Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Korrupsiya: soha va tashkilotlar reytingi e’lon qilindi

Korrupsiya: soha va tashkilotlar reytingi e’lon qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati samaradorligini baholadi va monitoring natijalarini e’lon qildi.

Baholash 29 ta maxsus indikatorlar asosida «E-Anticor.uz» elektron platformasi orqali amalga oshirildi.

Ma’lumot uchun: Ushbu indikatorlar tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining mavjudligi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va minimallashtirish choralarining ko‘rilganligi, rahbar xodimlarning halollik bo‘yicha shaxsiy namunasi, xodimlarning xabardorlik darajasi, tashkilotning korrupsiyaga qarshi huquqiy targ‘ibotdagi faolligi kabi beshta asosiy yo‘nalishlardagi turli ko‘rsatkichlarni tahlil qilish imkonini beradi.

Baholash birinchi bosqichda o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etayotgan 24 ta tashkilotda eksperiment tariqasida o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, Davlat bojxona va Soliq qo‘mitalari o‘z tizimidagi barcha korrupsion xavf-xatarlarni baholash va ulardagi xatar omilini minimallashtirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalarda tashkil etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy qilgan. Bu, o‘z navbatida, barcha jarayonlarni nazorat qilish mavjud xavflarga tezkorlik bilan munosabat bildirib borish imkonini beradi.

Bundan tashqari, davlat tashkiloti rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murosasiz pozitsiyasi va tashkilot tizimiga, ayniqsa aholi va tadbirkorlar bilan bevosita munosabatga kirishuvchi yo‘nalishlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish tendensiyasi ham mavjud. Bunga misol sifatida Adliya vazirligi, Davlat bojxona, Soliq va Statistika qo‘mitalarini ko‘rsatish mumkin.

Umuman olganda, baholash natijalari joriy yil «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan korrupsiyaning tarqalganlik darajasini jamoatchilik ongida idrok etilishini baholashga qaratilgan so‘rov natijalari bilan hamohang ekanligini ko‘rsatdi.

Xususan, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra aholi tomonidan eng korrupsiyalashgan yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan sog‘liqni saqlash, kadastr, oliy ta’lim sohalariga javobgar bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati «E-Anticor.uz» elektron platformasiga kiritilgan ma’lumotlarni tahlil qilish va ekspertlar fikriga ko‘ra qoniqarsiz deb topildi.

Bu esa, korrupsiyaning tarqalganlik darajasini pasaytirish avvalambor, tashkilotda uning oldini olish uchun qo‘llanilayotgan preventiv mexanizmlarga bevosita bog‘liq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ta’kidlanishicha, reyting baholash natijalari u yoki bu tashkilot (soha)ni korrupsiyalashgan yoki korrupsiyadan xoli degan fikrni bermaydi. 

Bundan tashqari, «E-Anticor.uz» elektron platformasiga ayrim hujjatlar yoki qilingan ishlar kiritilmagan yoki noto‘g‘ri kiritilganligi oqibatida tashkilotlarga tegishli ballar berilmasligining oldini olish maqsadida reytingning dastlabki natijalari tashkilotlarga taqdim qilingan, ularning fikr va e’tirozlariga asosan yakuniy reyting shakllantirilgan.

Baholash natijalariga ko‘ra, 24 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 3 ta tashkilot faoliyat samaradorligi «yaxshi» – 81 balldan 100 ballgacha, 10 ta tashkilot faoliyati «qoniqarli» – 55 balldan 81 ballgacha va 11 ta tashkilotning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati «qoniqarsiz» – 55 balldan past toifalarga ajratildi.

«Yaxshi» deb topilgan tashkilotlar

Baholash natijalariga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati yaxshi deb topildi.

«Qoniqarli» deb topilgan tashkilotlar

Baholash natijalariga ko‘ra Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Maktabgacha ta’lim, Transport vazirliklari, Davlat statistika qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, Davlat aktivlarini boshqarish, Texnik jihatdan tartibga solish agentliklari, Toshkent shahar va Toshkent viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati qoniqarli deb topildi.

«Qoniqarsiz» deb topilgan tashkilotlar

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Xalq ta’limi, Qurilish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Moliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish, Kadastr agentliklari, Bo‘ka va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Reyting baholash natijalari Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga yuborildi.

Mazkur reyting baholash tizimi yil yakuniga ko‘ra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati bo‘yicha amalga oshiriladi va jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring