Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Samarqandda qator tibbiyot muassasalari rahbarlari vazifasidan ozod etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Samarqandda qator tibbiyot muassasalari rahbarlari vazifasidan ozod etildi

Foto: «Xabar.uz»

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish davom etmoqda. Kuni kecha Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi hamda Samarqand shahar 2-son tug‘uruqxonasida xizmat tekshiruvi o‘tkazildi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Murojaatlardagi har bir holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi professorlari va Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbar-xodimlaridan iborat guruh o‘rganish ishlarini olib bordi.

Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi hamda Samarqand shahar 2-son tug‘uruqxonasida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvidan so‘ng tibbiyot muassasasining ayrim shifokor va hamshiralari o‘z xizmat vazifasi, aholi oldidagi burchiga panjara ortidan qarab kelgani, ona va bola salomatligi, patronaj ishlari sust olib borilgani aniqlandi. Davlatimiz rahbarining onalik va bolalikni muhofaza qilish, patronaj ishlarini haqqoniy olib borish bo‘yicha bergan topshiriqlarini to‘la-to‘kis bajarmay, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi.

Xususan, Pastdarg‘om tumanidagi 28-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri T.Hakimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ushbu muassasaning akusher-ginekologi M.Rashidova, umumiy amaliyot shifokori Sh.Muhiddinova, patronaj hamshirasi G.Hasanova va doya D.Mardiyevalarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, Samarqand shahar 2-son tug‘uruqxona bosh vrachi I.Hazratqulov, ginekologiya bo‘limi akusher-ginekologi D.Hasanovalar ona va bola salomatligiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani uchun belgilangan tartibda egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Mazkur tug‘uruqxonaning yana bir guruh xodimlariga xizmat vazifasini lozim darajada bajarmay, bemor sog‘ligiga nisbatan beparvolik bilan yondashgani uchun qat’iy intizomiy choralar ko‘rildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariyaga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring