Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ona oldidagi majburiyatni bajarmagan o‘g‘il qamoqqa ravona qilindi. Keyin-chi?

Ona oldidagi majburiyatni bajarmagan o‘g‘il qamoqqa ravona qilindi. Keyin-chi?

Foto: «LiveJournal»

Farzandlari moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lamay yurgan haqida eshitaverib, quloqlar ham o‘rganib ketdi hatto. Aliment to‘lamagani uchun  birovning ma’muriy qamoq jazosi olishi ham yangilik bo‘lmay qoldi. Yana goh hayrat, goh hasrat bilan eshityapmizki, otalar emas, o‘rni kelsa, onalar ham ham bolasi uchun aliment to‘lashga majbur qilinayotir.

Albatta, bular yoqimli holat emas. Ayniqsa, ochiqqo‘l-u  yetimparvarligi bilan dong taratgan o‘zbeklar uchun...

Endi bundanam og‘riqli holatlar uchrab turibdi: farzand ona ta’minotidan bo‘yin tovlamoqda! Tasavvur qilyapsizmi?

Sud zafarobodlik N.Rahmatov zimmasiga onasining moddiy ta’minoti uchun har oy eng kam oylik ish haqining bir yarim baravari miqdorida aliment to‘lash majburiyatini yuklagan edi.

Farzandga bunday majburiyat sud tomonidan yuklatilishining o‘zi yoqimsiz holat.  Biroq, na chora: farzand burchini ado etmaganki, masala sudgacha yetib boribdi...

Xo‘p, keyin-chi?

Keyin ham amalda hech narsa o‘zgargani yo‘q. Farzand yuraverdi majburiyatdan bo‘yin tovlab. Natijada aliment miqdori yig‘ilib-yig‘ilib, salkam besh million so‘mga yetdiki, bu yog‘iga jiddiy chora ko‘rilmasa bo‘lmaydi. 

Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Zafarobod tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan to‘plangan hujjatlar tuman ma’muriy sudiga yuborildi.

Zafarobod tuman ma’muriy sudining qaroriga asosan N.Rahmatovga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, darhol sud zalidan qamoqqa olindi.

O‘n besh sutka «o‘tirib chiqqan»dan keyin farzandginaning andek «burniga suv kirdi»: 2.000.000 so‘m moddiy ta’minot pullarini to‘lab berdi. Qolganini qoplashni ham tezlashtirmoqchi.

Shunday qilishiyam kerak-da. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring