Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milliy gvardiya, DXX, IIV, FVV va Bojxona qo‘mitasi serjantlari forumi o‘tkazildi

Milliy gvardiya, DXX, IIV, FVV va Bojxona qo‘mitasi serjantlari forumi o‘tkazildi

Foto: Milliy gvardiya

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizning yana bir manzilida – Andijon viloyati Andijon shahrida «Birgalikda kuchlimiz» shiori ostidagi «Serjantlar forumi» tashkil etildi. Forum O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida xizmat qilayotgan serjantlar bilan doimiy hamkorlikni o‘rnatish, yangi innovatsion g‘oya va fikrlarni amalga tadbiq etish, kelgusidagi vazifa hamda topshiriqlarni birgalikda bajarish, o‘zaro birlashish maqsadlariga qaratilgandir. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qilib o‘tdi.

Yoshlar markazida start olgan tadbirda Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Bojxona qo‘mitasida xizmat o‘tayotgan serjantlar, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari, shuningdek Yoshlar ittifoqining «Fidokor yoshlar» a’zolari ishtirok etdilar.

Serjantlar forumining kun tartibiga bir qator tadbirlar kiritilgan bo‘lib, ularning barchasida Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Ikki kun davom etgan forumda serjantlar jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat o‘tashga tayinlangan harbiy xizmatchilar bilan uslubiy-amaliy yo‘riqnoma mashg‘ulotlarini olib bordilar, otliq kavaleriya bo‘linmalarining xizmat o‘tash davomida qo‘llaydigan amaliy harakatlari, maxsus operatsiya bajarish chog‘idagi harakatlar texnikasi, Mirzo Bobur hayoti va ijodiga oid burchagi hamda boshqa qo‘rgazmalar bilan tanishdilar.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun turli vaziyatda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha maxsus operatsiyalarning ko‘rgazmali-amaliy mashg‘uloti namoyishi bo‘lib o‘tdi. Fidokor yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar va duch kelgan muammoli vaziyatlarga to‘g‘ri yo‘nalishda maslahatlar oldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring