Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Millionlar, milliardlar: 2017-yil sarhisobi

Millionlar, milliardlar: 2017-yil sarhisobi

Foto: instagram.com/neymarjr

Futbol — millionlar o‘yini. U nafaqat tomoshabopligi va ommaviyligi bilan, balki sarflanadigan mablag‘lari bilan ham ana shu nomga munosib. «Shampionat.com» 2017-yilda futbol olamida sarflangan eng sara millionlarni tilga oldi... 

222 million yevro

2016-yili «Manchester Yunayted» «Yuventus» yarim himoyachisi Pol Pogbani o‘sha paytdagi rekord summa 105 million yevroga sotib olgan edi. Bu yil Neymar «Barselona»dan «PSJ»ga 222 million yevro evaziga o‘tdi. Biroq bu fransuz klubining braziliyalik uchun sarflagan mablag‘ining bir qismi, xolos. Keling, hisoblab chiqamiz: shartnomada ko‘rsatilgan summa — 222 million yevro (soliqlar bilan 300 millionga tushadi); 45 million yevro — Neymarning otasiga (agent haqi); bonus (yozda 20 million deyishgan); besh yillik shartnomada ko‘rsatilgan maosh — soliqlardan tashqari yiliga 30 million yevrodan (soliqlar bilan taxminan yiliga 44 million yevro). Qisqasi, transferning umumiy qiymati 350 million yevro va 220 million yevro. Yana turli mukofotlari ham bor...

93 million dollar

«Forbes» jurnali 2016/17-yilgi futbol mavsumi yakunlangach, eng daromadli sportchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Bir necha yildirki, bu reytingni Krishtianu Ronaldu boshqarib kelmoqda. Bu safar uning daromadi 93 million dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 11 million dollarga ko‘p degani. Futbolchi 35 million dollarni «Nike», «Tag Heuer», «Abbott Labs», «Herbalife» kabi kompaniyalar reklamasidan hamda o‘zining CR7 brendli mahsulotlaridan ishlab topgani ko‘rsatilgan. Krish Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi 275 million obunachisi bilan dunyoning eng mashhur sportchisi degan nomni saqlab qoldi. Uning doimiy raqobatchisi Messiga kelsak, o‘tgan yilgiga nisbatan 2 millionga oshgan daromadi bilan reytingning uchinchi pog‘onasidan o‘rin olgan.

8,3 milliard funt-sterling

Kimdir sarflaydi, kimdir ishlab topadi. Angliya premer ligasi 2016/17-yilgi mavsumda televizion huquqlarni sotish orqali 8,3 milliard funt ishlab topdi. O‘tgan safargi kelishuv bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich naqd 71 foizga o‘sgan.

700 million rubl

Rossiyada bo‘lib o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida olibsotarlar taxminan shuncha pul ishlab topishdi. «eTicket4.ru» sayti ekspertlarining fikricha, 40 foiz chiptalar FIFAning rasmiy sayti orqali emas, balki boshqa yo‘llar bilan sotuvga chiqqan. Bu esa narxlarning 50 foizga qimmatlashishiga olib kelgan.

600 million rubl

Konfederatsiyalar kubogida futbol o‘yinlariga chiptasi bor muxlislar va jurnalistlarning poyezdda bepul yurishlari uchun davlat g‘aznasidan 600 million rubl sarflandi. Keyingi yilgi Jahon chempionatida ham tashkilotchi-shaharlar o‘rtasida harakatlanish bepul bo‘ladi.

221,5 million funt-sterling

«Manchester Siti» yozgi transferlar chog‘ida ana shuncha mablag‘ sarfladi. «Shaharliklar» himoyachilar Kayl Uoker va Danilo, yarim himoyachilar Bernardu Silva va Duglas Luis hamda darvozabon Edersonni xarid qilishdi. Eng qimmat xarid Benjamin Mendi 52 million funtga tushdi.

110,4 million yevro

2016/17-yilgi Yevropa chempionlar ligasi finalida mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rganiga qaramay, «Yuventus» eng ko‘p daromad olgan jamoa sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi. Italiya klubi ishtiroki uchun turnir tarixidagi rekord mablag‘ hisoblangan 100 million yevrodan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritib, turnir g‘olibi «Real»dan 30 million yevroga ko‘proq mablag‘ ishlab topishdi. Bunday daromadning sababi «Yuventus» televizion huquqlarni turnirda qatnashgan yana bitta Italiya klubi «Napoli» bilan bo‘lishdi. «Atletiko», «Barselona» va «Seviliya»dek sheriklari bor «Real»ga bu borada omad kulib boqmadi. Rossiya jamoalari ichida eng ko‘p daromad qilgan klub «Rostov» 20,4 million yevro ishlab topdi.

44,5 million yevro

Yevropa ligasida «MYu»ga hammadan ko‘proq — 44,5 million yevro mukofot puli ajratildi. Boshqa klublarning daromadi 20 milliondan ko‘p emas. Hattoki, finalchi «Ayaks» ham 16,2 million yevro bilan kifoyalandi. Sankt-Peterburgning «Zenit»i 8,2 million, «Krasnodar» undan bir million kamroq daromad qildi.

450 million funt-sterling

Xitoyning millionlar bilan futbol olamiga kirib kelishi ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Dahshatli transferlar, millionlik shartnomalar, dunyoga mashhur futbolchi va murabbiylar. Voqea qanday tez boshlangan bo‘lsa, yakuni ham shunga o‘xshaydigan ko‘rinadi. Bu yil Xitoy superligasidagi klublarning qarzi taxminan 450 million funtni (510 million yevro atrofida) tashkil etmoqda. Bu esa chempionat taqdiri jiddiy xavf ostida degani...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring