Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yolg‘on ustiga yolg‘on, firib ustiga firib...

Yolg‘on ustiga yolg‘on, firib ustiga firib...

Illyustrativ surat

Karim Salimov (ism-familiyasi o‘zgartirildi) o‘ttizdan hatlaganiga ko‘p  bo‘lgani yo‘q. Shu yoshida olti marta (!) sudlanib ulgurgan. Birinchi marta sudlanganida hali yigirma oltiga to‘lmagan edi.

O‘shanda firibgarlikda ayblangan K.Salimovning joniga Amnistiya akti oro kirgandi. Oradan bir yil o‘tib, yana shu jinoyatga qo‘l urdi, bu safar ham qonunlarimizdagi insonparvarlik tamoyillari sabab naq jazodan qutulib qoldi. Oradan ikki yil o‘tib, yana-tag‘in ketma-ket firibgarlikka qo‘l urdiki, qonundagi yengilliklarda «haqi qolmagani» bois ozodlikdan mahrum etish jazosiga loyiq ko‘rildi. Shundan keyin ham qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarsa, qani?!

Yo‘q, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtanishini qo‘ymas ekan: tayinlangan jazoni o‘tab chiqasola «eski hunari»ni yana takrorladi. Natijada yana «ichkari»ga ravona bo‘ldi... Xullas, qilmishlariga monand sudlanishi ham bir-biriga ulanib,  tayinlangan jazoni o‘tab yurgan paytida unga yana bir marhamat ko‘rsatildi: oxirgi tayinlangan jazo — 4 yil ozodlikdan mahrum etish jazosining o‘talmay qolgan 2 yil 7 oy 18 kunlik  muddati oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlariga almashtirildi...

Ne tongki, unga buyam kor qilmadi. Yana jinoyatga qo‘l urdi. Yana firibgarlik jinoyatiga... Avvaliga tog‘asi Sh.Shermatovga tegishli chorvachilik fermer xo‘jaligining ekin maydoni o‘ziga tegishli ekanini aytib, 800 000 (sakkiz yuz ming) so‘m evaziga K.Mamatqulovga «ijaraga» beradi. Kelishuvga muvofiq, K.Salimov «ijaraga bergan» ekin maydoni uchun mineral o‘g‘it yetkazib berishi kerak edi, bungayam pul oladiyu amalda hech narsa qilmaydi. Shunga qaramay yolg‘on ustiga yolg‘on, firib ustiga firibni davom ettiraveradi. Endi K.Mamatqulovni laqqa tushirib, tog‘asiga tegishli qoramollar o‘ziniki ekaniga ishontiradi va  ikki bosh buzoqni unga  to‘rt millon so‘mdan ko‘proqqa baholab, sotib yuboradi...

Tog‘a-ku, jiyanining bunday qiliqlariga chidar, tishini tishiga bosishi mumkin. Biroq sodda-bayov K.Mamatqulov-chi? Yerga bergan puliga kuydi, o‘g‘itga bergan puliyam havoga uchdi. Endi  ikki bosh buzoqning puligayam tushsinmi?! Yo‘q, bunaqasi ketmaydi: tegishli organga murojaat qildi.

Natijada Karim Salimov yettinchi bor (!) sudning qora kursisiga o‘tirdi. Jazo qonun doirasida tayinlagan bo‘lsa-da, ilgarigiga qaraganda og‘irroq tuyulishi mumkin. Biroq bundan boshqa chorayam yo‘q-da: hadeb jinoyatga qo‘l uraverganga nisbatan muruvvat ko‘rsatilavermaydi, axir?!

Inomjon Olimov,
 Oltiariq tumani IIB huzuridagi
 Tergov bo‘limi tergovchisi,
leytenant

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring