Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tojikiston prezidenti haqida nimalarni bilamiz?

Tojikiston prezidenti haqida nimalarni bilamiz?

Foto: «Sputnik»

Qardosh va qo‘shni Tojikiston bilan aloqalarimiz uzoq yillar mobaynida qoniqarsiz bo‘ldi. Har ikki mamlakat aholisi o‘rtasida bordi-keldi batamom to‘xtab qoldi. Ahvol shu darajaga bordiki, biz tojikistonliklarni, tojikistonliklar bizni dushman o‘rnida ko‘ra boshladilar. Ammo shunday bo‘lsa-da biz ham, tojikistonliklar ham o‘rtadagi to‘siqlar olib tashlanishini va har ikki mamlakat aholisi bir-birlarinikiga oldingiday bemalol, emin-erkin borib kelsa bo‘ladigan zamonlar kelishini his qilib yashadik. Nihoyat bugun o‘sha biz orzu qilgan zamonlar keldi. Endi har ikki yurt odamlari bir-birlarinikiga hech qanday to‘siqsiz, bemalol borib kela oladilar. Ammo uzoq yillar mobaynida tojikistonliklar mamlakatimizdagi, biz Tojikistondagi o‘zgarishlardan bexabar qoldik. Shu jumladan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon haqida ham aksariyat yurtdoshlarimiz hech narsa bilishmaydi.

Emomali Rahmon (Emomali Sharipovich Rahmonov) 1952 yilda, Ko‘lob viloyatining Dang‘ara tumani Dang‘ara shaharchasida tavallud topgan.

1977 — 1982-yillarda Tojikiston davlat universitetining iqtisod fakultetida o‘qigan. Shundan so‘ng Dang‘ara shaharchasida turli vazifalarda ishlaydi.

1988-yilda Dang‘ara tumanidagi Lenin nomli sovxozga direktor etib tayinlanadi va 1992-yilning noyabr oyigacha shu vazifada ishlaydi.

1992-yilda Tojikiston Oliy kengashiga deputat etib saylanadi.

1992-yilda Tojikistonda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi davrida u ma’lum muddat Ko‘lob viloyatini boshqaradi.

1992-yilning noyabr oyida Xo‘jandda o‘tkazilgan Tojikiston Oliy kengashining shoshilinch sessiyasida u Tojikiston Oliy kengashining raisi etib saylanadi.

1994-yilda Tojikistonda prezident saylovi o‘tkazishi belgilandi. Emomali Rahmon bu saylovda o‘z nomzodini qo‘ydi va 58,7 foiz ovoz bilan xo‘jandlik raqibi Abdumalik Abdullajonovni yengib, mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi.

Emomali Rahmon 1999 va 2006-yillardagi prezident saylovida ham ko‘pchilik ovoz bilan prezidentlikka qayta saylangan.

1999-yilning sentyabr oyida u BMT Bosh assambleyasida bir yilga rais o‘rinbosari etib saylanadi.

2015-yilda u «Tojikiston milliy birlik raisi va millat rahnamosi» deb e’lon qilinadi.

Emomali Rahmonning oilasi serfarzand oila hisoblanadi. Uning bir o‘g‘li va yetti qizi bor.

O‘g‘li Rustam Emomali bugungi kunda Dushanbe shahri hokimi va Tojikiston futbol federatsiyasining prezidenti hisoblanadi.

Emomali Rahmon haqida, uning hayoti va faoliyati haqida o‘nga yaqin kitob yozilgan. Shuningdek, uning o‘zi ham o‘nlab kitoblar muallifi hisoblanadi.

Emomali Rahmon shaxsiyatiga turlicha qarashlar mavjud. Masalan, tanqidchilari uni mamlakatning xamma joyida o‘z hamyurtlari bo‘lgan ko‘lobliklarni ishga tayinlaganlikda yoki mamlakatda to‘y-marosimlarni qisqartirish haqida qaror chiqarib, o‘zi esa o‘g‘li Rustami Emomalini uylantirishda, qizlarini uzatishda dabdababozlik qilganlikda, mamlakatda demokratik qarashlarni batamom yo‘q qilganlikda ayblaydilar. Lekin ko‘pchilik uni fuqarolar urushida falajlangan Tojikistonni o‘sha qiyinchiliklardan olib chiqib keta olgan rahbar sifatida bilishadi.

Unga ikki marta suiqasd uyushtirilgan. Birida u yengil jarohatlangan bo‘lsa, ikkinchisida zarar ko‘rmaydi.

Umuman olganda mustaqillik yillarida Tojikiston ancha qiyin sinovlarni boshidan kechirdi. Fuqarolar urushida vayronagarchiliklar, qurbonlar bo‘ldi. Iqtisodiyot batamom falajlandi. Undan keyin ham turli jangari guruhlar bir Tog‘li Badaxshonda, bir mamlakatning Afg‘oniston bilan chegara hududlarida ko‘targan isyonlar mamlakat uchun og‘ir asoratlar qoldirdi. Ammo Emomali Rahmon ancha sovuqqonlik bilan o‘sha qiyinchiliklarni yenga oldi.

Shuningdek, Tojikiston hududining 93 foizi tog‘lardan iborat ekanligi, mamlakatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yer zaxirasining cheklanganligi, tabiy boyliklarning kamligi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun jiddiy to‘siqlardir. Ammo Tojikistonning har yili kamida 0,5-0,6 foiz iqtisodiy rivojlanib borayotgani tojikistonliklar ancha mashaqqatli va zahmatli mehnat qilayotganini bildiradi. Bunda esa Emomali Rahmon boshchiligida hukumat olib borayotgan iqtisodiy siyosatning ham roli katta.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring