Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehrga to‘ymagan bola smartfonga to‘yadimi?

Mehrga to‘ymagan bola smartfonga to‘yadimi?

Foto: «Kleo.ru»

Bugungi axborot asrida hech birimiz hayotimizni zamonaviy smartfonu gadjetlarsiz tasavvur eta olmaymiz. Holat shu darajaga yetib kelganki, biror yaqinimizni tez-tez borib ko‘rish va hatto qo‘ng‘iroq qilishdan ko‘ra, ana o‘sha gadjetlarimizdagi «chaqqon» dasturlar orqali ularga sms yozib, xabar olib qo‘yaqolamiz, xolos. Bu «kasallik» endi yoshlarga ham yuqdi. Ular qo‘liga qog‘oz va qalamdan avval smartfonini olmoqda.

Ha, hozir maktab tugul bog‘cha bolasining qo‘lida ham smartfon yoki juda bo‘lmaganda mobil telefon. Bunga ota-onalar birgina izoh berishi mumkin: «Men telefonni farzandimga uni nazorat qilish uchun olib berganman». Tasanno! Endi bolangizning qayerdaligini bilib ko‘nglingiz to‘layaptimi? Farzandingiz risoladagidekmi? Hech qanday muammo yo‘qmi? Javob berishdan avval o‘ylab ko‘ring. Axir hamma ota-ona ham farzandiga telefon, ayniqsa, smartfonu gadjet olib berolmaydi, xo‘sh, ular bolalarini qanday nazorat qilishayotgan ekan? Ularning farzandlari sayoq yuribdimi?

Aslida bolalarga necha yoshdan telefon va smartfon olib bergan ma’qul?

Internet xavfsizligi sohasi mutaxassislarining fikricha, bolalarga telefon(smartfon)ni 12-14 yoshdan olib bergan ma’qul. Ular bu jarayon qancha kechiksa, bolani o‘qishdan shuncha kech chalg‘itishini ta’kidlashmoqda. Chindan ham shunday emasmi? Aslida nazorat uchun olingan telefondan bolangiz bugun qanday maqsadda foydalanayotganiga bir e’tibor bering. Keling, jarayonni izohlaymiz.

Siz farzandingizga telefon olib berdingiz. U xursand. Birozdan keyin raqamlar, suratga tushishlardan charchagan bola telefoniga biror qiziq o‘yin o‘tkazib berishingizni iltimos qiladi. Siz o‘yinni faqat bo‘sh vaqtida o‘ynashi mumkinligini ta’kidlaysiz. U rozi bo‘ladi. Ertasi kuni o‘qishga boradi. Do‘stlariga maqtanadi. Keyinroq o‘zining telefonini do‘stlariniki bilan solishtira boshlaydi. Uyga kelib xarxasha qiladi. Imkoniyatingiz bo‘lsa, yaxshirog‘ini olib berasiz. Bo‘lmasa hozircha unga shu telefon ham bo‘laverishini aytasiz. Asta-sekin bola yanada ko‘prog‘ini istaydi. Dars tinglashdan ko‘ra, telefondagi o‘yinni o‘ynashni afzal ko‘radi. O‘qituvchisi ko‘rsa yaxshi, ko‘rmasa-chi? Bora-bora o‘sha matohning asiriga aylanadi. Buni payqagan ko‘pchilik ota-onalar boladan telefonini olib qo‘yadi va bu uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun psixologlar bu borada ehtiyot bo‘lish kerakligini aytishadi.

Bola boshdan degan gap bor. Shu bois go‘dak, bog‘cha yoshidagi yoki maktabga endigina qadam qo‘ygan bolalarga zamonaviy gadjetlar o‘rniga mehr-e’tibor berish kerak. Aks holda ular ham ayrim kattalar kabi smartfonlardan bosh ko‘tarolmay, atrofdagilarga mehr berishni unutib qo‘yishadi.

Nigina Hakimova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring