Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

JCh-2018. 19 yoshli Mbappe Argentinani yig‘latdi

JCh-2018. 19 yoshli Mbappe Argentinani yig‘latdi

Jahon chempionatining nimchorak final bosqichi start oldi. Dastlabki o‘yinda haqiqiy dramatikaga guvoh bo‘ldik. Final oldi final uchrashuvida Fransiya va Argentina maydonga tushdi.

«Kazan Arena»da bo‘lib o‘tgan bahsda Yevropa vakillarining qo‘li baland keldi. Uchrashuv debyuti fransuzlarga omadli keldi, maydon markazidan tezlik olgan Kilian Mbappe raqib jarima maydoni ichida to‘xtatildi. Natijada belgilangan penaltini Antuan Grizmann aniq bajarib, hisobni ochdi.

Birinchi bo‘lim tugashi arafasida Anxel Di Mariya jarima maydoni tashqarisida ajoyib zarba yo‘llab, raqib darvozasini aniq nishonga oldi va muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘lim debyutini Argentina faol boshladi va bu o‘z samarasini berdi: standart vaziyatdan so‘ng Lionel Messi jarima maydoni ichida zarba yo‘lladi, bu Gabriel Merkadoga tegib, darvozadan joy oldi.

Bu gol Fransiyani uyg‘otib yubordi va tashabbus butkul Yevropa vakillariga o‘tdi. 57-daqiqada Benjamen Pavar jarima maydonidan qaytgan to‘pga to‘xtatmasdan zarba berdi va turnirning chiroyli gollaridan biriga muallif bo‘ldi.

64-daqiqada Lukas Ernandes to‘pni jarima maydoni ichiga tashlab berdi, u yerda Mbappe yaqin masofadan aniq zarba berib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tar-o‘tmas, Fransiya qarshi hujumda raqibni jazoladi, Blez Matyuidi boshlagan hujumni Olive Jiru davom ettirgan holda Mbappeni darvozabon bilan birga-bir vaziyatga olib chiqdi va Kilian o‘yindagi dublini nishonladi.

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Serxio Aguero Messining uzatmasidan so‘ng hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq qolgan vaqt hisobni qisqartirishga yetmadi.

Shu tariqa, Fransiya ushbu g‘alabadan so‘ng chorak finalga yo‘l oldi, Argentina esa turnirni tark etdi.

JCh-2018, 1/8 final

Fransiya – Argentina 4:3 (1:1, 3:2)

Gollar: 1:0 – 13, penalti Grizmann, 1:1 – 41 Di Mariya, 1:2 – 48 Merkado, 2:2 – 57 Pavar, 3:2 – 64 Mbappe, 4:2 – 68 Mbappe, 4:3 – 90 Aguero.

Fransiya: Loris, Varan, Umtiti, Lyuka Ernandes, Pavar, Matyuidi (Tolisso, 75), Pogba, Kante, Jiru, Grizmann (Fekir, 83), Mbappe (Toven, 89).

Argentina: Armani, Maskerano, Otamendi, Merkado, Roxo (Fasio, 46), Talyafiko, Di Mariya, Banega, Peres (Aguero, 66), Pavon (Mesa, 75), Messi.

Ogohlantirishlar: Roxo (11), Talyafiko (19), Maskerano (43), Banega (50), Matyuidi (72), Pavar (73), Otamendi (90), Jiru (90).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring