Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oilaviy mehmonxonalar tashkil etishga ruxsat berildi

Oilaviy mehmonxonalar tashkil etishga ruxsat berildi

Foto: «Booking.com»

Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq oilaviy mehmon uyi – mazkur mehmon uyida uy egasining oila a’zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy uy-joydir. Bunda mazkur joy har bir yashovchi shaxsga 3 m2 hisobidan to‘g‘ri keladigan turarjoy maydoniga ega bo‘lishi lozim.

Oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar joyga ega bo‘lgan shaxs Oilaviy mehmon uylarini ro‘yxatga olish va uning yagona reyestriga kirish uchun ariza berishi kerak. Mazkur reyestr Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.

Qo‘mita hujjatlarni olgan kunidan boshlab ularni uch ish kuni davomida ko‘rib chiqadi hamda natijalar yuzasidan dalolatnomani rasmiylashtiradi.

Ushbu dalolatnoma asosida uylar yagona reyestrga kiritiladi, reyestrga kiritilgandan so‘ng tegishli xizmatlarni ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish va ko‘chirma berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Oilaviy mehmon uylari yagona reyestriga kiritilgan tadbirkorlar buyurtmalariga binoan eng kam ish haqining 300 barobarigacha miqdorda, besh yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi mumkin.

Reyestr elektron shaklda yuritiladi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Reyestr Internet axborot tarmog‘ida onlayn rejimida yangilab turiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring