«U xuddi saraton kabi xatarli…» – Prezident Erdo‘g‘on insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan illat haqida

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on dunyoda islom diniga nisbatan asossiz ayblovlar hamda bo‘htonlar atayin tarqatilayotganini xavotirli holat deb baholadi. Bu haqda Anqara shahrida o‘tkazilayotgan islomofobiya hamda OAV faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjumandagi ma’ruzasida so‘zladi.
Turkiya yetakchisiga ko‘ra, islom diniga nisbatan dushmanlarcha munosabat Bosniya va Gersegovinadan tortib Myanmaga qadar – sayyoramizning turli hududlarida ro‘y bergan fojialarga doyalik qildi.
«11-sentyabr voqealaridan keyin AQSh hukumati «musulmonlarni yomonotliq qilish» strategiyasini amalga oshirishga kirishdi. Bu esa o‘zi shundoq ham islomga qarshi nafrat urug‘i sochilgan ko‘plab jamiyatlarda aksilislom kayfiyati kuchayishiga olib keldi», – dedi prezident Erdo‘g‘on.
Qayd etilishicha, ayrim G‘arb yetakchilari hali ham islomga qarshi nafratni kuchaytirish borasida o‘zaro musobaqalashmoqdalar. Yaqinga qadar pana-pastqamda bo‘lgan aksilislomiy ruhdagi radikal oqimlar bugun siyosat sahnasida bemalol javlon urmoqda. Bu esa o‘ta xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Islomofobiya G‘arbda xuddi saraton kabi tarqalib borayotganini qayd etgan Erdo‘g‘on muqaddas islom dinini obro‘sizlantirishga urinayotgan arboblar aslida o‘z millati kelajagiga bolta urayotganini ta’kidladi.
Turkiya yetakchisi butun dunyodagi sog‘lom fikrli siyosatchilar, ziyolilar, OAV xodimlari hamda diniy ulamolarni islomofobiya nomli xastalikka qarshi kurashda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undadi. Chunki butun insoniyatning tinch-osuda hayot kechirishi ana shuni taqozo etadi.
Keyingi yillarda dunyo miqyosida islomga qarshi dushmanlik kayfiyati kuchaymoqda, muqaddas dinni yomonotliqqa qilishga urinishlar avj olmoqda. Musulmon olamida yetakchi davlatlardan biri sanalgan Turkiya rahbariyati islomofobiyaga qarshi murosasiz kurashib kelmoqda. Xususan, 2019-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasida 74-sessiyasida nutq so‘zlagan prezident Erdo‘g‘on Yangi Zelandiyadagi masjidga hujum uyushtirilgan 15-mart sanasini Islomofobiyaga qarshi xalqaro birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etgan edi.
Turkiya rahbari o‘tgan yili Fransiya rahbari Emmanuel Makronning islom dini xususidagi munozarali bayonotiga ham keskin tanqidiy munosabat bildirgan, «islom inqiroz holatida» degan iddaoni hurmat chegaralarini buzish, ochiq provakatsiya deb baholagan edi.
Avvalroq Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on, Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammad hamda Pokiston hukumati rahbari Imron Xon BMT Bosh assambleyasining 74-sessiyasi doirasida uchrashib, islomofobiyaga qarshi kurash maqsadida hamkorlikda telekanal ta’sis etish rejasini e’lon qilgan edi.
Anqara shahrida o‘tkazilgan islomofobiya hamda OAV faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda nutq so‘zlagan «Anadolu» axborot agentligi bosh direktori Serdar Karago‘z ham islomofobiyaga qarshi maxsus dasturlar yaratilishi haqida ma’lum qilgan.
Kuzatuvchilar 2001-yil 11-sentyabr voqealari ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya musulmon davlatlarida harbiy operatsiyalar olib borgach islomofobiya kuchayganini ta’kidlaydilar. Yevropadagi irqchilik holatlarini monitoring qilish markazi tadqiqotlariga ko‘ra, ko‘hna qit’ada masjid va islomiy markazlarga hujum, musulmonlarni, xususan, hijobli ayollarni tahqirlash, ishga qabul qilish va ta’lim tizimida diskriminatsiya kabi holatlar ko‘paymoqda.
Dunyoning turli chekkalarida ro‘y berayotgan voqealar islomofobiyaga qarshi zo‘rlik bilan kurashish nainki befoyda, balki zararli ham ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bois jaholatning ushbu ko‘rinishiga qarshi ma’rifat bilan – axborot maydonida sog‘lom fikrlar bilan kurashish talab etilmoqda.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter