Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyni tushunishga urinish: «Ey xush ulkim...»

Navoiyni tushunishga urinish: «Ey xush ulkim...»

Hazrat o‘z g‘azallarida ayrim sura va oyatlarga go‘zal ishoralar ham qilganlar.

Foto: Sputnik Uzbekistan

Go‘zal qo‘shiqqa aylangan va bizga yaxshi tanish bo‘lgan bu g‘azal hazrat Alisher Navoiyning «Favoyidul kibar» («Keksalik foydalari») devonidan o‘rin olgan. G‘azal bitilgan paytda Hazrat naqshbandiylik tariqatining Hirotdagi piri bo‘lib yetishgan, ko‘p ilmlarni egallagan edilar. Xususan, Qur’on ilmini puxta egallagan Hazrat o‘z g‘azallarida ayrim sura va oyatlarga go‘zal ishoralar ham qilganlar. Biz o‘rganayotgan g‘azalda ham birdaniga ikki sura tilga olinayapti va hatto bu ikki sura vazifa sifatida har kuni bomdod va shom mahali, balki undan keyingi duo qabul bo‘ladigan paytlarda takror qilingani e’tirof etiladi.

Ey xush ulkim, ofiyat kunji manga erdi maqom,

Surai Vash-Shamsu Val-Layl erdi virdim subhu shom.

Vash-Shams va Val-Layl suralari nega ajratib tilga olindi ekan?

Alloh Vash-Shams surasining dastlabki sakkiz oyatida quyoshga, uning yog‘dusiga, oyga, kunduzga, kechaga, osmonga, yerga, jonga va ularni yaratgan zotga qasam ichadi. Ana shundan keyin asosiy maqsad aytiladi: «O‘z nafsini — jonini iymon va taqvo bilan poklagan kishi najot topdi. Va u jonni fisq-fujur bilan ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi».

Payg‘ambar alayhissalom qachon yuqoridagi oyatlarni tilovat qilsalar, bir to‘xtab, Allohga bunday duo qilar ekanlar: «Allohim, O‘zing nafsimga — jonimga taqvo ato etgin, o‘zing uning egasi — xojasisan va O‘zing uni eng yaxshi poklaguvchisan».

Val-Layl surasida esa kechaga, kunduzga, erkak va ayolni yaratgan zotga qasam ichgan Alloh «Kim zakot va boshqa sadaqotlarni ato etsa va Allohdan qo‘rqsa, hamda go‘zal oqibatni, ya’ni jannat bor ekanini tasdiq etsa bas, Biz uni oson yo‘lga muyassar qilurmiz», deydi.

Bizningcha, Hazrat bu g‘azalda payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vassallamning Me’roj kechasi arafasidagi, o‘sha kechadagi va undan keyingi holatlarini tasvirlaganlar. Birinchi baytni shunday tushunaylik:

Eng xush damlarim sahar chog‘larida va shomdan keyin yolg‘iz qolib, Vash-Shams va Val-Layl suralarini tilovat qilgan chog‘larim edi. Bu suralarni tilovat qilib, nafsimni tarbiya qilar, uni poklashni Allohdan so‘rar edim:

Subh andin xilvatimg‘a nafhai Ruhul Quds,

Shom mundin kunji faqrim ravzai dorussalom.

Bir kuni subh chog‘ida Jabroil alayhissalomning muborak nafaslari kelib, u zot bu kech Yaratganning qoshiga tashrif buyurishimizning xushxabarini aytdilar. Subhda faqirona kulbada bo‘lgan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shomda jannat bog‘laridan birida o‘tirganliklarini aytayaptilar.

Saydi subham donasi birla maloik qushlari,

Anda qo‘ymay rishtai zuhdu riyoi birla dom.

Tasbeh donalaridek saf tortgan, va tasbeh donalaridek bir-biriga o‘xshagan go‘zal farishtalar Alloh diydori sari borayotgan Payg‘ambarimiz alayhissalomga havas bilan girdikapalak bo‘ldilar. Ular Allohning eng sevimli payg‘ambarini riyosiz va ta’masiz bir ko‘rishga ishtiyoqmand edilar va Payg‘ambarimiz alayhissalom jamoliga asir bo‘lgan edilar.

Ne birovning qomati ra’nosidan nolam biyik,

Ne kishining g‘amzai jodusidan uyqum harom.

Payg‘ambarimiz alayhissalomni esa farishtalarning ra’no qomatlari ham maftun etmaydi, zero, u zotning nolalari farishtalarni ko‘rish emas, O‘zining jamolini ko‘rish edi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning «uyqusini harom etgan» narsa hurlarning joduli g‘amzalari emas edi. U zot tunlari bedor bo‘lib, Alloh diydorini so‘rardilar.

Ne ichimda lolaruhlar ishqidan qonlig‘ tugan,

Ne boshimda siymbarlar vaslidan savdoi xom.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning ichlariga «qonlig‘» dard lolaruhlar, ya’ni maloikalar ishqidan emas, Alloh taoloning ishqidan tushgan edi. Boshlaridagi «savdoi xom» esa hurlarning emas, Alloh taoloning vaslidan edi.

Ham ko‘nguldan nozaninlar suhbati bo‘lg‘on unut,

Ham nazardan mahjabinlar surati borib tamom.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam Alloh taoloning huzuriga borganlarida ko‘ngillari faqatgina Alloh taologa bo‘lgan muhabbat bilan to‘lib, u ko‘ngilda nozaninlar suhbatiga, hatto hurlar, maloikalarga rag‘bat ko‘rsatishga joy qolmadi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning ko‘zlari endi Yorni — Alloh taolonigina ko‘rishni istar, oy yuzli maloikalarni ko‘rishni ham istamas edilar.

Nogahon shoh bazmida jonimga tushdi ofate,

Men o‘zimdan bordim, ul bilmam qayon qildi xirom.

Parda ortidan bo‘lsa-da, Alloh taoloning diydorini ko‘rgan, Alloh taolo bilan roz aytishgan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallamning jonlariga ofat yetadi va hushlaridan ketadilar. O‘zlariga kelganlarida esa «Yor yiroqqa yo‘l olib» bo‘lgan edi. Diydorga to‘ymay qolgan, Yor ketib, hushdan ayrilgan, aqllari pand berayotgan, jonlari o‘zlariniki bo‘lmay qolgan Payg‘ambarimiz alayhissalom Yorning tez ketib qolganiga o‘z xatolaridan sabab axtaradilar:

Hush ketdi, aql itti, qolmadi jonu ko‘ngul,

Ishq chekti zuhd ila savdolarimg‘a intiqom.

Alloh taologa ishqim ulug‘ edi, ammo ba’zan zuhd yo‘lini tutganligim, ba’zan ozgina qilgan toatlarim evaziga ko‘p narsa so‘rab yuborganlarim uchun jazolandim.

Tushmish o‘t jonimga ul damdin beri ul na’vkim,

Jon berib o‘lmakni topmon, aylabon yuz ixtimom.

Me’roj kechasidan keyin Payg‘ambarimiz alayhissalomning jonlariga o‘t tushadi. Yana bir bor Alloh taolo diydoriga yetish uchun bir jonni berishni yuz martalab orzu qiladilar.

Yor g‘oyib, dard muhlik, xalq g‘ofil, naylayin,

G‘avrima kim yetgay, illo shohi gardun ihtishom.

Yor ketdi, unga yetish ishtiyoqi, dardi behad kuchli, halok qiladigan, ammo bu dardimni g‘ofil odamlarga aytolmayman. Qalbim tubidagi ohimga kim ham yetardi? Ammo Alloh taolo hamma narsaga qodir va buyukdir. Umidim faqat Undan.

Ey Navoiy, shohdan darding iloji bo‘lmasa,

Bosh olib ketgil, urib avvoralig‘ dashtini gom.

Agar Alloh taolo toat-ibodatingni qabul qilmasa, ming uringaning bekor, barcha amallaring befoyda bo‘ladi. Vash-Shams surasida aytilganidek, «Va u jonni fisq-fujur bilan ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ladi». Ana unda ovoralik dashtiga bosh olib ketishdan o‘zga ilojing qolmaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallamdek zot ham Alloh taolo rahmat qilmasa ovvora bo‘lib qolishdan xavotir tortayaptilar, Alloh asrasin!

Balki g‘azalning o‘zini o‘qiganimizda bunday tashbehlar axtarmasmidik? Biz ustoz san’atkor Sherali Jo‘rayev kuyga solgan g‘azalni tinglab, qo‘shiqdagi ohanglardan ilhom olib, undagi darddan dardlanib, qo‘shiqni ko‘zlarda yosh bilan tinglayotib, qalbimizda junbushga kelgan tug‘yonlarni qog‘ozda aks ettirishga urindik, xolos. Ehtirosga berilib, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, Alloh mag‘firat qilsin!

Karimberdi To‘ramurod

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring