Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida tezkor internet nuqtalari soni oshirildi

Toshkent viloyatida tezkor internet nuqtalari soni oshirildi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyatida 14ta tuman bo‘lib, ular ichida poytaxtga tutashlari bilan birgalikda uzoq tog‘li va chekka hududlar ham mavjud. Ushbu tumanlar aholisiga sifatli telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish «O‘zbektelekom» AK Toshkent filiali aloqachilari zimmasiga yuklatilgan.

Viloyat telekommunikatsiya tarmog‘ini bosqichma-bosqich istiqbolli rivojlantirishni maqsad qilib olgan aloqachilar ayni kunlarda bor kuch va imkoniyatlarini ishga solgan holda astoydil mehnat qilishyapti.

Olib borilayotgan sa’y-harakatlarning dastlabki natijalari ko‘rinib qoldi. Viloyat hududiga 54ta kichik hajmli jami 7002 portga teng Mini MSAN (ATSlar) qurilmalari o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi.

— Ushbu qurilmalarga tumanlar telekommunikatsiya bog‘lamasidan optik tolali aloqa kabellari orqali bog‘lanilyapti. Natijada aloqa tezligi ta’minlanib, iste’molchilarga telefondan tashqari tezkor internet, IPTV kabi qo‘shimcha xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yaratildi, — deydi filial ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i Akmal Madiyev. — Ushbu stansiyalar energiya tejamkorligi, tashqi manbadan avtonom ravishda foydalangan holda maksimal 4 soat davomida uzluksiz ishlashi, bir paytning o‘zida optik portlar orqali yuqori tezlikdagi zamonaviy GPON texnologiyasida aholiga keng polosali internet xizmatlarini taqdim etish imkoniyatiga ega ekanligi bilan ahamiyatli. Stansiyalar orqali chekka hududlardagi telefonlashmagan aholi maskanlarini kamxarjli optik tolali aloqa liniyalari orqali internet xizmatlari bilan ta’minlash mumkin.

Biz mazkur qurilmalar qanday samara berayotgani bilan qiziqib, Quyichirchiq tumani telefon bog‘lamasi boshlig‘i Bobur Abduraimov bilan bog‘landik. Boburning gaplariga qaraganda, tumanning Mevazor mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga o‘rnatilgan 128 portga teng Mini MSANdan bugungi kunda 28 nafar fuqaro IPTV, 82 nafar mijoz internet xizmatlariga ulanib, foydalanyapti.

— O‘n besh nafardan iborat jamoamiz a’zolari bilan bu muhim ishni amalga oshirishda ishtirok etdik, — deydi Bobur Abduraimov. — Stansiyani montaj qilish, kabellarni tortish, yangi stolbalar o‘rnatish ishlari tez va sifatli amalga oshirildi. Bu borada bosh muhandisimiz Baxtiyor Jiyanboyev, elektromontyorlardan Sanjar O‘rinboyev, Ravshan Dihanboyevlarning hissalari katta bo‘ldi. Ayni paytda mutaxassislarimiz Maydontol mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga ana shunday kichik qurilmani o‘rnatishga tayyorgarlik ishlarini olib borishyapti.

Mini MSAN qurilmalari hozirda viloyatning Bekobod, Ohangaron, O‘rtachirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, Piskent tumanlarida sifatli ishlab turibdi. Shuningdek, sinov usulida Zangiota, Toshkent, Qibray, Chinoz, Oqqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, Bo‘ka tumanlarida ham ishlatilyapti. Angren shahri aholisi ham Mini MSAN stansiyalari xizmatlaridan foydalanishyapti. Olmaliq shahar Depo mavzesi va Ipak yo‘li hududlarida, Bekobod shahrining Muqimiy MFYda o‘rnatilgan kichik hajmli stansiyalar orqali hozirgi kunda jami 4000ga yaqin aholiga vDSL, IP-TV hamda yuqori tezlikdagi internet xizmatlari taqdim etilmoqda. Eng asosiysi,  qishloq aholi maskanlarining optik kabel orqali internet xizmatlariga ulanishlariga erishildi.

Abdurashid Abdumo‘minov, «O‘zbektelekom» AK Toshkent filiali direktori:

— Viloyatimiz aholisiga ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish, shuningdek, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholini xizmatlarimiz bilan to‘liq ta’minlashda «Keng polosali tarmoqni rivojlantirish dasturi» asosida ish olib borayotganimiz o‘z samarasini beryapti. Jami 7002 portga teng 54ta kichik hajmli MSAN qurilmalari o‘rnatilib, foydalanishga topshirilganligi ham ana shu dastur ijrosi bilan bog‘liq.

O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida boshlangan bu muhim vazifani amalga oshirishda filialimiz mutaxassislari bilan birgalikda joylardagi tuman telefon bog‘lamalari aloqachilari ham jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilishdi. Hali oldimizda yanada ulkan marralar turibdi. Biz joriy 2018-yilda yana 25 ta Mini MSAN qurilmalari o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Va bu ishni amalga oshirish orqali viloyatimizdagi har bir tuman aholisi xizmatlarimizdan bahramand bo‘lishlariga erishmoqchimiz.

Viloyatimiz aholisiga, agar joylarda telefon, internet, IPTV xizmatlari sifati haqida e’tirozlari bo‘lsa, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi (+99870-2021084)ga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini yana bir bor eslatib qo‘ymoqchiman.

Alisher Xudoyberganov, filial texnik direktori:

— O‘rnatgan qurilmalarimizdan hozirgacha 4000 nafarga yaqin abonent foydalanyapti. Albatta, qurilmalarni o‘rnatish bilangina ish bitmaydi, yaratilgan imkoniyatlar haqida aholini xabardor qilish ham muhim masalalardan biri. Qurilma o‘rnatilsa-yu odamlar bilmasa, katta mablag‘ evaziga o‘rnatilgan stansiya yetarli foyda keltirmaydi. Biz qurilmalar o‘rnatilganidan va uning imkoniyatlaridan aholini xabardor qilish maqsadida joylardagi mahalla fuqarolar va qishloq fuqarolar yig‘inlari faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik, aholi gavjum joylarga, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklariga ushbu stansiyalardagi xizmatlardan foydalanish yuzasidan kichik e’lonlar joylashtirdik. Bu ishlarimiz o‘z samarasini uzoq kuttirmadi. O‘zlari uchun yaratilgan imkoniyatdan xabar topgan mahalliy aholi xizmatlarimizdan foydalanish haqidagi arizalari bilan kela boshladilar.

Bugungi kunda mijozlarimiz tomonidan internet, IP-televideniye xizmatlariga talab ko‘proq bo‘lib, bir paytning o‘zida yuqori tezlikdagi internet xizmatlariga ham ulanishyapti. Biz kelgusida ular talabini inobatga olgan holda ish yuritamiz. Zero, xalqni rozi qilish oliy maqsadimiz.

Muborak Mirkamolova, «Xabar» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring