Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriya: hukumat uchun daromad – yoshlar boshiga kulfat

Suriya: hukumat uchun daromad – yoshlar boshiga kulfat

Saudiya Arabistoni bojxonachisi Suriyadan yuborilgan anor ichiga kaptagon tabletkalari yashirilganini fosh etmoqda. Foto: «AP»

10 yildan buyon fuqarolar urushi davom etayotgan Suriya giyohvandlik moddalari eksport qiluvchi o‘lkaga aylanmoqda, deb xabar beradi «The Economist» nashri.

Urush tufayli bir paytlar ma’mur bo‘lgan mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqdi, sanoat va ishlab chiqarish puturdan ketdi. Mutaraqqiy mamlakatlar tomonidan Bashar Asad ma’muriyatiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar ham, tabiiyki, taraqqiyotga tushov bo‘lmoqda. Qayd etilishicha, ana shunday mushkul-murakkab vaziyatda narkotik savdosi Asad ma’muriyati joniga ora kirmoqda.

Suriya keyingi yillarda Yaqin Sharq o‘lkalarida keng tarqalgan narkotik modda – kaptagon tabletkalarining asosiy eksportchisiga aylandi, deb yozadi «The Economist».

2011-yili mamlakatda fuqarolar urushi boshlangach, narkotik moddalar yetishtirish ommaviy tus oldi. Suriya rejimini qo‘llab-quvvatlash uchun Afg‘oniston va Livandan kelgan jangarilar o‘zlari bilan giyohvandlik moddalari tayyorlash va sotish texnikasini ham keltirdilar. Mamlakat bo‘ylab nasha maydonlari kengaytirildi, kaptagon tabletkalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2013-yildan esa butun Arab olamiga yashirin yo‘llar bilan og‘u sotila boshladi.

Xorijiy mamlakatlar nazorat idoralari tomonidan fosh etilayotgan holatlar narkotik savdosi ko‘lami ulkan ekanidan dalolat beradi. Masalan, o‘tgan yili italyan politsiyasi 1 milliard yevrolik 84 mln dona, joriy yil may oyida esa Malayziya huquq idoralari 95 mln dona kaptagon tabletkalarini musodara qilgan.

Buyuk Britaniyaning «The Guardian» nashriga ko‘ra, 2020-yili Suriya 3,46 milliard dollarlik kaptagon tabletkalarini eksport qilgan.

Kiprdagi Tezkor tahlil va tadqiqot markazi (COAR) mutaxassisi Yan Larson Suriya markaziy hukumati narkotik savdosidan asosiy manfaatdor ekanini ta’kidlaydi. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq etish markazi ham milliardlab dollar daromad keltirayotgan narkotik savdosi Bashar Asadning yaqinlari nazoratida deb hisoblaydi.

Balo kelsa, qo‘sha-qo‘sha keladi deganlaridek, 10 yildan buyon urush olovi yonayotgan Suriyada qashshoqlik va ochlik ham kun sayin kuchayib bormoqda.

BMTning oziq-ovqat masalalari bo‘yicha agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 12,4 million kishi (aholining 60 foizi!) ochlik iskanjasida qolmoqda. 2015-2020-yillarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi 33 baravarga ko‘tarildi. Koronavirus pandemiyasi esa jafokash xalq uchun yanada og‘ir sinovga aylandi.

2011-yildan buyon Shom tuproqlarida, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 400-500 ming kishi halok bo‘ldi, millionlab aholi kindik qoni to‘kilgan shaharu qasabalarni tark etishga majbur bo‘ldi.

Suriyadagi fuqarolar urushidan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanayotgan mamlakatlar o‘lkadagi gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirishga zo‘r berib harakat qilmoqda, deya bong uradi «Politico» nashri.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Suriyani geosiyosiy kurash maydoniga aylantirgan yirik mamlakatlar ham, toju taxtini saqlab qolishga zo‘r berayotgan ishboshilar ham ko‘p millionli aholi ochlik domida ekani, boz ustiga, giyohvandlik moddalari tobora ko‘proq yoshlarni o‘z domiga tortayoganidan ko‘p-da xavotir olmayotir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring