Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lola Karimova YuNESKOdagi faoliyatini tugatmoqda

Lola Karimova YuNESKOdagi faoliyatini tugatmoqda

Foto: Facebook / Lola Karimova-Tillyaeva

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi, O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi Lola Karimova-Tillayeva YuNESKOdagi faoliyati yakunlanganini e’lon qildi.

«Bugun O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi vazifasidagi so‘ngi ish kunim. O‘n yil davomida diplomat sifatidagi faoliyatim, albatta, hayotimning muhim qismiga aylangan edi. Men ushbu bebaho tajriba, faoliyatim mobaynida tanishgan va birga ishlagan insonlar hamda eng muhimi — o‘z Ona-Vatanimga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan behad mamnunman.

Ortga nazar solar ekanman, vakolatxonamiz amalga oshirgan yorqin loyihalarni yodga olaman. O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi 2008-2017-yillardagi faoliyati mobaynida Navro‘z xalq bayrami, Katta ashula, o‘zbek palovi an’analari, Boysun madaniy merosi, shashmaqom va askiya YuNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.

2016 yili dunyodagi eng katta tog‘ tizmalaridan biri, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududini qamrab olgan G‘arbiy Tyan-Shan Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kirildi. 2017-yil dekabr oyida atlas va adras to‘qish an’anaviy texnologiyasi YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha ilg‘or tajribalar ro‘yxatidan joy oldi.

Men YuNESKOdagi elchilik vazifasini tark etishga qaror qilgan bo‘lsam-da, madaniyat, ta’lim, ilm-fan va atrof-muhitni asrash sohasidagi loyihalarga oid faoliyatimni davom ettirish niyatidaman.

Men, shuningdek, «Sen yolg‘iz emassan» xayriya jamg‘armasi ishini davom ettirish va og‘ir yurak xastaliklari bilan og‘rigan bolalarga fransuz shifokorlari bilan hamkorlikda jarrohlik muolajalarini o‘tkazish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishni davom ettirish maqsadidaman. Shuningdek, imkoniyati cheklangan bolajonlarga va yordamga muhtoj boshqa o‘zbekistonlik bolalarga ko‘mak dasturlarini davom ettiramiz.

Mening rasmiy veb-sahifamda O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan 2008-2017-yillarda amalga oshirilgan ishlar xususidagi hisobot bilan tanishishingiz mumkin», deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring