onalarining o‘z farzandi haqida qayg‘urishi deya qabul qiladilar. Bu esa ko‘plab xavfli holatlarning oldini olishga zamin yaratadi», – deydi «Kasperskiy laboratoriyasi»ning internetda bolalar xavfsizligi bo‘yicha eksperti Mariya Namestnikova.

G‘arb tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, yaqin haftalardan e’tiboran  Yevroittifoq aholisi «WhatsApp» messenjeridan 16 yoshga to‘lganidan so‘nggina foydalana olishi mumkinligi aytildi. Ushbu qoida mazkur ilovaning xizmatlar ko‘rsatish va konfidensiallik siyosati shartlariga kiritildi.

Yevropa ittifoqida kelgusi oyda kuchga kirishi kutilayotgan Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha umumiy reglament (GDPR – General Data Protection Regulation) mazkur cheklovlarga sabab bo‘ldi. Reglament Yevroittifoq aholisiga kompaniyalar ular to‘g‘risida aynan qanday ma’lumotlarni saqlashi haqida bilib olish imkonini beradi. 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga tegishli bo‘lgan personal ma’lumotlarni faqatgina ularning ota-onalari va vasiylari ruxsati bilan to‘plash, saqlash va qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Biroq boshqa mintaqalar foydalanuvchilari muayyan davlatning mahalliy qonunlari asosida ruxsat etilgan bo‘lsa, 13 yoshdanoq mazkur messenjerdan foydalanishlari mumkin.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, bugungi kunda yurtimizda bolalar (maktab o‘quvchilari) va ularning o‘qituvchilari tomonidan axborot olishga imkoniyat yaratuvchi vositalardan o‘rinli va oqilona foydalanish, axborotning mazmunini tanqidiy tahlil qilishni rivojlantirish va kommunikativ ko‘nikmalarga ega bo‘lish, bolalar va ularning ustozlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona va mas’uliyat bilan foydalanishga tayyorlashni yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Aytish kerakki, Vazirlar qo‘mitasining 2006-yil 27-sentyabrdagi Yevropa kengashi a’zo mamlakatlarga «Yangi axborot-kommunikatsiya muhitida bolalarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyanoma»sida axborot savodxonligini rivojlantirish internet tarmog‘idan foydalanilgan holda tahdidlarga qarshi kurashda samarali chora sifatida tan olingan.

Bugun bolalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiyalar muhitida mas’uliyatli va xavfsiz xatti-harakat qilishni o‘rgatish orqali ularning xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shish mumkin. Shuningdek, foydalanuvchilarning internetdan xavfsiz foydalanish borasidagi bilimlarini o‘rganish, virtual axborot makonida asosiy maqsadni belgilab olishga o‘rgatish, o‘quvchilarning axborot va internet madaniyatini shakllantirish, web-resurslardan foydalanib zarur ma’lumotni mustaqil izlab topishga o‘rgatish hamda global tarmoqda ishlash jarayonida tartib-intizomga rioya qilish malakasini tarbiyalash ota-onalar, o‘qituvchilar va soha mutaxassislari oldidagi eng asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Javohir Qudratov, 
Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini
ta’minlashga ko‘maklashish markazi yetakchi mutaxassisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring