Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abdumajid Ahmedov

Taqdirga ishonganimdan mana shu yozayotganlarim sizgacha yetib borishidan umidvorman. Rizq deb atalmish bebaho narsadan siqmaganiga shukr...

Tojik marosimlarining o‘ziga xosliklari: «artist»siz to‘y, ovqatsiz aza va boshqalar haqida

Tojik marosimlarining o‘ziga xosliklari: «artist»siz to‘y, ovqatsiz aza va boshqalar haqida

Foto: «Asia-travel.uz»

Xalqimizda «boshing to‘ydan chiqmasin», «topganing to‘ylarga buyursin» kabi ajoyib maqollar bor-a?! O‘z manfaatimiz uchun balki ming yillik maqollardan voz kecharmiz. Topganimizni to‘ylarga va yaxshi kunlarga sarflaganimiz yaxshi-yu, to‘ydan keyin boshimiz qarzdan chiqmasligi yomon-da.

Oliy Majlis Senatining «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi xalqimiz tomonidan keng muhokama qilindi, OAVning qator ko‘rsatuv, maqola, eshittirishlari ana shu mavzuga bag‘ishlandi. Yaqin kunlarda rasmiy hujjat ham tasdiqlanishi ehtimoldan xoli emas. Shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan, jiddiy, bosh qotirishga arzigulik muammo. Qizig‘i, qo‘shni Tojikistonda ham xuddi shunday muammo mavjudligi bois 2007 yilda maxsus qonun qabul qilingan.

«Tojikiston Respublikasida urf-odatlar, bayramlar va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga nikoh va sunnat to‘ylari, motam marosimlari, hoji to‘y va hatto tug‘ilgan kun ham qanday nishonlanishi haqida normalar kiritilgan. Qizig‘i, qonunning 8-moddasiga amal qilgan mamlakat fuqarolari tug‘ilgan kunini faqatgina oila davrasida nishonlashlari mumkin.

Xatna qilish bepul, faqat shifoxonada!

Qonunga ko‘ra sunnat to‘yi faqat oila davrasida o‘tkaziladi. Xatna qilish chaqaloq tug‘ilganidan keyingi 20 kun ichida shifoxonada bepul amalga oshiriladi.

Yangi mehmon tug‘ilishi bilan bog‘liq gaxvorabandon (beshikka yotqizish), chillagurezon (chaqaloq tug‘ilganidan qirq kunlik muddat o‘tishi bilan qilinadigan marosim), mo‘ysargiron (soch olish marosimi) va boshqa odatlar oila davrasida jonliq (mol, qo‘y) so‘ymasdan, san’atkorlar ishtirokisiz bo‘lib o‘tishi lozim. Aqiqa marosimi taqiqlangan.

To‘ylar yanada ixchamroq

Nikoh to‘yining barcha marosimlari ikki kun ichida amalga oshirilishi kerak. Bazmga 150, osh berish marosimiga 200 tagacha mehmon chaqirilishi mumkin. Xarajat har ikki tomon o‘rtasida bo‘linishi lozim.

Nonshikanon (fotiha), «idonabari» (hadya ulashish), modartalbon (ona chaqirdi), padartalbon (ota chaqirdi), chodarkanon (yuz ochar), muborakbodi (tabriklash), rohbandon (yo‘l to‘sish), «sarupobinon» (kelin-kuyovning kiyimlarini namoyish qilish), «choygashtak» (qiz majlisi) va boshqa marosimlar hamda kelin-kuyovning qarindosh-urug‘lariga (ota-onasidan tashqari) sovg‘a tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.

«Domodtalbon» (kuyovning kelinning ota-onasining uyiga birinchi marta borish odati) va «arusbinon» (kelin ko‘rish) marosimlari oila davrasida 15 kishi ishtirokida o‘tkazilishi lozim. Nikoh marosimida to‘rtta yengil avtomobildan foydalanish mumkin.

Ovqatsiz ta’ziya

Janoza namozida ishtirokchilar soni cheklanmagan. Ammo barcha motam marosimlarida («Uchinchi kun», «qirq», «yil») jonliq so‘yish va mehmonlarni ovqatga taklif qilish mumkin emas. Shuningdek, «oshi sari taxta», «dushanbegi», «jumagi», «haft», «bist», «shashmohagi» marosimlari va kelganlarga pul berish odatlari taqiqlangan. Faqatgina go‘rkov va mayyit yuvuvchi xizmati uchun haq berilishi mumkin.

Hojilarni ziyorat qilish mumkin edi...

Mamlakatda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra 40 yoshdan oshmagan fuqaro haj va umra ibodatini ado etish uchun safar qila olmaydi. Boz ustiga, musofirlar ro‘yxati respublika hukumati tomonidan shakllantiriladi. Qonunning 12-moddasida hojilarni ziyorat qilish bilan bog‘liq «hojitalbon» (hoji ziyorati) va «hojioshi» (hoji oshi) marosimlari ham bekor qilingan. 2017 yilgacha bu marosimlar oila davrasida o‘tkazilishi mumkin edi.

 To‘y vaqti chegaralangan

Qonunda to‘ylar to‘yxona egalari va to‘ychilar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida o‘tkazilishi, shuningdek u bilan bog‘liq qonunbuzarlikka har ikki tomon birdek javobgar bo‘lishi belgilangan.

To‘ylar shaharlarda dam olish kunlari soat 8:00 dan 20:00 gacha, ish kunlari 18:00 dan 22:00 gacha, qishloq va qo‘rg‘onlarda dam olish kunlari 1 apreldan 31 oktyabrgacha 6:00 dan 22:00 ga qadar, 1 noyabrdan 31 martgacha 8:00 dan 22:00 gacha, ish kunlari 18:00 dan 22:00 gacha o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Ularning davomiyligi 3 soatdan oshmasligi lozim.

Qonunbuzarlar kim? Jarima qancha?

Qonun qabul qilinganiga 10 yildan ko‘proq vaqt bo‘ldi. Tabiiyki, uning talablarini hamma ham birdek bajara olgani yo‘q. Ammo yillar davomida aholi ongi, to‘yga munosabati sezilarli darajada o‘zgardi. To‘ylarga sarflanayotgan mablag‘laru ortiqcha dabdabalar keskin kamaydi. Qonunga rioya etilishi bo‘yicha tuzilgan mahalliy komissiyalar yuqorida aytib o‘tilgan talablar bo‘yicha ish olib bormoqda.

Prezident matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida mazkur qoidalarni asosan mansabdorlar, davlat xizmatchilari, o‘ziga to‘q oilalar, tadbirkorlar va din vakillari buzayotgani aniqlangan. Mazkur qonun talablari hukumat a’zolari, viloyat, shahar va tuman rahbarlari, davlat xizmatchilari, sudyalar, xavfsizlik, prokuratura, ichki ishlar, davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash, soliq va bojxona organlari xodimlari, harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari tomonidan buzilsa, mansabdor o‘z vazifasidan ozod qilinishi belgilangan. Shuningdek, Tojikistonning Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksiga maxsus norma kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra mazkur qonun talablarini bajarmagan mansabdor va yuridik shaxslar uchun jarima miqdori 25-26 ming somoniydan 35 ming somoniygacha belgilangan. Ushbu talablarni qo‘pol ravishda, takroran buzgan jismoniy shaxs 30 ming, yuridik shaxs 50 ming somoniy jarima to‘lashga majbur. Agar 1 somoniy taxminan 1000 o‘zbek so‘miga to‘g‘ri kelishidan xabaringiz bo‘lsa, qonunni buzgan shaxslar yaxshigina moliyaviy zarar ko‘rishi mumkinligiga amin bo‘lasiz.

Oliy Majlis Senatining «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorining (loyiha) ilovasi hisoblangan nizom* hamda «Tojikiston Respublikasida urf-odatlar, bayramlar va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunining o‘xshash va farqli jihatlari

Tojikistonda

Bizda

Tug‘ilgan kun faqat oila davrasida nishonlanishi mumkin.

Aniq ko‘rsatilmagan

Nikoh to‘yi

Shaharlarda:

dam olish kunlari – 8:00 dan 20:00 gacha;

ish kunlari 18:00 dan 22:00 gacha.

 

Qishloq va qo‘rg‘onlarda:

dam olish kunlari – 1 apreldan 31 oktyabrgacha – 6:00 dan 22:00 gacha;

1 noyabrdan 31 martgacha – 8:00 dan 22:00 gacha;

ish kunlari – 18:00 dan 22:00 gacha;

 

davomiyligi: 3 soatdan oshmasligi lozim.

To‘y-hashamlar – 10:00 dan 23:00 gacha;

 

osh berish marosimlari – 12:00 dan 15:00 gacha.

 

Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bazmga 150, osh berish marosimiga 200 tagacha mehmon chaqirish mumkin.

Bazmga 150, osh berish marosimiga 200 tagacha mehmon chaqirish mumkin.

Nikoh marosimida 4 yengil avtomashinadan foydalanish mumkin.

 

kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi uchun 2 ta yengil avtomashinadan foydalanish mumkin.

Nonshikanon (fotiha), idonabari (hadya ulashish), modartalbon (ona chaqirdi), padartalbon (ota chaqirdi), chodarkanon (yuz ochar), muborakbodi (tabriklash), rohbandon (yo‘l to‘sish), sarupobinon (kelin-kuyovning kiyimlarini namoyish qilish), choygashtak (qiz majlisi) va boshqa marosimlar hamda kelin-kuyovning qarindosh-urug‘lariga (ota-onasidan tashqari) sovg‘a tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.

Tanishuv, sep yoydi, quda tanish, ota ko‘rdi, ota keldi, charlari, quda chaqirdi, kuyov chaqirdi, kelin chaqirdi, kuyov navkar, kelin navkar, kelin salom, tog‘ora yuborish va shu kabi boshqa tadbirlarni o‘tkazish man etiladi. Shuningdek, pul qistirish, pul sochish, odobsiz shoular, sevgi tarixi (Love story) kabi axloq-odobga zid bo‘lgan boshqa holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aniq ko‘rsatilmagan.

Diniy mavzuda din sohasi vakili ma’ruza qiladi.

Qonunda to‘ylar to‘yxona egalari va to‘ychilar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida o‘tkazilishi, shuningdek u bilan bog‘liq qonunbuzarlikka har ikki tomon birdek javobgar bo‘lishi belgilangan.

To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 kishi va undan ortiq shaxslar ishtirokida o‘tkaziladigan oilaviy tadbirlar uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs va to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Aniq ko‘rsatilmagan.

Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi.

Aniq ko‘rsatilmagan.

Oilaviy tadbirlarda bir nafardan ortiq san’atkorning (guruhning) ishtirok etishi (xizmat ko‘rsatishi) man etiladi.

Sunnat to‘yi

Sunnat to‘yi faqat oila davrasida o‘tkaziladi.

Aniq ko‘rsatilmagan.

Xatna qilish chaqaloq tug‘ilganidan keyingi 20 kun ichida shifoxonada bepul amalga oshiriladi.

Aniq ko‘rsatilmagan.

Hoji to‘y

Hojilarni ziyorat qilish bilan bog‘liq «hojitalbon» va «hojioshi» marosimlari ham bekor qilingan.

Aniq ko‘rsatilmagan.

Motam marosimlari

Janoza namozida ishtirokchilar soni cheklanmagan. Ammo barcha motam marosimlarida («Uchinchi kun», «qirq», «yil») jonliq so‘yish va mehmonlarni ovqatga taklif qilish mumkin emas.

Dafn etish va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno.

«Oshi sari taxta», «dushanbegi», «jumagi», «haft», «bist», «shashmohagi» marosimlari va kelganlarga pul berish odatlari taqiqlangan.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimiz qoidalariga zid bo‘lgan ortiqcha tadbirlarni o‘tkazish man etiladi.

Javobgarlik

Qonun talablarini buzganlarga jarima miqdori taxminan 25 ming somoniydan 50 ming somoniygacha belgilangan.

Nizom hamda tegishli qonun hujjatlari talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

* 2018 yil 30 martda kuchga kirishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring