Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amir Temur haqida fransuz kitoblari

Amir Temur haqida fransuz kitoblari

«Gumbaz ostidagi asosiy xonaga qadam qo‘ydik. U yerda nomi jahonga mashhur Fotih – Temurning qabri turardi. Xona devorlariga son-sanoqsiz naqshlar tushirilgan feruza toshlar yopishtirilgan bo‘lib, janubi-g‘arb tomon yo‘nalgan ustun Makkani ko‘rsatib turardi».deb yozadi fransuz adibi Jyul Vern «Klodius Bombarnak» romanida.

Ma’lumki, dunyoga mashhur fransiyalik yozuvchi Jyul Vern (1825 – 1905) O‘rta Osiyoga umuman tashrif buyurmagan. Biroq uning 1892 yilda nashr etilgan romani xuddi Samarqandga kelib ketgan sayyoh taassurotidek tuyuladi. Romanda Amir Temur haqida yana ko‘plab ma’lumotlar, shuningdek, Samarqanddan tashqari Marv, Marg‘ilon, Buxoro va Toshkent to‘g‘risida qiziqarli voqealar badiiy-tarixiy uslubda yoritilgan.

Jyul Vern nomi «Havo sharida besh hafta», «Yer markaziga sayohat», «Yerdan oygacha», «Kapitan Grant bolalari», «Oy atrofida», «O‘n besh yoshli kapitan», «Suzib yuruvchi orol», «Barsak ekspeditsiyasining ajoyib yutuqlari», «Ostin-ustin» singari qissa, romanlar orqali dunyo kitobxonlariga tanish bo‘lib, shular ichida «Kloduis Bombarnak» alohida ajralib turadi.

Xo‘sh, O‘rta Osiyoga kelmagan fransuz adibi Amir Temur va uning vatani haqida qanday qilib haqqoniy tasavvurga ega bo‘ldi?

Tarixdan ayonki, sohibqiron Amir Temur (1336 – 1405) markazlashgan davlat tuzib, vatanimizni mo‘g‘ullar istibdodidan xalos qildi. Shuningdek, turk sultoni Boyazidni mag‘lubiyatga uchratishi Yevropada sohibqiron nomini mashhur qilib yubordi. Shundan so‘ng Yevropa davlatlarida Amir Temurga nisbatan qiziqish uyg‘ondi. Hozirgi kunda Parijdagi Milliy Arxivda 4 ta mashhur xat saqlanadi. Ular Amir Temurning Fransiya qiroli Sharl IV ga, farang hukmdorining esa sohibqironga yo‘llagan javobi va Mironshohning uch nasroniy qirolga yuborgan maktublaridir. Ushbu xatlar Temuriylar davlati va Fransiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar to‘g‘risida tasavvur beradi. Shu xat orqali axborot almashuvi keyinchalik farang zamini tadqiqotchilari e’tiborini tortdi va ular Amir Temur hamda uning davlati to‘g‘risida asarlar yozishdi.

Sanktiyonning «Buyuk Temur tarixi» (1677), R.Marganning «Temur tarixi» (1739) S.Muradja de Oxsonning «Chingizxondan Temurgacha mo‘g‘ullar tarixi» (1852), J.De Rialning «Markaziy Osiyo haqida xotiralar» (1875), X.Mozerning «Markaziy Osiyo bo‘ylab» (1885), X.Moranvillening «Temur va uning saroy ahli xotiralari» (1894), E.Bloshening «Temur qabrtoshidagi bitiklar» (1897), De Kruazeiyening «Temuriylar davrida Samarqand yodgorliklari» (1891), J.Kapyuning «Temur saltanati bo‘ylab» (1892), Ujfalvi-Burdoning «Parijdan Samarqandga» (1880), E.Galluaning «Temur poytaxtiga sayyohat» (1898), I.Blonning «Markaziy Osiyoga sayohat» (1893), I.Morelning «Samarqand yodgorliklari» (1909) asarlari shular jumlasidan.

Parij, Lion va Lil shaharlarida chop etilgan mazkur asarlar Yevropa tarixshunosligi uchun yangilik edi. Tabiiyki, Jyul Verndek ilmiy sarguzasht janrda asarlar bitadigan adib yuqoridagi asarlardan o‘qib o‘rgandi va shu asosda «Klodius Bombarnak» romanini yozdi. U o‘zidan oldingi davrdagi va zamondoshlarining asarlaridan unumli foydalandi. Shuningdek, bu paytda chorizm O‘rta Osiyoni zabt etib, Yevropa matbuoti chop qilgan maqolalardan ham Vern janoblari xabardor edi. Bularning barchasi XIX oxirida dunyo kitobxonlariga Amir Temur vatanini dunyoga qayta tanitishda Jyul Vernning hissasi katta bo‘lganini ko‘rsatadi.

«Registon maydoni chorsu shaklida qurilgan. Maydonning uchala tomonida bolalarga diniy bilimlar beruvchi uchta madrasa qad ko‘tarib turibdi. Samarqandda 17 madrasa va 85 ta machit bo‘lgan ekan. Madrasa binolari bir-biriga juda o‘xshab ketadi. Qayoqqa qaramang, sarg‘ish va ko‘kish rangga bo‘yalgan g‘ishtlardan terilgan va arab yozuvi uslubida bitilgan jimjimador bezaklarga ko‘zingiz tushadi. Dunyoda bundan chiroyli rang bo‘lmasa kerak...»

«...Tengi yo‘q go‘zal Samarqandning qayeriga bormang, bir-biridan go‘zal hashamatli binolari kishini maftun etadi. Men bir muxbir sifatida Temur maqbarasini ko‘rmasdan ketishni istamasdim. Go‘r-Amir maqbarasi menim tasavvurimdagidan ham ko‘ra bashangroq, ya’ni ulug‘vorroq ekan. U xuddi eroniylar sallasiga o‘xshab ketuvchi feruza gumbazi bilan o‘z jamolini ko‘z-ko‘z qilib turardi. Gumbaz ostidagi asosiy zalga qadam qo‘ydik. U yerda jahonga mashhur Fotih – Temurning qabri turardi. Chiroyli yozuvlar bitilgan qora yashm (nefrit) toshi qo‘yilgan bu qabrda XIV asr Osiyo tarixida ism-sharifi dong taratgan xoqon Temur suyaklari to‘rttovlon o‘g‘illarining qurshovida yotardi. Zalning devorlariga ham son-sanoqsiz naqshlar tushirilgan firuza toshlar yopishtirilgan bo‘lib, janubi-g‘arb tomon yo‘nalgan ustun Makkani ko‘rsatib turardi...»

 Romanda shu kabi vodiy, xususan, Qo‘qon va Marg‘ilonga doir voqealar xam yoritilgan: «Marg‘ilon nufusi oltmish kishi, iqlimi kishi salomatligi uchun zararli bo‘lgan Qo‘qon emas, Marg‘ilon Farg‘ona vodiysining rasman poytaxti. Kamina 15 oy Qo‘qon garnizonida xizmat qildim. Afsuslar bo‘lsinkim, siz o‘z osiyocha qiyofasini to‘la saqlab qolgan bu shaharga kela olmaysiz. Siz bu yerda butun Osiyoda tengi yo‘q go‘zal yerlarni, balandligi yuz metr bo‘lgan tepalikka qurilgan mahobatli Xudoyorxon saroyini, unda avvalgi hukmdorlardan qolgan, o‘zbek ustalari yasagan zambraklarni ko‘rishingiz mumkin edi. Bu saroy bekorga me’moriy mo‘’jiza deyilmas ekan. Xorijliklar sof sharqona mehmonnavozlik bilan kutib olinadigan qirmizi rang zallarni va maftunkor me’moriy tasvirlarni, rang-barang naqshinkor ichki hovlini, shahar va uning atrofi kaftdek ko‘rinib turadigan ayvonlarni; binolarning jimjimador old ko‘rinishlariyu, ajoyib ishkomlar va tok zangidan hosil bo‘lgan supachalarni ko‘rib, hang-mang bo‘lib, ularni tasvirlashga har qanday kishining tili lol qolishi turgan gap».

Roman qahramoni – «XX asr» fransuz gazetasining muxbiri Klodius Bombarnak butun yo‘lni poyezdda o‘tib, o‘z gazetasiga barcha ko‘rgan-kechirganlarini yetkazib turadi. Ma’lumki, ushbu roman yaratilgan paytda temir yo‘l faqat Samarqandgacha yotqizilgan edi. Jyul Vern fantast adib sifatida yo‘lni xayolan Pekinga qadar olib boradi. Safar davomida esa ko‘rganlarini mufassal tasvirlab o‘z gazetasiga yuborib turadi. Jyul Verndek mashhur adib garchi O‘rta Osiyoga umuman kelib ko‘rmagan bo‘lsa-da, Yevropada chop etilgan tarixiy asarlar va gazetalarda berib borilgan maqolalardan bizning vatanimiz to‘g‘risidagi maqolalarni teran tahlil qilgan holda, ulardan o‘z romanida unumli foydalanadi.

Xullas, Amir Temur zamonidayoq va undan so‘nggi davrda fransuz tarixshunoslari sohibqiron to‘g‘risida asarlar bitib, Yevropa temurshunosligida katta o‘zgarish yasashdi. Keyingi davrda esa Fransuz temurshunosligini yuqori cho‘qqiga chiqargan tadqiqotchi Lyusen Kerendir.1921 yili Fransiyaning Strasburg shahrida tug‘ilgan Keren janoblarining asl kasbi ekolog, tuproqshunos bo‘lib, u ma’lum muddat mobaynida yangi yerlarni o‘zlashtirish va melioratsiyalash tufayli atrof-muhitning o‘zgarishini tekshirish bilan shug‘ullangan. 1961 yili u xizmat safari bilan Mirzacho‘lga kelgan.

 Aynan Lyusen Keren e’tiborini jalb etgan omil ham Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi natijasida atrof muhitga zarar yetmasmikan, bu holat ekologik xavf-xatarni keltirib chiqarmasmikan degan tashvishlar edi.

 Keren janoblari kuzatuvlarini tugallab, Mirzacho‘ldagi sharoit bilan tanishgach, Samarqandda bo‘ladi va bu yerdagi ayniqsa Amir Temur va temuriylar davridagi me’moriy tarixiy obidalar, sohibqiron to‘g‘risidagi rivoyatlar uni hayratga soladi. Natijada ana shu hayrat qiziqishga aylanib keyingi hayotini temurshunoslikka bag‘ishladi. Hatto, ekolog, tuproqshunos kasbini o‘zgartirib tarixchiga aylandi. Mirzacho‘l safaridan so‘ng u Bayrut universitetining tarix fakultetida tahsil oladi.

Yevropada sohibqiron to‘g‘risidagi turli asarlarni o‘rganib, tadqiq qilib taqqosla,b 1978, 1986 yillarda «Temur hoqon saltanati» nomli dunyoga mashhur monografiyasini nashr qildiradi. Uning sa’y-harakati bilan Parijda 1987 yili «Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi» tashkil etiladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishib Fransiyada elchixona ochilgach, bu assotsiatsiya maqomi o‘zgarib, «Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish fransuz-o‘zbek madaniy hamkorligi uyushmasi»ga aylantirildi, «Temuriylar» nomli jurnal chop etila boshlandi. Uyushma raisi va jurnal bosh muharriri L.Keren 1996 yil 10 aprelda prezident Islom Karimov farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.

Kerendan tashqari J.Ubenning «Temur shaharlarni qanday olardi», «Chig‘atoy xonligi va Xuroson», J.P.Runing «Temur», «Bobur», V.Furniyening «Markaziy Osiyo tarixi», «Samarqand 1400 – 1500: Temur poytaxti 6 saltanat va Uyg‘onish yuragi», J.L.Bake Gramonning «Ulug‘bek –   astronomiya sultoni» kabi ilmiy-ommabop risolalari, Amin Malufning «Samarqand» (Parij, 1990), Milena Nokovichning «Samarqandda yoqqan oltin yomg‘ir» (Parij, 1994) romanlari yaratildiki, bularning barchasi Fransiyada temurshunoslik ravnaq topganini ko‘rsatadi.

Umid Bekimmetov,

tadqiqotchi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring