Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asif ur Rahmon: «O‘zbekiston bilan media hamkorlikni kengaytirish istagidamiz»

Asif ur Rahmon: «O‘zbekiston bilan media hamkorlikni kengaytirish istagidamiz»

Foto: Xabar.uz

Pokistonning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan media-tur doirasida bir guruh o‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar ushbu mamlakatda bo‘lib, Pokiston Islom Respublikasida ommaviy axborot vositalari faoliyati, shuningdek, madaniyat va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Tashrifning ilk kunida O‘zbekiston delegatsiyasi Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi media hamkorligi, jurnalistlar almashinuvi, axborot agentliklari va teleradiokompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Pokistonda media sohasining bugungi holati, raqamli axborot makoni, ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni hamda qo‘shma media loyihalari yuzasidan ma’lumot oldi.

Uchrashuv doirasida Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi Tashqi targ‘ibot qanotining SAARC, Markaziy Osiyo respublikalari, G‘arbiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika yo‘nalishlari bo‘yicha direktori Asif ur Rahmon Xon bilan ham suhbatlashdik.

U O‘zbekistondan kelgan media delegatsiyasining tashrifini ikki mamlakat o‘rtasidagi axborot va media aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim qadam sifatida baholadi.

— Bu uzoq kutilgan tashrif edi. O‘zbekistonlik jurnalistlar uchun mazmunli dastur tayyorlangan. Ular davlat va xususiy ommaviy axborot vositalari, turli tashkilotlar faoliyati bilan tanishadi. Bu esa Pokistonda rasmiy va xususiy media qanday ishlashi haqida kengroq tasavvur hosil qilish imkonini beradi, – dedi Asif ur Rahmon Xon.

Tashrif dasturidan tarixiy, me’moriy va zamonaviy obyektlarni borib ko‘rish ham o‘rin olgan. Delegatsiya Boburiylar davriga oid me’moriy yodgorliklar, arxeologik maskanlar va zamonaviy inshootlar bilan tanishishi rejalashtirilgan.

Asif ur Rahmon Xon Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida media sohasidagi hamkorlik muayyan institutsional asosga ega ekanini ham qayd etdi.

— Ikki mamlakat o‘rtasida media yo‘nalishida bir qator memorandum va kelishuvlar mavjud. Jumladan, Pokistonning Associated Press of Pakistan axborot agentligi bilan O‘zbekiston axborot agentligi, shuningdek, Pakistan Television Corporation bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘rtasida hamkorlik hujjatlari imzolangan, – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro tashriflar, tajriba almashinuvi va tashkilotlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish orqali media munosabatlarini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.

— Biz do‘stlik munosabatlarimizni yanada yaqinlashtirish va media sohasining turli yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni istaymiz. Bu jarayon faqat matbuot va elektron OAV bilan cheklanmasligi kerak. Raqamli axborot makoni, soxta xabarlarga qarshi kurash va shu kabi zamonaviy yo‘nalishlar ham hamkorligimizning muhim qismi bo‘lishi lozim, – dedi Pokiston vakili.

Suhbatda Pokistonda ijtimoiy tarmoqlar va blogerlikning o‘rni haqida ham fikr bildirildi.

— Pokistonda ijtimoiy tarmoqlar juda ommalashgan. Turli inflyuenserlarni kuzatib boradigan juda katta auditoriya mavjud. Ular muayyan qarash va axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim o‘rin tutadi, – dedi u.

Aholi axborotni ko‘proq qaysi manbadan olishi haqidagi savolga javob berar ekan, Asif ur Rahmon Xon ijtimoiy tarmoqlar katta auditoriyaga ega ekanini qayd etdi. Biroq aniq statistik ko‘rsatkichlarni keltirish uchun bu masala bo‘yicha mas’ul mutaxassislar fikriga murojaat qilish lozimligini bildirdi.

Suhbat yakunida Pokiston va O‘zbekiston do‘stligiga urg‘u berildi.

Elbek Boymuradov,
Xabar.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring