Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Toshkenboyev: «Ta’limning sifati o‘qituvchining sifatidan oshib keta olmaydi»

Ulug‘bek Toshkenboyev: «Ta’limning sifati o‘qituvchining sifatidan oshib keta olmaydi»

Foto: «Xabar.uz»

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilganiga 16-noyabrda bir yil to‘ladi. Inspeksiya oldiga qo‘yilgan vazifalarni qay darajada uddalamoqda yoki faqat nazorat organiga aylanib qoldimi? Inspeksiya boshlig‘i Ulug‘bek Negmatovich Toshkenboyev bilan suhbatimiz shu xususda.

— Ulug‘bek Negmatovich, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?

— Bu savolga ham ha, ham yo‘q, deb javob beraman. Inspeksiya o‘tgan bir yil davomida to‘liq shakllandi, faoliyatini yo‘lga qo‘yib oldi. Safimizni xorijda ta’lim olgan, ta’lim tizimini chuqur tushunadigan yosh malakali kadrlar bilan to‘ldirishga qaratdik. Bu borada tasdiqlangan «yo‘l xarita»siga asoslanib rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishga va shu asosda faoliyatimizni amalga oshirishga kirishdik.

Shu maqsadda, Janubiy Koreyaning ta’lim vazirligi hamda ta’lim tizimiga taalluqli bo‘lgan barcha tashkilotlari faoliyati o‘rganildi, inspeksiya xodimlarining Yevropa, Janubiy Osiyo va boshqa davlatlarda malakasi oshirildi. Jumladan, xodimlarimiz Koreyaning ABEEK — muhandislik dasturlari bo‘yicha akkreditatsiya kengashi, KEDI — Koreya ta’limni rivojlantirish instituti, KCUE — Koreya universitetining ta’lim kengashi, KUAI — Koreya universitetlarining akkreditatsiya instituti va KRIVET — Kasb-hunar ta’limi bo‘yicha tadqiqot instituti, Fransiya ta’lim vazirligining inspeksiya xizmatida o‘z malakalarini oshirishdi va bilimlarini mustahkamlashdi.

Rossiya Federatsiyasining maorif vazirligi (Rossiyada oldingi Fan va ta’lim vazirligi ikkiga: Maorif vazirligi hamda Fan va oliy ta’lim vazirligiga bo‘lingan) va Rossiya Fanlar akademiyasi ta’limni rivojlantirish strategiyasi instituti bilan hamkorlikda xalqaro dasturlarda ishtirok etish, pedagog kadrlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish dasturi bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Rossiya Federatsiyasining Ta’lim va fan sohasida nazoratni amalga oshirish davlat xizmati bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, PISA dasturida qatnashish, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish (nostrifikatsiya) mexanizmini yanada soddalashtirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarini akkreditatsiya qilish sohasida tajriba almashish, ta’lim natijalarini baholashning milliy tizimini yaratish va xalqaro baholash dasturlarini amalga oshirishda hamkorlik qilish, bu jarayonlarga Rossiyadan tajribali ekspertlarni jalb qilish to‘g‘risida kelishib olindi.

— Ma’lumki, hamkorlik yo‘nalishidagi har qanday loyihalar moliyaviy manbalar hisobiga amalga oshiriladi? Bu borada ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Albatta, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yo‘nalishga solib olish oson bo‘lgani yo‘q. Birinchi navbatda, ta’lim sifatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish maqsadida xalqaro tashkilotlar — Jahon banki, IHTB, YuNISEF, YuNESKO, OTB va boshqalar bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi.

Xususan:

  • maktab o‘quvchilarining savodxonlik va bilim darajasini aniqlash bo‘yicha xalqaro dasturlarga qo‘shilish (PISA, TIMSS, PIRLS, LANA);
  • ta’lim sektori strategiyasi ishlab chiqildi (YuNISEF, Jahon banki);
  • hamkorlikda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi;
  • ta’lim tizimida yagona elektron ma’lumotlar tizimini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda (EMIS dasturi);
  • ta’lim sifatini ta’minlash tizimini takomillashtirish va xalqaro ta’lim sifatini ta’minlash agentliklari (ENQA – Yevropa ta’lim sifatini ta’minlash assotsiatsiyasi)ga a’zo bo‘lish;
  • xalqaro reyting agentliklari (QS — Quacquarelli Symonds Limited va THE Times Higher Education) bilan hamkorlik olib borilmoqda.

Bu ishlar to‘liq hamkor xalqaro tashkilotlar grant mablag‘lari asosida amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

— Inspeksiyaning asosiy faoliyatlaridan biri — bu ta’lim muassasalari attestatsiyasi va davlat akkreditatsiyasini o‘tkazish hisoblanadi. Bu yo‘nalishdagi ishlarning holati qanday?

— Haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi 515-sonli qaroriga asosan idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish vazifasi inspeksiyaga yuklatilgan.

Davlat inspeksiyasi tashkil etilgandan buyon 20 ta oliy ta’lim muassasasida ta’lim sifati kompleks o‘rganildi, 1987 ta umumta’lim muassasasi attestatsiyadan o‘tkazildi, 20 721 nafar talaba va 450 000 dan ziyod o‘quvchilar o‘zlashtirish darajasi (bilimi) baholandi, 35 000 ga yaqin talaba, pedagog va ish beruvchilarning fikri so‘rovnoma orqali o‘rganildi.

Ushbu jarayonlarni samarali, tizimli va sifatli o‘tkazish maqsadida xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, barcha ta’lim turlari bo‘yicha ta’lim sifati indikatorlari ishlab chiqildi va attestatsiya jarayonlari soddalashtirildi.

Xorijiy tajribalarga asoslangan holda oliy ta’lim muassasalarida ichki attestatsiya (o‘zini o‘zi baholash) tizimi joriy etildi va har bir OTM tarkibida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari shakllantirildi. OTMda ta’lim sifatini baholash bo‘yicha ichki attestatsiyani tashkil etish va bu jarayonni ob’yektiv va shaffof olib borish mazkur bo‘limlarning asosiy vazifasi etib belgilandi.

O‘z navbatida, ta’lim muassasasida ta’lim sifatini mustaqil ichki baholash tizimini yaratish bo‘yicha hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda. Inspeksiyaning ta’lim vazirliklaridan, OTMdagi boshqa tuzilmalardan mustaqilligi uning hech bir to‘siqlarsiz to‘laqonli ish olib borishiga imkon yaratmoqda. Tashqi attestatsiya jarayonlariga hamda oliy ta’lim muassasalarining reytingini shaffof aniqlashda inspeksiyaning OTMlardagi bo‘limlari yaqindan yordam bermoqda.

Hozirgi kunga qadar barcha oliy ta’lim muassasalari reja asosida o‘rganilmoqda. Oltita oliy ta’lim muassasasi attestatsiyadan o‘tkazildi va 14 ta OTMda ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar kompleks o‘rganildi. O‘rganishlarda asosiy me’yor sifatida ish beruvchilar fikri va talabalar bilimlarining davlat ta’lim standartlari, talablari va malaka talablariga muvofiqligiga e’tibor qaratildi.

37 ta bakalavriat yo‘nalishi (28,7 foiz), 13 ta magistratura mutaxassisligi (30 foiz) attestatsiyadan o‘tmadi. Bir yildan keyin ham qayta attestatsiyadan o‘ta olmagan yo‘nalishlar yopiladi.

Attestatsiya jarayoniga 129 ta bakalavriat yo‘nalishi va 44 ta magistratura mutaxassisligi jalb qilingan. Natijalarga ko‘ra, 37 ta bakalavriat yo‘nalishi (28,7 foiz) va 13 ta magistratura mutaxassisligi (30 foiz) attestatsiyadan o‘tmadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi 21-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan OTM bilan «yo‘l xaritalari» tuzilib, bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi va shunda ham o‘tmagan yo‘nalishlar yopiladi.

Shu kungacha respublikamizdagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasi shartli ravishda o‘tdi. Oliy ta’lim muassasalarini o‘rganish va attestatsiya natijalari yuzasidan 20 ta muassasa bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilgan bo‘lib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha doimiy monitoring olib borilmoqda.

O‘rganish va attestatsiya natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 20 dan ziyod mas’ul xodimlar o‘z lavozimidan ozod etildi. Har bir tekshiruv natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotnomalar Prezident Administratsiyasiga, Vazirlar Mahkamasiga hamda tegishli vazirliklarga kiritib borilmoqda.

2018-yilning oxiriga qadar yana 8 ta oliy ta’lim muassasasini attestatsiyadan o‘tkazish belgilangan.

So‘nggi yillarda ta’lim tizimida shiddat bilan ro‘y berayotgan islohotlar va o‘zgarishlar, ya’ni xorijiy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma fakultetlar va dasturlar tashkil etilganligi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarining qayta joriy etilganligi, masofaviy o‘qitishga, nodavlat ta’lim xizmatiga keng yo‘l ochilganligi, maktabgacha ta’lim tizimidagi tubdan yangi islohotlar ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash jarayonini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda.

Unga ko‘ra, mutlaqo yangi tizim taklif qilinib, attestatsiya jarayonlari 2 kungacha qisqartiriladi (amaldagi tartibda 10 kun edi) va jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ichki va tashqi attestatsiya o‘tkazilib, umumta’lim muassasalari bevosita o‘zini o‘zi baholashda ishtirok etadi.

— Ta’lim sohasida muammolar ko‘pligi hammamizga ayon, ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

— Avvalo, bu boradagi eng dolzarb muammolardan biri ishlab chiqarish bilan integratsiyaning yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, kadrlar tayyorlovchi muassasalar bilan buyurtmachilar o‘rtasida aloqalarning sustligi va raqobat muhitining to‘laqonli shakllanmaganligi hisoblanadi.

Ikkinchidan, ilmiy salohiyatning pastligi, talaba-yoshlarni ilmga yo‘naltirish ishlarining sustligi, ularda mustaqil izlanuvchanlik va ijodkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda professor-o‘qituvchilarning zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash malakasi talab darajasida emasligidir.

Uchinchidan, malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimining hozirgi kun talablariga javob bera olmasligi (professor-o‘qituvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha malaka oshirish tizimining mavjud emasligi, malaka oshirishning bilvosita shakllarining (seminar, konferensiyalar, tadqiqotlarda qatnashish) tan olinmasligi, xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilmaganligi).

Bir haqiqatni tushunib yetish vaqti keldi: ta’limning sifati o‘qituvchining sifatidan oshib keta olmaydi.

Inspeksiya tomonidan malaka oshirish institutlari va markazlari faoliyati o‘rganilganda, bu borada ko‘plab kamchiliklar aniqlandi. Joylarda ularni bartaraf qilish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilmoqda. Bir haqiqatni tushunib yetish vaqti keldi: ta’limning sifati o‘qituvchining sifatidan oshib keta olmaydi. Hozirda dars o‘tayotgan pedagoglarning ilmiy salohiyati va pedagogik mahorati innovatsion rivojlanish talablariga javob beradigan kadr tayyorlash imkonini bermaydi.

To‘rtinchidan, ta’lim tizimida yagona markazlashgan elektron ma’lumotlar tizimi mavjud emasligi bu sohadagi boshqaruv qarorlarini kam samaradorligiga sabab bo‘lmoqda va ta’lim tizimi boshqaruvida ortiqcha byurokratiya, qog‘ozbozlik va sansalorlikni keltirib chiqarmoqda.

Endi takliflarga to‘xtalsam. 

Tashkil etilayotgan qo‘shma fakultetlar va ta’lim dasturlari doirasida nafaqat oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, balki professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va universitetning ilmiy salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda ishlar olib borish lozim.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, ya’ni malaka oshirishning kechki, sirtqi va masofaviy shakllarini rivojlantirish, o‘quv reja va dasturlarini mustaqil ekspertizadan o‘tkazish mexanizmini joriy etish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha malaka oshirish hamda xalqaro hamkorlik asosida qo‘shma malaka oshirish kurslarini tashkil etish, malaka oshirishning bilvosita shakllarini tan olish va rivojlantirish, qisqa muddatli va mavzuli-tematik kurslarni tashkil qilish, o‘qitishning kredit-modul shakliga o‘tish, kreditlar yig‘ilib borilishi va tan olinishini ta’minlash zarur.

Ta’limga nafaqat iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash sifatida, balki O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qarash vaqti keldi.

Mahalliy oliy ta’lim muassasalarining eksport salohiyati va xalqaro darajada jozibadorligini oshirish zarur. Bu esa, o‘z navbatida, oliy ta’lim tizimida mavjud «o‘sish nuqtalari»ni aniqlash, ularni xalqaro reytinglarda o‘rin olishiga har tomonlama ko‘maklashishni talab etadi. Ta’limga nafaqat iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash sifatida, balki O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qarash vaqti keldi.

Shuningdek, mustaqil ta’lim olishni tashkil etish tizimini xorij tajribasi asosida qayta ko‘rib chiqish va OTMlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash zarur.

— Inspeksiyaga faoliyatni litsenziyalash va xorijiy oliy o‘quv yurtlari tomonidan berilgan hujjatlarni nostrifikatsiyalash ishlari yuklangan. Bu borada yillar davomida talay muammolar to‘planib qolgani hech kimga sir emas.

— To‘g‘ri ta’kidladingiz, litsenziyalash va nostrifikatsiyalashda muammoli masalalar juda ko‘p. Ularga asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, yechim topilmoqda. Ana shu muammolarning kompleks yechimi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3276-sonli qarori qabul qilingan.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mazkur faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish maqsadida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi soddalashtirildi.

Natijada qisqa muddat ichida 515 ta nodavlat maktabgacha ta’lim, 85 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim, 199 ta nodavlat maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, 567 ta kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash nodavlat o‘quv markazlari hamda 2 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasiga faoliyat yuritishi uchun litsenziya berildi.

Shu kunga qadar, dunyoning 50ga yaqin davlatlarida ta’lim olib kelgan jami 12310 nafar fuqaroning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’limga tegishli hujjatlari nostrifikatsiyalandi va nostrifikatsiya guvohnomalari rasmiylashtirib berildi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, 7663 ta oliy (diplomli mutaxassis) ma’lumot to‘g‘risidagi ta’lim hujjati, 781 ta magistr darajasidagi ta’lim hujjati, 2312 ta oliy bakalavr darajasidagi ta’lim hujjati va 1554ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi to‘g‘risidagi hujjat nostrifikatsiyalandi.

Umuman, inspeksiya faoliyatini boshlagan davrdan buyon jami 692 nafar fuqaroning ta’lim hujjati tan olingan va nostrifikatsiyalangan bo‘lib, shundan 193 ta ta’lim hujjati to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) nostrifikatsiyalangan. Jumladan, 38 ta oliy (diplomli mutaxassis), 47 ta magistrlik, 562 ta bakalavrlik va 45 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risidagi hujatlar nostrifikatsiyalangan.

2018-yil avgust oyidan boshlab fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida respublikamizda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali arizalar qabul qilish tizimi joriy qilindi.

Mazkur tizimga asosan ariza berilgan kundan boshlab 15 kun ichida hujjatlarni maxsus ekspertizadan o‘tkazish va fuqaroga davlat xizmatlari orqali xulosani yetkazish, belgilangan maxsus sinovlarni qabul qilish va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarga nostrifikatsiya guvohnomalarini berish tizimi joriy qilingan.

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalashda taqdim etiladigan hujjatlar soni amaldagi 5 tadan 2 taga kamaytirildi. Ya’ni, bugungi kunda ariza beruvchi faqatgina diplom va uning ilovasi nusxasi, davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasini va belgilangan davlat yig‘imi to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov kvitansiyasini taqdim etadi, xolos.

Abdug‘ani Abdurahmonov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring