Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senator yo‘l-patrul postlaridagi holatni tanqid qildi

Senator yo‘l-patrul postlaridagi holatni tanqid qildi

Foto: «Uza.uz»

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Senatning mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Farruh Dadaxo‘jayev nutq so‘zladi.

«Daryo»ning yozishicha, senator ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va nopok xodimlardan tozalash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, joriy yilning 11 oyida 155 nafar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 144 ta jinoyat, 1283 nafari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilganini bildirgan.

Shuningdek, senator o‘z nutqida fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, bir-birini takrorlab, sun’iy tirbandlik keltirib chiqarayotgan postlarning 55 foizi tugatilgani, biroq statsionar postlarning ayrimlari xanuzgacha faoliyatini davom ettirayotgani bu esa aholi va sayyohlar noroziligiga sabab bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi:

«Faoliyat yuritayotgan ayrim statsionar postlarda amalda barcha haydovchilar, transport vositalari va yuklarga tegishli hujjatlar tekshiruvdan o‘tkazilayotganligi yoki «to‘xtamasdan harakatlanish taqiqlanadi» yo‘l belgisi va do‘ngliklar doimiy o‘rnatilganligi oqibatida tirbandliklar yuzaga kelayotganligi aniqlanmoqda, bu esa haydovchilar va fuqarolarning, shu jumladan mamlakatimizdan tranzit orqali o‘tib ketayotgan avtotransport vositalari haydovchilarini, ayniqsa turistlarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, 2018-yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-yanvardagi 11-sonli ya’ni 24 yil avval qabul qilingan «Avtomobillarda xorijiy yuk tashuvchilarning Respublika hududiga kirishlari, bo‘lishlari, yuk olib o‘tishlari va undan chiqib ketishlarini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori talablari asosida respublikamiz orqali tranzit o‘tib ketuvchi jami 38 mingdan ortiq transport vositalari tekshirilgan.

Bu kabi holatlar Toshkent shahri atrofidagi ayrim yo‘l-patrul statsionar postlarida bartaraf etilgan bo‘lib, lekin mamlakatimizning boshqa hududlaridan yo‘l belgilarini olib tashlash bo‘yicha ishlar ijrosi to‘liq ta’minlanmaganligi kuzatilmoqda.

Vaholangki, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasining joriy yil 24-noyabrda bergan ma’lumotida – bugungi kunda barcha postlardan «To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlanadi» yo‘l belgilari va do‘ngliklar olib tashlanganligi, ularning o‘rniga yuqori tezlikni cheklash (5 km/soatdan) yo‘l belgilari o‘rnatilganligi ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, bir yil va undan ortiq muddat davomida foydalanilmayotgan avtomobil va temir yo‘l kesishuv joylarida o‘rnatilgan to‘xtamasdan harakatlanishni taqiqlovchi yo‘l belgisini vaqtincha olib tashlash choralari bo‘yicha 2018-yil 29-iyundagi Senat qarori ijrosi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi, «O‘zdavtemiryo‘lnazorat» davlat inspeksiyasi hamda hokimliklar tomonidan to‘liq bajarilmaganligi sababli kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni alohida nazoratga olish lozim bo‘ladi deb hisoblayman», — degan Farruh Dadaxo‘jayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring