Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karim Bahriyev: «Sud hokimiyati va matbuot erkin bo‘lmasa korrupsiyani yo‘qotish aslo mumkin emas»

Karim Bahriyev: «Sud hokimiyati va matbuot erkin bo‘lmasa korrupsiyani yo‘qotish aslo mumkin emas»

Foto: «Uza.uz»

Jurnalist, shoir va tarjimon Karim Bahriyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligining «Gurung» turkum suhbatlarining navbatdagi mehmoni bo‘ldi.

Taniqli jurnalist suhbat davomida O‘zbekistonda so‘z erkinligi, ochiqlik, xalq jurnalistikasi, xolislik haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Xalq jurnalistikasi» paydo bo‘ldi

«O‘zbekistonda hamma narsa qiyoslashda ko‘rinadi. Bundan oldingi vaqtda Prezident Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, ilm-fan joyida turdi. Turli to‘siqlar va korrupsiya bo‘ldi. O‘sha davrlar bilan taqqoslaganda, bugun juda katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda, — deydi Karim Bahriyev. — Avvallari jurnalist juda obro‘li edi. Hamma ehtirom ko‘rsatardi. Bugun har bir odam jurnalistga aylandi. Bugun har bir telefon suratga oladi. Shu sabablimi, oddiy odamlar jurnalistlardan ham o‘tib ketayotgandek nazarimda. Odamlar bir joyda uy buzilsa, rasmga olib saytga yoki ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yyapti. Hokim majlis o‘tkazsa, uni ham tarmoqlarga joylayapti. Maktabda yoki bog‘chada nimadir bo‘lsa, u ham chiqib ketyapti. Hokimiyat shunga munosabat bildiryapti. Javobini berishga majbur bo‘lyapti. Bugun ko‘zga tashlanyaptiki, ijtimoiy tarmoqlar rivojlandi va men uni «Xalq jurnalistikasi» degan bo‘lardim.

Odamlarning jurnalistik mahorati hatto jurnalistlarnikidan ham ortib ketyapti. Yurtimizda tele va radio jurnalistikasidan internet jurnalistikasi ancha ilgarilab ketgan. Bo‘lgan voqeani darhol yoritadi. Ilg‘or saytlarimiz bor. Har birining o‘z yo‘li bor. Muassislarning manfaati ham yotadi. Shunga qaramasdan «Gazeta.uz», «Kun.uz», «Xabar.uz», hatto O‘zA sayti ham onlayn makonda faoliyat yurityapti. Yoki solishtirib ko‘rsangiz, davlat tasarrufidagi OAVlar bizning statusimiz baland, deb o‘tiradi. Ko‘ngilochar qismi rivojlanib ketgan. Televideniyedagi ba’zi narsalarni odamlar ko‘rmayapti. Nega? Chunki xalq dardini yorita olmayapti. Men televideniyeni qiziqroq qilish tarafdoriman. Auditoriyani yo‘qotyapti. Bora-bora o‘zbek telekanallari ko‘rilmay qolishi mumkin. Boshqa davlatlar axborot makonining ta’siriga tushib qolyapmiz. Buni yaxshilash uchun o‘n yillab harakat qilishimiz kerak. Buni maqsad qilib harakat qilish kerak».

Jurnalist qamalmasin…

«Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi, degan maqol bor xalqimizda. Kasbimizda haqiqatni yozish kerak… Hech bo‘lmasa yolg‘on gapirmaslik kerak. Lekin jurnalistga ma’lum ma’noda yozadigan maydon qolishi kerak. Haqorat va tuhmat jinoyatlarini jinoyat ishlaridan olib fuqarolik kodeksiga o‘tkazish kerak. Haqorat va tuhmat uchun gazeta jarimaga tortilsin, jurnalist ham jarima to‘lasin. Lekin qamalmasin. Agar u qamalsa, boshqa jurnalist yozmay qo‘yadi. U qamaldiku, to‘xta, men jim yuray degan fikrga keladi».

Jurnalistlar dadil gapira boshlagani uchun investor O‘zbekistonga kelmay qo‘yadimi?

«Men bunga qo‘shilmayman. Mamlakatning oltin zaxirasi haqida ma’lumot berilmasdi. Bu davlat siri toifasiga kirardi. Yaqinda bir qator pozitsiyalar bo‘yicha, oltin va qimmatli metallar sirlar toifasidan chiqarildi. Xorijdan keladigan investor faqat gazetaga yoki ijtimoiy tarmoqqa qaramaydi. U jahon bankining hisobotlariga qaraydi. Inson huquqlari tashkilotlarining ma’lumotlariga qaraydi. O‘rganilayotganda, shu mamlakatning inson huquqlari, erkinliklari yo‘q, deb gapirib tursa, bu mamlakatga investitsiya qo‘ymaydi. Mamlakatning imijini gazetada chiqqan to‘rttagina maqola hal qilmaydi. Hamma mamlakatning elchisi yuribdi oramizda. Millionlab turistlar kela boshladi. Vizasiz kiradigan davlatlar soni oshdi. Qo‘shni davlatlar bilan chegaralar liberallashdi. Millionlab turistlar yurgan mamlakatda investor bilmaydimi ahvolning qanaqaligini?

Shuning uchun investor boshqa narsani ko‘radi. Bugun bir tadbirkorga yer beriladi. O‘sha tumanga yangi hokim keladi va eski hokim pora olib yer bergan, deb qurilgan tayyor magazinni buzib tashlaydi. Buni ko‘rgan investor bu mamlakatda mulk huquqi himoyalanmagan ekan, deb hisoblaydi. Yoki yana bir fermerga yerlarni 49 yilga arendaga berib keyin 2 yil o‘tmay qaytarib olishayotganini ko‘rgan investor bu davlatda mulk huquqi yo‘q ekan deydi. Chet ellik uchun O‘zbekiston haqida xulosa chiqarish uchun yuzlab manba bor. Shuning bittasi matbuot.

Abdulla Qahhordan bir vaqtlar bir katta amaldor yozuvchi «Meni ham yozing bir maqtab», deb so‘raganida, Abdulla Qahhor unga «Siz yozuvchisiz, xo‘rozqand emassiz... Asarlaringizni o‘zi himoya qiladi», degan ekan. Bo‘layotgan ishlarni yolg‘ondan maqtasak hech kim ishonmaydi. Haqiqatdan bo‘layotganni yozish kerak. Adabiyot, kino, teatr odamlarni balki tarbiyalar. Lekin matbuot tarbiyalaydi, deb aytmaslik kerak. Matbuot tezkor xabar yetkazishi kerak. Shu mamlakatda haqiqat bo‘lsa, birov yolg‘on gapirsa shu fosh bo‘lsa, shu OAVda e’lon qilinsa, shunda bolalar ham tarbiyalanadi. Demak, yolg‘on gapirsa sharmanda bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaydi. Lekin jurnalistlar yolg‘on yozib tursa, odamlar ko‘zbo‘yamachilik qilib yashashi kerak ekan, rostini aytgan odamga qiyin ekan, bu odam kun ko‘rmay o‘tar ekan, degan xulosaga kelsa, xalq ayyor, qallob bo‘lib tarbiyalanadi».

Ochiqlikka to‘siq

«Aslida matbuotning, so‘z erkinligining katta hissasi amaldorlar uchun foydali. Jurnalist biror narsani gapirsa, tanqid qilsa, zarar qilmayotgani, ularning foydasi uchun ekanini tushunishi kerak. Jurnalistlar hamma narsani o‘ylashi kerak. Xorijdan keladigan pul korrupsiya tufayli yo‘q bo‘lib ketmasligi kerak. Zarur joyga sarflanishi, tezroq natija berishi lozim. Ish o‘rinlari yaratilishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kim kurashadi? Matbuot.

Shavkat Mirziyoyev so‘z erkinligini juda himoya qildi. O‘zi ko‘p narsani ochiq-oydin gapirdi. «Men Farg‘onada tez yordam mashinasi bormay to‘lg‘oqdagi ayolning o‘lganini Ozodlikdan o‘qidim», dedi. Balki jurnalistlar intilib, so‘rayotgandir. Lekin juda ko‘p davlat idoralari jurnalistlarga ma’lumot berishda shoshilmayotgani, bir narsani matbuot kotiblari bera olmaydi o‘zicha. Rahbar bilan kelishib chiqaylik, matnini yozib o‘qitib olaylik, ruxsat bersa beraman deydi. To‘rt-besh kun o‘tib ketadi. Ungacha xalqaro matbuotda chiqib ketgan bo‘ladi. Shunaqa tez ma’lumot berishga o‘tishimiz kerak».

Qo‘rquvgina ularni korrupsiyadan tiyib turadi

«Delegatsiya bilan Germaniyaga bordik. Ularning prokurori delegatsiya a’zolari bilan ko‘rishyapti. Ular bizni o‘sha paytda uchinchi dunyo davlati, qashshoq bir davlat, deb qaraydi. Hammaga shunchaki qo‘l uzatib qo‘yyapti. Tarjimon jurnalist Karim Bahriyev degandan keyin o‘rnidan turib «Jurnalistlar bor ekan, ehtiyot bo‘lib gapirishimiz kerak ekan», dedi. O‘sha davlatlarda jurnalistdan ko‘proq qo‘rqadi. Kulgili bo‘lishi mumkin. Lekin o‘sha mamlakatlarning kichik bir xatosi bo‘lsa jurnalist izlab topadi, oshkor qiladi, xalqqa yetkazadi, natijada shu amaldor ishdan ketadi. Shu qo‘rquvgina ularni korrupsiyadan tiyib turadi. Sud hokimiyati va matbuot erkin bo‘lmasa korrupsiyani yo‘qotish aslo mumkin emas».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring