Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OTMlarga hujjat topshirish haqida batafsil

OTMlarga hujjat topshirish haqida batafsil

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokida «Davlat test markazi tomonidan savollarni shakllantirish mexanizmi va oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlarni sifatli qabul qilinishini ta’minlash» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaz bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov, boshqarma boshlig‘i Diyor Qo‘chqorov, bosh yurist-konsultant Guljahon Madrahimova hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanashicha, bu yilgi qabul jarayonida eng katta yangilik bu oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar elektron tarzda topshirilishi bo‘ladi. Abituriyentlar belgilangan tartibda anketa savollarini to‘ldirishadi, ortiqcha qog‘oz va arizalarni to‘ldirishga hojat bo‘lmaydi. Shaxslarini tasdiqlovchi hujjat va attestat yoki shahodatnomalarini ko‘rsatib, yana o‘zlari bilan olib ketishadi. Bu yil tibbiy ma’lumotnoma ham bekor qilingan.

2019/2010 o‘quv yili uchun test imtihonlariga 69 ta katta sig‘imdagi inshoot tayyorlanmoqda. Ularda imtihonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, abituriyentlarga qulaylik yaratish uchun mo‘’tadil bosimni ta’minlovchi uskunalar, kuzatuv kameralari, ota-onalar kutish zalida nazorat ekranlari va shunga o‘xshash boshqa kerakli choralar ko‘rilgan.

O‘tgan o‘quv yili imtihonlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ham inobatga olinib, bu yil hatto uzatish signallarini to‘suvchi maxsus qurilmalar ham o‘rnatiladi. Ya’ni nosog‘lom raqobat yuzaga kelmasligi uchun abituriyentlar o‘zlari bilan bekitiqcha olib kirgan hech qanday moslamalardan foydalana olmasliklari ta’minlanadi.

Shuningdek, ochiq muloqotda abituriyentlar e’tibor qaratishlari lozim bo‘lgan quyidagi ma’lumotlar taqdim etildi:

▪️Hujjat topshirish uchun belgilangan to‘lov — eng kam ish haqining yarim barobari (101 ming 365 so‘m) bir marta to‘lanadi (fikringiz o‘zgarib boshqa OO‘Yuga topshirsangiz ham boshqa pul to‘lamaysiz). Bu yil birinchi marta hujjat topshirayotgan abituriyentlar, davlat qaramog‘idagi chin yetimlar, 1-,2-guruh nogironlaridan to‘lov undirilmaydi.

▪️Abituriyent ro‘yxatdan o‘tish asnosida asosiy qilib qaysi OO‘Yuni tanlashini, shuningdek, imtihondan o‘tish manzilini ham aniq ko‘rsatib o‘tishi shart. Ya’ni, Toshkentdagi institutda o‘qish uchun viloyatda turib ham imtihon topshirish mumkin.

▪️Abituriyent ro‘yxatdan o‘tishida unga tanlagan yo‘nalishiga mos keladigan qo‘shimcha yo‘nalishlar qatori taqdim etiladi va u imtihon fanlari o‘xshash bo‘lgan yana ikkita yo‘nalishni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng test markazi bazasida uning uchun shaxsiy xona ochiladi. U test imtihonlariga qadar va test topshirib bo‘lgandan keyingi jarayonlarda o‘ziga tegishli barcha ma’lumotlarni ushbu xona orqali bilib olishi mumkin bo‘ladi;

▪️Test imtihonlari 2019yilning 25 iyulidan boshlanadi va abituriyentlar soniga qarab taxminan 20 kun davom etishi kutilmoqda;

▪️Test imtihoniga kirgan abituriyent ertasi kuni o‘zining shaxsiy xonasi orqali har bir fandan yiqqan bali haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin;

▪️Avgust oyining 22 sanasida aynan shu shaxsiy xona orqali OO‘Yuga qabul qilinganligi yoki yo‘qligi haqida ham xabardor bo‘lishlari mumkin.

▪️Barcha qo‘shimcha ma’lumotlar bilan Davlat test markazining rasmiy saytida ham batafsil tanishish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring