Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qiladi

Foto: «Taraqqiyot strategiyasi» markazi matbuot xizmati

Shu kunlarda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Isroil davlatida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – sog‘liqni saqlash tizimidagi eng so‘nggi o‘zgarishlar, boshqaruvning samarali usullari, zamonaviy tibbiyot uskunalari va texnologiyalari bilan tanishish, xorijiy muassasa va mutaxassislar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish, deb xabar bermoqda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi matbuot xizmati.

Delegatsiya a’zolari Tel-Aviv, Iyerusalim va Xolon shaharlariga tashrif buyurib, sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdilar hamda yetakchi tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdilar. Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi, tez tibbiy yordam, milliy tibbiy sug‘urta tizimi, davlat tibbiyot markazi, xususiy shifoxonalar, bolalar va ayollar uchun ixtisoslashgan bo‘limlar faoliyati o‘rganildi.

Bundan tashqari, yurak-qon tomirlari va onkologik kasalliklarga ixtisoslashgan hamda halqaro standartlar asosida yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarda bo‘ldilar. U yerda shifokor va yetakchi mutaxassislar bilan fikr almashib, ko‘plab foydali ma’lumotlar va tajribalarni o‘rgandilar.

Zamonaviy innovatsion texnologiyalar, eng so‘nggi rusumdagi tibbiyot uskunalari imkoniyatlari, telemeditsina, elektron tibbiyot kartasi, ma’lumotlar bazasi kabi Isroil sog‘liqni saqlash tizimining asosi hisoblanuvchi vosita va tizimlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Shifoxonalarda yo‘lga qo‘yilgan logistika va operativ harakatlanish usullari ham o‘rganildi.

Vakillarimiz Xolon shahriga tashrif davomida «Volfson» shifoxonasi qoshida tashkil etilgan «Save Childs Heart» loyihasi ishtirokchilari bilan uchrashishdi.

Isroil davlatida o‘tkazilgan dastlabki muzokaralar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi dunyoga mashhur va yetakchi tibbiyot muassasalari hisoblanuvchi «Sheba» davlat tibbiyot markazi, «Schneider» bolalar tibbiyot markazi, «Magen David Adon» tez tibbiy xizmati hamda «LR group» kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumlari, shuningdek, ikki davlat vazirliklari o‘rtasida telemeditsina yo‘nalishida kelishuv hujjati imzolandi.

Hamkorliklar doirasida Isroil klinikalari tomonidan o‘zbekistonlik shifokorlarga bepul maslahatlar beriladi hamda mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, telemeditsina yo‘nalishida o‘zbekistonlik eng yaxshi bolalar shifokorlari, shu jumladan ankolog va transplantologlar Isroil davlatida malaka oshiradilar hamda doimiy ravishda yetakchi shifokorlar bilan onlayn muloqotlar tashkil etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring