Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mozambikda millionlab insonlar ocharchilik yoqasida

Mozambikda millionlab insonlar ocharchilik yoqasida

Foto: «Club of Mozambique»

Yil boshidan beri ikkita vayronkor dovulni boshdan o‘tkazgan Mozambikda yashovchi 1,9 million kishiga ochlik xavf solmoqda, bu haqda «Regnum» Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ma’lumoti asosida xabar berdi.

Mozambikka «Iday» va «Kennet» dovullari mart va aprel oylarida yopirilishi oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘lgan, o‘n minglab odamlar boshpanasiz, yashash uchun sharoitsiz qolgandi.

Dovullar qishloq xo‘jaligi ekinlari va infrtatuzilmasiga ham jiddiy ziyon yetkazgandi. Endi o‘sha dovullardan omon qolganlarga ochlik tahdid solmoqda.

Jahon oziq-ovqat dasturi vakili Erve Verxooselning aytishicha, hozirdanoq 1,6 million kishi oziq-ovqat yetishmovchiligidan azob chekyapti, ammo eng yomoni hali oldinda.

«Mozambikda bo‘lg‘usi hosilsiz mavsum juda og‘ir kechadi, agarda vaqtida insonparvarlik yordamini ko‘rsata olmasak, kamida ikki million odam bu inqiroz qurshovida qoladi. Hosilsiz mavsum — 2019-yilning oktyabridan dastlabki hosil yig‘ib olinadigan 2020-yilning martigacha bo‘lgan davr», — dedi Verxoosel.

Uning aytishicha, WFP dovul va qurg‘oqchilikdan zarar ko‘rgan tumanlarda oktyabrdan boshlab har oyda 560 ming kishiga yordam ko‘rsatishni rejalashtirgan. Tashkilot insonparvarlik yordamini yanada kengaytirishga umid qilmoqda. Verxooselning ta’kidlashicha, Mozambikka olti oyda oziq-ovqat yordami ko‘rsatish uchun 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring