Ukrainada urush boshlanganiga 4 yil to‘ldi. Yevropaning zamonaviy tarixidagi eng yirik va qonli to‘qnashuv
Bugun, 24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochganiga to‘rt yil to‘ldi. 2022-yilning shu kunida boshlangan harbiy harakatlar Yevropaning zamonaviy tarixidagi eng yirik va qonli to‘qnashuvga aylanib, millionlab insonlar taqdirini o‘zgartirib yubordi.
Ukrainadagi urush 1461 kundan buyon davom etmoqda, bu Rossiyaning Ulug‘ vatan urushidan 43 kun ko‘p, yana 107 kundan so‘ng davomiyligi bo‘yicha Birinchi jahon urushidan o‘tib ketadi.
Oradan to‘rt yil o‘tdi, vaziyat esa murakkabligicha qolmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy o‘z chiqishlarida Ukraina taslim bo‘lmasligini va xalqaro hamjamiyatdan, xususan AQShdan harbiy yordam kutayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, 2025-yil oxiridan beri AQSh vositachiligida tinchlik muzokaralariga urinishlar kuzatilmoqda, biroq hozircha tomonlar kelishuvga erishgani yo‘q.
Bugun BMT Xavfsizlik kengashi va Yevropa parlamenti urushning to‘rt yilligi munosabati bilan maxsus yig‘ilishlar o‘tkazishi kutilmoqda. Parij, Riga va boshqa yirik shaharlarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida tinchlik marshlari bo‘lib o‘tmoqda. Yevropa Ittifoqi esa Ukrainaga yangi moliyaviy yordam paketlarini ajratish va Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
To‘rt yildan buyon davom etayotgan urush nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlik tizimini ham sinovdan o‘tkazmoqda.
Urush qurbonlari
Ukrainadagi urush qurbonlari bo‘yicha aniq va rasmiy yagona raqam yo‘q, chunki tomonlar o‘z yo‘qotishlarini to‘liq ochiqlamaydi. Biroq xalqaro tashkilotlar va mustaqil tahlilchilar quyidagi ma’lumotlarni taqdim etmoqda:
Tinch aholi (fuqarolar)
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra:
- Halok bo‘lganlar: Kamida 15 172 kishi (bu faqat tasdiqlangan holatlar, real son bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin).
- Yaradorlar: 41 378 nafardan ortiq kishi.
- Bolalar: Urush oqibatida kamida 763 nafar bola halok bo‘lgan.
Harbiy yo‘qotishlar (taxminiy hisob-kitoblar)
Xalqaro tadqiqot markazlari (xususan, CSIS) va ekspertlarning 2026-yil fevral holatidagi taxminlari:
Ukraina: Prezident Vladimir Zelenskiy 2026-yil fevral oyi boshida 55 000 nafar ukrainalik askar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Mustaqil tahlilchilar (CSIS) esa halok bo‘lgan harbiylar soni 140 000 gacha bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Rossiya: CSIS hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya harbiylari orasida halok bo‘lganlar soni 325 000 nafarga yetishi mumkin. Umumiy yo‘qotishlar (yaradorlar va bedarak ketganlar bilan birga) 1,2 milliondan ortiq deb baholanmoqda.
Umumiy manzara
To‘rt yillik urush davomida ikkala tomondan halok bo‘lgan, yaralangan va bedarak yo‘qolgan harbiylarning umumiy soni 1,8 million kishiga yaqinlashgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, 70 000 ga yaqin inson (harbiy va tinch aholi) bedarak ketganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Iqtisodiy zarar
Reuters xabariga ko‘ra, Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun keyingi o‘n yil ichida 588 milliard dollar kerak bo‘ladi.
Jahon banki, BMT, Yevrokomissiya va Ukraina hukumati 23-fevral kuni bergan qo‘shma bayonotga ko‘ra, bu miqdor o‘tgan yilgi prognozga nisbatan 12 foizga ko‘pdir. Xarajatlarning oshishi qisman zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan energetika infratuzilmasi hajmining 21 foizga o‘sgani bilan bog‘liq. Ta’kidlash joizki, ushbu tadqiqotga joriy yilning yanvar va fevral oylaridagi vayronagarchiliklar kiritilmagan.
Urush boshlanganidan beri beshinchi marta o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainaga yetkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar 195 milliard dollarga yetdi. «Zarar ko‘lami juda katta va o‘sishda davom etmoqda», — deyiladi hisobotda. Vayronagarchiliklar asosan front oldi hududlari va yirik megapolislarda, jumladan, Kiyevda kuzatilmoqda.
Xabarga ko‘ra, Ukrainada uy-joy fondining 14 foizi shikastlangan yoki vayron bo‘lgan. Faqatgina turarjoylarni tiklash uchun taxminan 61 milliard dollar talab etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter