Gretsiyada issiq sabab ochiq havodagi ishlar cheklandi
Gretsiyadagi kuchli issiq havo sababli bugun soat 13:00 dan 17:00 gacha ochiq havoda bajariladigan ayrim ishlar vaqtincha taqiqlandi.
Mamlakat Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligining ma’lum qilishicha, mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati keskin ko‘tarilishi kutilmoqda.
Xodimlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Markaziy Yunoniston, Fessaliya, Peloponnes yarimoroli hamda poytaxt Afina joylashgan Attika mintaqasida qurilish, kema ta’mirlash zavodlar, kurerlik xizmati kabi ochiq havoda amalga oshiriladigan ishlar soat 13:00-17:00 oralig‘ida to‘xtatiladi.
Shuningdek, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan, yoshi katta va homilador xodimlar kabi xavf guruhiga kiruvchi ofis xodimlariga uydan turib ishlashga ruxsat berildi.
Gretsiya Milliy meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 19-iyuldan buyon mamlakatda davom etayotgan issiqlik to‘lqini ta’sirida bugun, ko‘plab hududlarda havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘ladi. Fessaliya viloyatida esa harorat 43 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Bundan tashqari, Krit oroli, Peloponnes yarimoroli va Janubiy Egey orollari boshchiligidagi qator hududlarda kuchli issiq bilan birga Sahro cho‘lidan kelayotgan chang to‘zonlari ham kuzatilishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter