Vaqt mashinasi: PAZikdan shaxsiy avtomobillargacha
Ijtimoiy tarmoqlarda, tanishlar orasida va katta yoshli insonlar suhbatida tez-tez bir gapga duch kelamiz: «Ilgari odamlarda mehr-oqibat kuchli edi, bir-birinikiga mehmonga borsa, tunab qolishardi. Hozir esa hamma shoshgan, hech kim hech kimnikida tunab qolmaydi, oqibat yo‘qolib ketyapti». Aslida esa, bugun ham jigarlar, qarindoshlar va do‘stlar bir-birlarini yo‘qlab turishibdi. Uchrashuvlar faqat to‘y yoki boshqa kattaroq ma’rakalar bilan cheklanib qolgani yo‘q, oddiy kunlarda ham choyxonalar, gap-gashtaklar va oilaviy tashriflar davom etmoqda...
Maqola mehr-oqibat haqida emas
O‘tgan asrning 60–80-yillarida, ayniqsa qishloq joylarda hayot bugungidan butunlay farq qilgan. U davrlarda odamlarning bir joydan ikkinchi joyga borishi avtobuslar vaqtiga bog‘liq edi. Masalan, biz yashagan qishloqdan Samarqand shahriga ham, Jizzaxga ham ertalab bittadan avtobus qatnar, kechqurun qishloqqa qaytardi. Ya’ni uzoqroqda yashaydigan yaqiningizni ko‘rish uchun yo‘lga chiqdingizmi, demak, butun kuningizni yo‘lga bag‘ishlashga majbur edingiz.
Qishloq va tumanlarga o‘sha mashhur, kichikroq, sariq rangli PAZ avtobuslari silkinib yursa, shaharlararo uzoq masofalarga oq rangli, orqa tomonidan dvigatelning kuchli ovozi va issig‘i chiqib turadigan yirik LAZ avtobuslari qatnardi. Bugungidek telefon orqali taksi chaqirish, yo‘lda mashina to‘xtatib ketaverish imkoniyati umuman bo‘lmagan. Shaxsiy avtomobili bor insonlar esa qishloqlarda barmoq bilan sanarli edi. Bor mashinalar ham har kuni taksichilik qilib, odam tashiydigan ulov emas, balki asrab-avaylab miniladigan vosita edi. Jurnalist Sergey Kanunnikovning «Xochu mashinu!» nomli tadqiqotida mashina sotib olish uchun navbat bir-bir yarim yilni, ayrim hollarda esa 3-5 yilni tashkil etgan. Tarixchi Lyuis Sigelbaum o‘zining «Cars for Comrades» («O‘rtoqlar uchun mashinalar») nomli mashhur kitobida avtomobil sotib olish uchun navbat muddati sohalar va odamlarning ijtimoiy mavqeiga qarab to‘rt-olti yilgacha, ba’zan esa undan ham uzoqroqqa cho‘zilganini qayd etadi. Chunki zavoddan chiqqan avtomobillarning hammasi ham aholi uchun sotuvga chiqarilmasdi. Masalan, 1966–1970 yillarda SSSRda 1 million 400 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ulardan atigi 445 mingtasigina fuqarolarga sotish uchun ajratilgan, qolgan qismi esa davlat tashkilotlari, korxonalar, armiya va chet el eksportiga yo‘naltirilgan.
Mashina olish imkoniyati insonning ish joyiga, kasaba uyushmasidagi faolligiga bevosita bog‘liq edi. Ishlab chiqarish ilg‘orlari, konchilar, qishloq xo‘jaligi rahbarlari va fan-madaniyat arboblari uchun alohida imtiyozli navbatlar mavjud bo‘lgan va avtomobilning o‘ta taqchilligi jamiyatda ulkan yashirin bozor, «chayqovchilik»ni yuzaga keltirdi. Odamlar navbatsiz, tanish-bilish orqali va to‘g‘ridan-to‘g‘ri pora berish evaziga mashina sotib olishning ming xil noqonuniy yo‘llarini o‘ylab topishgan.
O‘sha davrda avtomobilning hashamat hisoblanishiga yana bir sabab, uning narxi oddiy mehnatkashning maoshiga nisbatan haddan tashqari yuqori bo‘lganligidir. Masalan, 1970 yilda ommaviy ravishda ishlab chiqarila boshlagan va xalq orasida «kopeyka» nomini olgan «Jiguli» avtomobili 5,5 ming rubl turgan. O‘sha davrda mamlakatdagi hashamat ulov hisoblangan yangi «Volga» (GAZ-24) esa qariyb 9 ming rublga baholangan.
Vaholanki, 1970 yilda SSSRda o‘rtacha oylik ish haqi atigi 122 rublni tashkil etardi. Ya’ni o‘rtacha maosh oluvchi fuqaro eng arzon mashinani sotib olishi uchun bir kamida 45 oylik daromadini hech narsaga sarflamasdan, to‘liq jamg‘arishi kerak edi. Shu sababli, ko‘plab insonlar asosiy ishidan tashqari, rasmiy statistikada ko‘rinmaydigan norasmiy mehnat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishgan. Uy ta’mirlash, tikuvchilik, avtomobillarni xususiy sozlash kabi yashirin xizmatlar odamlarga mashina uchun mablag‘ yig‘ish imkonini berardi.
Shu bilan birga, mashina sotib olgan ayrim «uddaburon» odamlar uni 2-3 yil haydab, bozordagi taqchillikdan foydalangan holda, davlat narxidan ikki barobar qimmatga qayta sotish orqali yaxshigina mablag‘ga ega bo‘lishgan. «Za rulyom» jurnali o‘sha davrda bunday chayqovchilarni keskin tanqid qilib, ular uchun avtomobilga navbatda turish yagona daromad manbaiga aylanib qolganini yozgan.
O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, shaxsiy transport ulushi yanada kam bo‘lgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1977 yilda respublikada har 1 000 kishiga atigi 16 ta shaxsiy avtomobil to‘g‘ri kelgan. 1985 yilga kelib bu ko‘rsatkich 36 taga yetgan bo‘lsa-da, bugungi kundagi ko‘rsatkichlar oldida bu juda past raqamlar edi.
1991 yilda mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, iqtisodiyotning boshqa sohalari qatori transport tizimida ham yangi davr boshlandi. O‘zbekiston o‘z mahalliy avtomobil sanoatiga asos solishni davlat darajasidagi muhim vazifa qilib belgiladi. 1992 yilda Janubiy Koreyaning «Daewoo» kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi va 1994 yilda Andijon viloyatining Asaka shahrida zamonaviy zavod qurilishiga kirishildi.1996 yildan boshlab ilk mahalliy avtomobillar — Nexia, Tico va Damas modellari chiqa boshladi. Bu voqea nafaqat iqtisodiy, balki juda katta ijtimoiy burilish edi. Yillar davomida ushbu avtomobillar ma’lum bir ijtimoiy qatlamlarning tirikchilik manbaiga aylandi. Xorijda ishlab pul topib kelgan qishloqlik yigit bitta Damas sotib olib, yillar davomida oilasini kam-ko‘stsiz boqa oldi. Ishsiz qolgan shaharlik oila boshlig‘i mabodo qiyinchilikka duch kelsa, hech bo‘lmasa Matiz yoki Nexia olib, kirakashlik orqali ro‘zg‘or tebratdi.
Biroq, sohadagi monopoliya, sun’iy ravishda yaratilgan taqchillik va korrupsion «shapka» tizimi xaridorlarni juda katta qiyinchiliklarga duchor qildi. Odamlar mashina sotib olish uchun avtosalonlarga oldindan pul to‘lab, oylab, hatto yillab navbat kutardilar. Shartnoma olish uchun minglab dollar «shapka» berish oddiy holga aylangan edi. Hatto kassaga to‘lov qilish uchun rasmiy kurs va «qora bozor» kursi o‘rtasidagi farq tufayli xaridorlar mashinaning asl bahosidan 30 foizdan ortiq zarar ko‘rishgan. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan avtomobil sanoatidagi ushbu tizim qattiq tanqid qilinib, keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgandan keyingina vaziyat tubdan o‘zgardi. Korrupsion sxemalar yo‘qotilib, shartnoma olish to‘liq shaffof, onlayn tizimga o‘tkazildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston avtomobilsozlik sohasida tarixiy yuksalish davrini boshdan kechirmoqda. «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ishlab chiqarish hajmini yiliga 1 million donaga yetkazish maqsad qilingan.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2026 yilning yanvar–avgust oylarining o‘zida O‘zbekistonda 310 389 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu 2025 yilning mos davridagi 284 352 taga nisbatan sezilarli darajada ko‘pdir.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga, ya’ni aholiga tegishli bo‘lgan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan avtotransport vositalarining umumiy soni 4 982 516 donani tashkil etgan. Ularning asosiy qismini, ya’ni 4 618 719 tasini yengil avtomobillar tashkil qiladi.
Aholining turmush darajasi oshgani sayin uy xo‘jaliklarining avtomobil bilan ta’minlanganlik darajasi ham tubdan o‘zgardi. Agar 2010 yilda mamlakatimizda har 100 ta uy xo‘jaligiga (oilaga) o‘rtacha 21 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025 yil yakunlariga ko‘ra 61 taga yetdi. Bu so‘nggi 15 yil ichida oilalardagi shaxsiy avtomobillar soni o‘rtacha 3 baravarga ko‘payganini anglatadi. Hozirgi kunda aksariyat xonadonlarda ikkita yoki uchtalab mashina borligi hech kimni hayratlantirmaydi. Transport tizimining rivojlanishi, shaxsiy avtomobillarning hammabop bo‘lishi va sun’iy to‘siqlarning yo‘qolishi odamlarning yashash tarzini butunlay o‘zgartirdi. Endilikda bir viloyatdan ikkinchisiga borish uchun oldindan reja tuzish, ertalabki birgina avtobusga kechikishdan, uyga qaytishda avtobusga ulgurmay qolishdan qo‘rqib yashash davri ortda qoldi. Avvallari ulov tanqisligi tufayli qarindoshlarnikiga olti oy, bir yilda borgan bo‘lsak, endi shaxsiy mashinamiz borligi tufayli katta tadbirlarni kutib o‘tirmaymiz, xohlasak ikki oyda bir, xohlasak bir oyda ikki marta qisqa fursatlik diydor uchun bo‘lsa ham yo‘lga chiqish imkoniyatiga egamiz....
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter